Andijon viloyati hokimligi vakillari ijtimoiy himoyaga muhtoj olti nafar sex ishchisiga yangi qurilayotgan kottejlardan sovg‘a sifatida bittadan berilishini ma’lum qilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning may oyida Andijonga tashrifi vaqtida ishchilardan faqat bir nafariga kottej sovg‘a qilingan. Tashrifdan so‘ng viloyat hokimligi mas’uli talabiga ko‘ra, qolgan besh nafar ishchi yangi qurilayotgan to‘rt qavatli uylardan xonadon ajratish va’da qilingan holda kottejlardan ko‘chirilgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi
Ushbu masalani o‘rgangan Bosh prokuratura viloyat hokimligi mutasaddilari besh nafar ayolga kottej berilishini va’da qilib, ulardan bu haqda OAVga intervyular olinishiga erishib, kottejlarga ularni uy egasi sifatida kiritib qo‘yib, biroq yakunda ularga kottej ajratmasdan, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilganini aniqlagan edi.
“Ko‘zbo‘yamachilik” tufayli kottej ololmagan tikuvchi Muyassarxon Rahimova bilan “Daryo” muxbiri o‘tgan vaqt mobaynida jabrdiyda ayollarga qanday munosabatda bo‘lingani, kottej o‘rniga ko‘p qavatli uy berish ishlari qay darajada ketayotgani haqida suhbat qurdi. Muloqot davomida Muyassarxon Rahimova Rossiyaga bir umrga ko‘chib ketish niyati borligini aytib o‘tdi.
— Tikuvchilik sexiga ishlash uchun chiqmay qo‘yibsiz. Hozirda nima ishlar bilan bandsiz?
— Yaqin kunlarda ishlagani Rossiyaga ketyapman. Ko‘p qavatli uy berilishiga ham 100 foiz ishonmayman. Qachon uy kaliti qo‘limga tegadi, uyga kirib o‘tiraman, hujjatlarni ko‘raman, keyin ishonaman. Hozir bu yerda ishlab ko‘rishning hojati yo‘q. Trikotajlarda arzimagan oylikka ishlashga to‘g‘ri keladi. Topganimni bolalarimning yeb-ichmog‘iga ham yetkaza olmayman.
— Rossiyada ham o‘ziga yarasha tartiblar bor. U yerga borib, ish topib ishlab ketishingizga qanchalik ishonchingiz bor? Shu yerda ham ishlab, pul topish mumkin-ku?
— Rossiyaning Moskva shahrida opalarim ishlaydi. Bittasi savdo bilan shug‘ullanadi, birisi esa kafeda ishlaydi. O‘zbekistondan ko‘ra u yerda oyliklar ancha baland bo‘lgani uchun ilojsiz, ketyapman. Qani edi shu yerda ham oyliklar ro‘zg‘orga yetgulik bo‘lsa, jon deb ishlab qolgan bo‘lar edim. Tikuvchilik, oshpazlik, savdogarlik qo‘limdan keladi. Rus va o‘zbek tillarini bilaman. Shu yerda ishlagan oylik maoshim 3 nafar bolamning yeb-ichishiga va uy-joy qilishga yetmaydi, deb o‘ylayman. O‘zbekiston sharoitida oyiga ko‘pi bilan 2 million so‘m topishim mumkin. Yeb-ichish, yo‘lkira va boshqa xarajatlar shuning ichida. O‘zimning xarajatlarim, bolalarimning yeb-ichishiga 1,5 million so‘m ketsa, 500 ming so‘mdan yig‘ib borsam, qachon uy olaman? Rossiyada esa xarajatlardan tashqari 500 dollar topsa bo‘ladi.
— O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan taklif qilingan sexdagi ishni nima uchun rad etmoqdasiz?
— O‘zimning hisobim bo‘yicha, sexda kuniga 70–100 ming so‘m atrofida ishlashim mumkin edi. Ikki smenada ishlagan kunlarim undan ham ko‘p topganman, deb o‘ylagandim. Sakkiz oy davomida 1 million 800 ming so‘m bilan qoldim. Shuning uchun, bu yerda ishlashning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Sexda ishlaganlarning birortasi ro‘shnolik ko‘rmadi. Ishlaganlarning oyligini talon-toroj qilishdi. “Birinchi to‘lovga o‘tyapti, ish haqinglardan ushlab qolyapmiz”, deyishdi. Lekin bilishimizcha, boshlang‘ich to‘lov davlat tomonidan qoplanadi. Oylik ish haqimizni olib qolishga hech kimning haqqi yo‘q ekan. Vazirlar Mahkamasida ishlaydigan Nodir, Ravshan aka ham, Tanzila Norboyeva ham “bosh to‘lovni davlat qilib bersa, sizlardan pul ushlab qolishga ularning haqqi yo‘q-ku”, deb aytgandi. Sexga yana borib ishlashning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Boshqa ayollar ham u yerda ishlashdan bezdi.
— Uch nafar voyaga yetmagan farzandingiz bor. Siz Rossiyaga ishlashga ketsangiz bolalarning ahvoli nima kechadi?
— Shuni juda ko‘p o‘ylayapman. Otasiga tashlab ketishni ham o‘yladim. Lekin men bu ishni qilmayman. Bola parvarishlovchi enaga topdim. Oyiga 200 dollardan ishlarkan. Bolalarni bog‘chaga olib borib, olib kelib, qarab turadi. Shunga tashlab ketmoqchiman. Hozircha farzandlarimning sog‘lig‘i yaxshi. Eng kichik farzandim tutqanoq bo‘lardi, hozir bo‘lmayapti. Ikkita bolamni tashlab, eng kichigini — ikkiga hali to‘lmagan, uchinchi farzandimni o‘zim bilan olib ketmoqchiman.
— Hayotning turli to‘siqlariga uchragan, boshidan ko‘p savdolarni o‘tkazgan siz kabi ayollarga oldidagi sinovlarni yengib o‘tish uchun O‘zbekistonda imkoniyat bor, deb o‘ylaysizmi?
— Menimcha, yo‘q. Qo‘llab-quvvatlaydigan hech narsa yo‘q. Masalan, men qayerga borsam yolg‘onga duch keldim. Besh yil turmush o‘rtog‘im bilan yolg‘onda yashadim. O‘sha yolg‘ondan chiqib, yana undan-da katta yolg‘onga duch keldim. Farzandlarimni qanotim ostida katta qilay deb, hammasini yengib o‘tishga o‘zim yolg‘iz harakat qilyapman. Otasidan ayrilgani yetadi, onasidan ham ayrilib qolmasin. Mehrga zor qilib o‘stirmaslikka harakat qilib keldim. Lekin hech qayerdan ko‘mak bo‘lmadi. Bolalar uchun beriladigan yordam puliga chiqdim, berishmadi. “Kel, yordam qilay, manavi ishni qil”, degan odamni ko‘rmadim. Turmushimdan ajrashayotgan vaqtimda ham Xotin-qizlar qo‘mitasidan yordam so‘ragandim. Ular “uy-joy qilsang, yashab ketaverasan”, deyishdi. Uy qilish kerak ekan, shuncha ayol qilyapti, O‘zbekistonda ishlab uy olsa bo‘lar ekan, degan fikrda ishga kirgandim. Lekin menga O‘zbekiston hech nima bermadi deb o‘ylayman. Rossiyada ishlab, o‘rnashib olganimdan so‘ng bir umrga ko‘chib ketish niyatim bor. Akalarim ham o‘sha yerning fuqaroligini olgan. Men ham fuqarolik olmoqchiman. O‘zbekistondan hech nima kutmay qo‘ydim. Yolg‘on, yolg‘on va yana yolg‘on, xolos.
Muyassar Rahimova.
Kadr: “O‘zbekiston 24”
— Bosh prokuratura Andijon viloyati hokimligi mutasaddilari Prezident tashrifi vaqtida ehtiyojmand ayollarni kottejga kiritib, ularni uy sohiblari sifatida ko‘rsatib, keyin uylardan chiqarib yuborilishini “ko‘zbo‘yamachilik” deb topdi. Siz bu ishni nima deb baholagan bo‘lar edingiz?
— Bilmadim, nima deb baholashga ham hayronman. Nimagaki, shu ishlarning boshida turganlar nogironlar, yetimlar, aldangan ayollarning haqqini yeyishdi, ularni yana bir marta aldashdi. Bu — vahshiylik. Bundan boshqa narsa emas.
— Suhbatlarimizning birida avval ham Rossiyaga borib, ishlab kelganingiz haqida aytgandingiz. U yerda sizga o‘xshab qiynalgan ayollarga munosabat qanday?
— Avvalambor, ular insonni eshitishni biladi. Ayniqsa, farzandlari bor ayollarga katta imkoniyatlar berib, qo‘llab-quvvatlashadi. Masalan, bola tarbiyasida uyda o‘tirgan ayollarga katta miqdorda bola puli beriladi. Men uch farzand ko‘rib, O‘zbekistonda biror marta bola puli olganim yo‘q. Nechta joyga uchradim, harakat qildim, uyda o‘tirgan paytimda ham qiynaldim, ololmadim. Keyin o‘zim mehnat qilib, chevarchilik orqasidan pul topib, farzandlarimni boqishga harakat qildim. Ajrashmagan vaqtimda ham turmush o‘rtog‘im pul bilan ta’minlamasdi. Har bir oilada bo‘lgani kabi o‘ziga yarasha bizning xonadonda ham qiyinchiliklar bo‘lardi. O‘zbekistonda yashab ketish qiyin, yuragingiz temir toshdan bo‘lsa, yashab ketasiz. Ozgina yengilsangiz, sizni ezg‘ilab tashlashadi. Bu yerda shunaqa hayot ekan. Farzandlarimni shu hayotga tashlab qo‘yishni xohlamayman. Mayli Rossiyada, yomon bo‘lsa ham, o‘zini sevuvchi bo‘lib o‘ssin. Lekin u yerda o‘zini hurmat qilishni, qadrlashni, xo‘rlatib qo‘ymaslikni o‘rganadi.
— O‘zbekistonda ayollar turli qiyinchiliklarga tushgan vaqtda ularning huquqi ta’minlanishi qay darajada, deb o‘ylaysiz?
— Bu yerda huquqlarimni hech kim himoya qilgani yo‘q. Men nechta joyga murojaat qildim. Birorta joyda sening bunday huquqing bor, deb aytgani yo‘q. Advokatga borganimda “Shar’iy nikohda bo‘lib farzandlaringga uy undira olmaysan, sen hech nimasiz ketishga majbursan. Bu masalada er tomonning qo‘li baland”, dedi. Haqiqatan ham, qayerga murojaat qilsam, men yutqazaverdim. Uchta farzandni o‘sha otadan topganman, shar’iy nikoh bo‘lsa ham, otalikni olgan hujjati bor, bolalarimga uy-joy qilib berishga majbur, deb o‘ylardim. Lekin bunday emas ekan. Hatto viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning qabuliga kirib shunday sharoitdaman, erim uy-joy qilib bermayapti, ko‘chaga olib chiqib qo‘ydi, deganimda “Shar’iy nikohda hech narsa yo‘q”, degan edi. Demak, shar’iy nikohdagi ayol — ayol emas, u inson o‘rnida ko‘rilmas ekan. Shar’iy nikohdan topgan farzandlar ham farzand deb qabul qilinmas ekan. O‘sha paytda shokka tushib qolganman. Nahotki, shar’iy nikohdagi inson — odam, bola — bola o‘rnida ko‘rilmasa?! Farzandlarim menga o‘xshab o‘z haq-huquqini bilmaydigan omi inson bo‘lishini xohlamayman. Farzandlarim, mayli, Rossiyada xudbin bo‘lib ulg‘aysin, lekin haq-huquqini talab qiladigan inson bo‘lsin. Bu yerda puldorlar kuchli. Oddiy misol, kottejni ham kimga berishdi — puli borga. Puli yo‘q bizdaqalar kottejsiz qolib ketaverdik. Puli bor olib ketdi. Kelajakda bolalarim o‘qishga, ishga kirmoqchi bo‘lganda puli bor yutib, pulsizi qolib ketaveradi. Men shunaqa fikrda qoldim. Hamma joyda puli bor insonning qo‘li baland. Go‘yoki Hindistondagidek tabaqalanish boshlanibdi bizda ham.
— Sizlarni tikuvchilik sexiga ishga joylashtirishayotganda mehnat qonunchiligi bilan, ya’ni huquqlaringiz, ish berish shartlari bilan tanishtirishganmi?
— Yo‘q, hech qanaqa haq-huquqimiz tushuntirilmagan. Hech qanday ish beruvchining yoki ishchining majburiyatlari aytilmagan. “Biz ishlaysan degan paytda ishlaysan, dam olasan degan paytda dam olasan. Kerak bo‘lsa, 24 soat uxlamaysizlar, tikuv mashinasining ustida uxlaysizlar, emizikli farzandlaringiz bilan shu yerda ishlashga majbursizlar”, der edi. Bu — qullik, qul bo‘lganimiz, tamom. Avvalgi zamonlarda bo‘lgani kabi o‘zimni quldek his qilganman. Emizikli farzandimni aravachaga solib, yonimga qo‘yib, yig‘lasa qarab ishlaganman. Bolamning tutqanog‘i borligi uchun bog‘chaga qabul qilishmagan. O‘lsa ham, qolsa ham javobgarligi o‘zimning bo‘ynimda deb yozib berganimdan keyin, bolamni qabul qilishgan. Ungacha qabul qilinmagan. Kuniga 22 soatlab ishlaganmiz, 2 soat dam olib, yana chiqib ishlaganmiz. Pensiya daftarchasi va mehnat daftarchasi ham berilmagan. Hech qanday shartnomasiz ishga kirib, 8 oy ishlab keldik. Hech qanday shartnomasiz ular bizning oyligimizdan ushlab qolishdi.
— Sex rahbari Tohir aka biz bilan suhbatda sizlarga qilingan “ko‘zbo‘yamachilik”dan bexabarligini bildirdi. Ishchilar yo‘q bo‘lib qolsa, so‘roqlamasmidingiz, degan savolimizga: “Ko‘pincha ishchilarning o‘zi yoki bolasi og‘rib qolardi. Shunga indamasdim”, deb javob berdi. Sexning kadrlar mudiri ayollarga uy ajratib berishda ishtiroki qanchalik qonuniy degan savolimizga esa, “Mavluda opa shu mahallada yashagani uchun ayollarning yashash sharoitini yaxshi bilardi, shuning uchun, unga bu yumush yuklatilgan”ini ta’kidladi, Bu qanchalik to‘g‘ri?
— Tohir aka bo‘lib o‘tgan hamma ishni juda yaxshi biladi. Inson sifatida farzandlarimiz og‘rib qolsa yoki boshqa muammo chiqqanda ko‘p yordam berardi. Lekin uy masalasiga chaqirtirishganda, Tohir aka o‘zining va sex ustasining mashinasida olib chiqib ketishardi. Bilmayman deyishi noto‘g‘ri. Kottejni berish birinchi marta taklif qilinayotganda, 2018-yilning dekabr oyida Tohir aka bir kuni meni yoniga chaqirib, “Siz kottej oladiganlarning o‘ntaligiga kirdingiz. Agar Mavluda opa kottej olib berish uchun sizdan pul so‘rasa, menga ayting, necha pul so‘rayotganini bilib qo‘yay”, dedi. Keyin Mavluda opaga kottej pul evaziga bo‘layotgan bo‘lsa, aka-opalarimdan qarz olib bo‘lsa ham beray 500–1000 dollargacha qurbim yetadi, deb aytdim. O‘sha paytda Tohir aka Mavluda opa bilan “nimaga sen aytding, nega sen unaqa deding, pul so‘ramoqchimasdim” deb, ikkalasi tortishib qoldi. Keyin qolganlardan sizlardan ham pul so‘ramayaptimi, men bilan shunaqa holat bo‘ldi, deb surishtirdim. Ular pul taklif qilinmayotganini aytishdi. Men o‘sha paytda pul evaziga qilinayotganini bilgan edim, buni menga Tohir aka aytgan. Mavluda opa Manzura Fazliddinovnaning buyrug‘ini bajarardi. Manzura opa sexga kelib, Mavluda opani ofisga chaqirib, buyruq berib ketardi. Keyin Mavluda opa bizni chaqarib majlis qilib, nima bo‘layotganini aytardi.
— Hayotda ko‘rgan-kechirganlaringizdan xulosa qilib o‘zbek ayollariga nima maslahat bergan bo‘lardingiz?
— Eng birinchi navbatda oilaning, farzandlarining qadriga yetishsin. Oila — bu eng katta ne’mat ekan. Hammaga ham ishonmasdan, yetti o‘lchab, bir kesib harakat qilish eng to‘g‘ri yo‘l egan. Har qanday sharoitda bo‘lmasin, shar’iy nikoh bilan turmush qurishni hech kimga maslahat bermayman. Buning ortidan juda ko‘p qiyinchiliklar kelarkan.
— Siz haqingizda internet-nashrlarida turli chiqishlar bo‘lgandan so‘ng, atrofingizdagilar bunga qanday munosabatda bo‘ldi? Ushbu suhbatimizdan keyin sizga bo‘ladigan turli gap-so‘zlar, bosimlar bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi va bunda sizni kimdir himoya qilishiga ishonasizmi?
— Meni ishdan chiqib ketishimga ham bo‘hton va tuhmatlar sabab bo‘ldi. Internetdagi chiqishlardan keyin orqamdan kelgan insonlarga meni yomon otliq qilishdi. Hamma narsa bo‘lib o‘tdi. Endi men hamma narsaga tayyorman. Kim nima desa ham endi menga baribir. Ketaman, bo‘ldi! Yangi hayot boshlayman. Bu yerda meni qop-qora qilib bo‘lishdi. O‘zlari ham ona, ayol bo‘la turib yomon otliq qilib, nima asosida uy olyapti, deb shantaj qilib ko‘rishdi. Oylik olmasdan, o‘zimning mehnatim bilan, boshqa joydan tirishib-tirmashib pul topishga harakat qilib, kerak bo‘lsa, uy tozalagani borganman. Farzandlarimga halol yedirishga harakat qildim. Lekin meni bo‘htonlarga qoldirishdi. Kim meni so‘rab-surishtirib kelsa, “o‘zi yengiltak edi, u edi-bu edi” degan gaplarni qilishdi. Shu tashvishlardan keyin yuragim og‘rib, davolanib ham chiqdim. Hammasini Allohga soldim. Menga hech nimaning qizig‘i qolmadi. Men yangi hayot boshlamoqchiman…Muallif:Musulmonbek Ibrohimov