Toshkentlik erkak ajrashmoqchi bo‘lgan xotiniga qasdlashib 2 farzandini uyning to‘rtinchi qavatidan pastga tashlab yubordi (video)

Toshkent shahri Yunusobod tumanida joriy yilning 10-yanvar kuni mudhish hodisa sodir bo‘ldi. Erkak o‘zining ikki farzandini ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatidan pastga uloqtirib yubordi. Bu haqda “Mahalla” telekanalida efirga uzatilgan ko‘rsatuvda aytiladi, deb yozadi Repost.

Foto: Repost

O‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli bolalarning hayoti saqlab qolingan, biroq ular bir umrga nogiron bo‘lib qolgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.

Bolalarning onasi “Mahalla” telekanaliga bergan intervyusida quyidagilarni so‘zlab berdi:

“Men uning ruhiy kasalligi borligini bilmasdim. Menga bu haqda hech kim gapirmagan. Ushbu muammo haqida to‘ydan keyingina bilganman. O‘shanda menga turmush o‘rtog‘imning ruhiy kasal ekanligi haqida ma’lumotnoma berishgan.

Hayotimizning birinchi ikki yili mobaynida biz yaxshi yashadik. Keyin uning hunari chiqa boshladi.

Shundan so‘ng men ajrashishga ariza berdim. Erim bundan xabar topgach mendan o‘ch olishga qaror qildi.  Oradan biroz vaqt o‘tgach, men uyga qaytmoqchi bo‘ldim. Biroq qaynonam meni qabul qilmadi. ‘Sen o‘g‘limni qamatding. Uning o‘ziyam, bolalari ham menga kerakmas’, dedi.

Men uyimda yashash uchun ruxsat olish maqsadida mahalla orqali sudga murojaat qildim. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, meni propiskadan o‘chirishgan ekan. Shu tarzda men hech narsasiz qoldim, hozir onam bilan yashayapman”.

Qayd etilishicha, hozirda bolalarning otasi qamoqda.