“Daryo” saytida  haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.

Shavkat Mirziyoyev 5-avgustdan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi. Davlat rahbarining ta’tili O‘zbekiston hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu mustaqil davlatchiligimiz tarixida o‘ziga xos hodisa deb e’tirof etilishining sababi shuki, 28 yil davomida prezident mehnat ta’tiliga chiqqani hali kuzatilmagandi. Agar Shavkat Mirziyoyevning bosh vazirlikda ishlagan yillarini ham qo‘shsak, u o‘n yetti yilda endi dam olayotgani ayon bo‘ladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi 

Foto: Facebook / Saida Mirziyoyeva

Arafa kuni Saida Mirziyoyeva ota-onasining oilaviy dam olayotgan fotosuratini chop etdi.

* * *

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov Alter Ego dasturiga bergan  intervyusida Shavkat Mirziyoyevning ish kuni haqida so‘zlab berdi. Aytish lozimki, bu intervyu prezidentning bizga noma’lum bo‘lgan ish tartibi haqida bilish imkonini berdi. Intervyuni dayjestimizga qo‘shganimiz sababi ham shu.

Allamjonovning aytishicha, ish kuni soat 9–9:30 larda boshlanadi va qariyb 24:00 gacha davom etadi. Ko‘pchilik charchaydi, ammo Shavkat Mirziyoyev g‘ayratini saqlab qoladi. Prezident mobil telefondan foydalanib turadi. Allamjonovning aytishicha, prezidentni tanqid qilish uchun sabab yo‘q, ammo buning uchun barcha huquq va imkonlar yetarli. Shuningdek, u saytlarni to‘sish befoyda ish ekanligini ham ta’kidladi.

* * *

Namangan viloyatidagi bitirilishi bir necha marta ortga surilgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasining birinchi gaz turbinasi ishga tushdi. Hozircha IES test rejimida ishlaydi, noyabrdan to‘laqonli faoliyat ko‘rsatadi. To‘raqo‘rg‘on IES yiliga 7 milliard kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. IES Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarining elektr quvvatiga bo‘lgan asosiy ehtiyojini qoplashi kerak.

IES Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Mitsubishi Hitachi Power Systems Ltd. konsorsiumi bilan hamkorlikda bunyod etildi.

* * *

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi rahbari Akmal Saidov 6-avgust kuni jurnalistlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida davlat boshqaruvi, inson huquqlari, qamoqxonalarga oid ko‘pgina masalalarga oydinlik kiritdi. Saidov uylar buzilishi mashmashalariga to‘xtalar ekan, “Xususiy uy muqaddas, sud qarorisiz buzilishi mumkin emas”, deb aytdi. Pulli maktablar borasida esa “Maktablarni pulli qilish — Konstitutsiyani buzish”, dedi. O‘zbekistonning bosh inson huquqlari himoyachisi o‘tgan hafta yopilgan “Jasliq” qamoqxonasida mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llangani ehtimolini istisno qilmadi. “Men ‘Jasliq’da qiynoqlar bo‘lmagan deb ayta olmayman”, dedi Saidov. Aytib o‘tish lozimki, ko‘p yillar davomida xalqaro tashkilotlarning Jasliq qamog‘ini tanqid qilishiga Akmal Saidov javob qaytarib kelgan.

* * *

Foto: “Kun.uz”

6-avgust kuni kechki payt poytaxtimizning Darxon mavzeida bir nechta avtomobil ishtirokida ayanchli avtohalokat sodir bo‘ldi. “Gazeta.uz” yozishicha, kamida uch kishi qattiq jarohat olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Aytishlariga qaraganda, qurbonlar yo‘q. Nissan GT-R35 superkarining 33 yashar haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, ikki mashina bilan to‘qnashuv sodir etgan. Ayrim xabarlarga ko‘ra, qimmatbaho mashina rulida uning egasi emas, qarindoshi bo‘lgan. Avtohalokat sababchisini aniqlash ishlari ketyapti.

* * *

O‘tgan haftadagi videoselektorda Shavkat Mirziyoyev jamiyatda jiddiy norozilik kayfiyatlariga sabab bo‘lgan va O‘zbekistonni butun dunyoga sharmanda qilayotgan viloyat rahbarlariga chora ko‘rishni bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga topshirgan edi. Ammo ketishi taxmin qilingan Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlari yil oxirigacha lavozimini saqlab qoldi.

Foto: “Kun.uz”

Prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi ularni bo‘shatib yuborish “vaziyatdan chiqishning eng oson yo‘li”, hokimlar buning o‘rniga yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatishda shaxsan ishtirok etishi maqsadga muvofiqroq deb hisoblaydi.

* * *

Hafta oxirida dollar yana sakray boshladi. Markaziy bank xabariga ko‘ra, 1 AQSh dollari dushanba kuni e’lon qilingan kursga nisbatan 177,13 so‘mga ko‘tarilgan va 1 dollar 8882,00 so‘mga yetgan. Bu ilk bor rasmiy kurs 8700 so‘mlik nuqtadan oshishidan so‘ng navbatdagi keskin ko‘tarilish bo‘ldi.

Taniqli moliyaviy tahlilchi Yuliy Yusupov O‘zbekistonda dollar kursi o‘sishi qachongacha davom etishi haqidagi maqolasi “Daryo” saytida chop etildi.

Daryo yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.

От qwert.uz