“Daryo” “Chernobil” seriali va uning atrofidagi bahslarni yoritishda davom etadi.

Ko‘p odamlar tushunchasda AES xavfli va bunga Chernobilni misol qilishadi. Aniq bo‘lmagan statistik ko‘rsatkich bilan vahima qilishadi. Ammo Chernobil fojiasi tarixdagi birinchi va oxirgi AES halokati emas. Quyida energetika bo‘yicha ilmiy tadqiqotchi Sarvar Qurbonov tarixdagi eng yirik AES halokatlariga qisqacha to‘xtalib o‘tadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

1949-yil 3-mart, “Mayak” kombinati, Chelyabinsk viloyati, Rossiya. Daryoga avariya tufayli radioaktiv chiqindilar oqizib yuborilishi natijasida 41 ta yashash punktidagi aholi radiatsiyadan kasallanishi kuzatilgan.

1952-yil 12-dekabr. Kanadaning Chok-River shaharchasiga CANDU reaktorini boshqarishda xatolik tufayli boshqarib bo‘lmaydigan zanjir reaksiyasi yuzaga kelib, reaktor erib ketgan. Buning oqibatida radiatsiya tarqalgan va yerga og‘ir radiatsiyalangan suv oqib chiqib ketgan.

“Mayak” kimyo kombinati.
Foto: Google Photos

1955-yil, Aydaxo shtati, AQSh. Tajriba jarayonida inson omili tufayli EBR-1 reaktorining 40 foizi erib ketgan. Odamlarda AESlar qurilishiga qarshi kayfiyat paydo bo‘lmasligi uchun zarar va talafot hozirgacha ochiqlanmaydi.

1957-yil, Buyuk Britaniya, Uindskley yadro tatqiqotlar markazi. Texnik reglament buzilishi oqibatida jahondagi juda katta texnogen avariya sodir bo‘lgan. Bu avariya oqibatida 8 tonna uran yoqilg‘isi yonib ketgan, Atlantika okeaniga va atmosferaga taxminan 20000 Ki radioaktiv chiqindi tashlangan. Zararlanish radiusi 520 kvadrat kilometrni tashkil etgan. Aniqlangan o‘limlar soni – 39 ta. Chernobil bilan solishtirganda ko‘lami katta.

1957-yil 29-sentabr, “Mayak” kimyo kombinati, Chelyabinsk viloyati, Rossiya. Avtomatik sovutish tizimi buzilishi oqibatida radioaktiv chiqindi saqlanadigan beton omborda portlash sodir bo‘lgan va radiatsiya tarqalgan. Radiatsion qoldiqlar 217 ta aholijoyga yetib borgan. Ko‘lami bo‘yicha katta avariyalar sarasiga kiradi.

Foto: Google Photos

1961-yil, AQSh. HTRE grafit sekinlashtirgichli reaktori taqqiqot markazi, Vashington shtati, Richland shahri, AQSh. Ish rejimida buzilish bo‘lib, tabiatga radioaktiv chiqindi tashlangan. Bundan oshiq ma’lumot juda qattiq sir tutiladi, chunki shu yillarda AQShda atom energetikasi katta tezlikda rivojlanib, u xavfsiz degan targ‘ibot vositasida ish olib borilayotgan edi.

1961-yil, SL-1 tajriba reaktori, Aydaxo shtati, AQSh. Xodimlar aybi bilan ish rejimi buzilgan va katta miqdorda radiatsion chiqindilar chiqarib yuborilgan, uch kishi joyida halok bo‘lgan. Bu ham o‘ta katta talafotlardan hisoblanadi, ammo tafsilotlarning ko‘p qismi sir tutiladi.

1966 yil, Fermi AES, Laguna-bich, Michigan shtati, AQSh. Uskunalar o‘z vaqtida ishlamasligi ortidan issiqlik tashuvchi kanal yopilib qolgan, natijada faol zona, ya’ni yoqilg‘i yonish kamerasi qisman erigan. Buning oqibatida radioaktiv chiqindi AES hududidan chiqib ketgan.

1968-yil, Lusens AES, Shveysariya. Uskunalar to‘g‘ri ishlamagani va issiqlik tashuvchi kanal korroziyaga uchrab, yopilib qolishi oqibatida radioaktiv chiqindilar tashqariga chiqqan, bu faol zona erishiga sabab bo‘lgan.

1969-yil, Sen Loren AES, Fransiya. Avariya promzonadan tashqariga chiqish xavfi bor hisoblangan va bir yilga to‘xtatib qo‘yilgan. Bunga sabab reaktorda yoqilg‘i almashtirish jarayonidagi xatolik bo‘lib, u reaktor ichiga to‘kilib ketgan. Reaktorda portlash sodir bo‘lib, tashqi muhitga radiatsiya tarqalgan.

Foto: Google Photos

1971 yil, Norsens-Steyts-Pauer reaktorlari, Minnesota shtati, AQSh. Suv saqlash va tindirish ombori to‘lib qolgani natijasida 2000 litr og‘ir radioaktiv suv Missisipi daryosiga chiqib ketgan, aniqlanmagan qanchadir qismi San-Paulo shahri suv ta’minotiga qo‘shilib ketgan.

1979-yil 28-mart, Tri-Mayl-Aylend AES, 900 MVt, Pensilvaniya shtati, AQSh. Ko‘lami bo‘yicha Chernobildan keyingi halokat hisoblanadi. “Chernobil” filmidagi kabi qurilish loyihasi xatosi bo‘lgani sababli qattiq sir tutilgan. Chunki aholi orasida bu xavfsiz atom deb tashviqot olib borilgan. Issiqlik tashuvchi yo‘qolishi oqibatida faol zona qurishi va erishi yuzaga kelgan. Avariya oqibatida radioaktiv mahsulotlar va chiqindilar atmosferaga chiqarib yuborilgan. Bu juda qisqa ta’rif, ammo fojia Chernobildan ham yomon bo‘lgan: radioaktiv moddalar chiqishi kech aniqlangan va hodisa juda qattiq sir tutilgan. Aholini majburiy emas, ixtiyoriy ko‘chirish amalga oshirilgan. Personal qattiq ishlab, hech qayerga ketmay, avariya sabablari va yechimini topgan va uni bartaraf qilgan. Ushbu avariya talafoti boshqa shtatlargacha yetib borgan. Ammo shu vaqtda o‘nlab AES loyihalari faol bo‘lgani bois sir saqlangan, negaki haqiqat oshkor bo‘lsa, “xavfsiz atom” ta’rifiga zid loyihalarga mablag‘ ajratilishi to‘xtashi mumkin edi.

1981-yil, Suruga AES, Yaponiya. Radiatsiya faol zonadan chiqishi natijasida 56 ishchi og‘ir dozada radiatsiyalangan, 278 ishchi esa avariyani bartaraf qilishda kichik dozalar olgan.

1982-yil, Djina AES, PWR reaktorli, 490 MVt, Nyu-York shtati, AQSh. Parogenerator trubalarida avariya sodir bo‘lib, radioaktiv bug‘ havoga ko‘tarilgan. Zararni aniqlash imkoni bo‘lmagan.

1983-yil, Toronto AES, Kanada. AESda avariya tufayli 20 tonna radioaktiv suv tabiatga chiqib ketgan, talafot ko‘lami to‘la aniqlanmagan va ochiqlanmagan.

1986 yil, Kerr-Mak-Ji AES, Oklaxoma shtati, AQSh. Bu ham ochiqlanmagan va talafot miqyosi yashirib kelinadigan avariya. Yoqilg‘i silindri portlab ketgan, bir kishi o‘lgan, yuzlab odam shifoxonaga og‘ir tan jarohatlari bilan yotqizilgan. Talafot raqamlari aniq berilmagan.

1986-yil 26-aprel, Chernobil AES, Kiyev viloyati, Ukraina SSR. AES 4-blokida portlash tufayli katta texnogen fojia sodir bo‘lgan. Portlash ishchilar tajriba olib borishda xatoga yo‘l qo‘ygani bois sodir bo‘lgan. Avariya oqibatida 190 tonna radioaktiv modda tashqariga chiqqan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 31–300 kishi radiatsiyalangan. 160 ming kvadrat metr joy zararlangan. 400 ming odam ko‘chirilgan.

1986-yil may oyi, Shimoliy Reyn AES, Germaniya. Bug‘ quvurlaridagi avariya tufayli og‘ir radiatsiyalangan bug‘ havoga ko‘tarilgan.

Mavzuga oid:

“Portlash ehtimoli yo‘q”. “Chernobil” seriali, haqiqat, mas’uliyat va insoniyat haqida

“Kinoni reallikka qorishtirmaylik”. Mutaxassis “Chernobil” seriali va O‘zbekistondagi atom energetikasi istiqbollari haqida

Biz AES qurilishiga qarshi emasmiz, lekin… “Atomchi”larning bir noto‘g‘ri talqini haqida

Shamolmi, atommi? Yana AESlar va ekologik energiya haqida

1986-yil 23-iyun, Tokiaimura yadro majmuasi, Yaponiya. Yoqilg‘i plutoniy sizishi oqibatida 12 kishi, shu jumladan, MAGATE vakillari radiatsiyalangan.

1991-yil 11-oktabr, Chernobil AES, Kiyev viloyati, Ukraina SSR. 2-blokdagi generator birdan o‘chishi natijasida tarmoqda vodorod portlashi evaziga turbina zali tomida yong‘in sodir bo‘lgan va 3,5 soatda bartaraf etilgan. Avariya talafoti promzonadan chiqmagan.

1999-yil 30-sentabr, AESlar uchun yoqilg‘i tayyorlash zavodi, Yaponiya. Xodimlar aybi bilan yoqilg‘ida zanjir reaksiya sodir bo‘lib, 17 soat davom etgan, buning oqibatida 439 kishi radiatsiyalangan, 119 kishi og‘ir, me’yordan ortiq, uch kishi o‘ta og‘ir radiatsiyalangan, bir kishi halok bo‘lgan.

2002-yil 15-noyabr, Mixamo AES. Sovutish tizimidagi nosozliklar tufali radioaktiv og‘ir suv sizib chiqqan va bu uch kun davom etgan. 3-reaktor qo‘lda o‘chirilib, avariya bartaraf qilishga kirishilgan, ammo tabiatga va promzona hududidan tashqariga radioaktiv suv kam miqdorda tarqalib ulgurgan.

Foto: Google Photos

2004-yil 9-avgust, Mixamo AES. 3-reaktor turbinasidagi avariya tufayli kuchli radioaktiv par 200 daraja haroratda chiqqan va xizmatchilardan to‘rt nafari ish joyida halok bo‘lgan, 18 nafari qattiq jarogatlangan.

2008-yil, Flyoryus AES, Belgiya. Davlat o‘z atom energetikasi xavfsizligini sinash uchun tajriba o‘tkazishi vaqtida radioaktiv yod atmosferaga chiqarib yuborilgan. Bu katta avariya emas. Belgiyada yettita AES bo‘lib, shu kungacha o‘ndan ortiq avariya sodir bo‘lgan. Deyarli hech qaysi promzonadan tashqariga chiqmagan va avariya talafoti chetda kuzatilmagan.

2011-yil 11-mart, Fukusima-1 AES, Yaponiya. Yer qimirlashi va ketidan sunami kelishi natijasida elektr ta’minotida uzilish bo‘lgan va buning oqibatida sovutish tizimi ishlashdan to‘xtagan. Sovutish tizimi ishlamagan 1, 2, 3-reaktorlarning faol zonasi erigan, oqibatda radioaktiv chiqindilar tabiatga chiqishi kuzatilgan.

Xulosa qilib aytganda, xavf-xatar doim bor, agar xavfdan qo‘rqsak AES dan 40 barobar zarari ko‘proq IES ham ishlatmasligimiz kerak. Avariyalarni tahlil qilsangiz, eng demokratik va rivojlangan davlatlarda sodir bo‘lgan va ular vahima qilib yubormagan. Buning sababi esa, energiyasiz iqtisodni va odamlar yashash sharoitini ko‘tarib bo‘lmaydi.

P.S.: Xavflilik darajasi jihatidan kimyoviy zavodlarimiz ham ortda qolmaydi va hozirgacha betalofat ishlab kelyabdi.

Sarvar Qurbonov tayyorladi.

От qwert.uz