Atrofimizda faoliyati muhim, lekin biz buni yaxshi bilmaydigan kasb egalari ko‘p. Ular ham jamiyatimizning bir qismi. Biroq gohida ayrim insonlar ular bilan muloqot qilgani or qiladi. Uyaladi! Ammo ular ham odam. Inson! Ularning ham ko‘ngli, his- tuyg‘ulari bor.

“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qildi. Loyihaning bu galgi qahramoni ofitsiantlik qilayotgan qiz — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ismim Madina. Yaqinda 23 yoshga to‘laman. Oilada 2 ta qizmiz: opam va men. Onam bizni bir o‘zi katta qilgan. Hozir shahar obodonlashtirish bo‘limida ishlaydi. O‘tgan yili o‘qishga topshirib, shartnoma asosida o‘qishga kirdim, lekin sharoitimiz yo‘qligi uchun o‘qiy olmadim. Keyin onamning yonida ishlay boshladim. O‘tgan yili bankdan katta kredit olib, opamni turmushga uzatdik. Shuning uchun yana qo‘shimcha ish topishga to‘g‘ri keldi. Hozir shaharni markazida joylashgan kafeda ofitsiantlik qilyapman.

Foto: “Unsplash.com”

Kun tartibim juda qiziq. Har kuni sahar soat 4 larda turib obodonlashtirishdagi ishimga boraman. Ko‘chalarni supuramiz, tozalaymiz. U yerdagi ishlarimni bitirib, soat 8:30 larda kafega kelaman. Keyin kechki soat 10 largacha ofitsiantlik qilaman. Hozir ko‘proq pul bo‘lsin, deb idish-tovoqlarni ham yuvyapman. Oladigan pulimga kelsak, kuniga 30 ming so‘mga ishlayman. Yana yo‘l haqi uchun ham uch ming so‘m qo‘shib berishadi. Yeb-ichishim kafe hisobidan. Lavash, hoddog—“fast food”larni yeb kunim o‘tadi. Ba’zida ovqat ham qilib berishadi. Xullas, bu yerda och qolmayman.

Men ham odamman!

Bilasizmi, kafega turli xil fe’l-atvorli odamlar keladi. Ishim tufayli hammasi bilan muloqotda bo‘laman. Masalan, kimdir yaxshi muomala qilib singlim qarab yuboring, desa, kimdir esa hushtak chalib, hey qaravor, deydi. Ayniqsa, yoshi katta ayollar bizga juda qo‘pol munosabatda bo‘ladi. Yosh yigitlar ham odamlar oldida o‘zini ko‘rsatgisi keladimi, bilmadim… Gohida bizni odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Jerkib, ovozini ko‘tarib gapiradi.

Boshida juda qattiq xafa bo‘lardim. Axir men ham hamma qatori insonman-ku, aybim ofitsiantligimmi yo ularga xizmat qilganimmi? Shuncha behurmatlikni o‘rniga yaxshi gapirishsa nima qiladi? Yoki biror joyi kamayib qoladimi? Axir, “sen” ham, “siz” ham bir og‘izdan chiqadi-ku, deb hojatxonaga kirib olib rosa yig‘lardim. Lekin… yana o‘zimni qo‘lga olib, mijozlarni yoniga borib xizmatimni qilib ketaverardim.

Mavzuga doir: “O‘zbekiston o‘likxonalarida murdalar sotilmaydi!” Morg xodimining hikoyasi

Yaxshimi, yomonmi xaridor hamisha haq!

Bilasizmi, dunyoda eng yomoni nima? Sizni behurmat qilgan insonga yana borib xizmat qilishingiz, qancha yomon gapirsa ham bir so‘z deyolmay jim turishingiz, gaplariga yarasha javob qaytarishga yoki qovoq solishga haqqingiz yo‘qligi… Qoidaga ko‘ra, xaridor hamisha haqligi, ochig‘i, juda alam qiladi.

Lekin har qanday vaziyatda ham o‘zimni bosib, kulib muomala qilishga harakat qilaman. Shu paytgacha biror marta qo‘pollik qilmaganman. Agar qarshilik ko‘rsatsam yoki biror ortiqcha gap gapirsam ishimdan ayrilaman. Lekin bizni katta qarzlarimiz bor. Uzishim shart. Bo‘lmasa onamni bir o‘ziga juda qiyin bo‘ladi. Shuning uchun tishimni tishimga qo‘yib, hech narsa bo‘lmaganday xizmatimni qilib ketaveraman.

Ofitsiant ayollar yengiltakmi?

Foto: “Unsplash.com”

Inkor qilmayman, ishimizda bunday ayollar bor. Menimcha, bu odamni kasbiga emas, balki tabiatiga bog‘liq bo‘lsa kerak. Ishimizda doim kulib yaxshi gapirib turganimizgami, bilmadim, hammani “shunaqa” deb o‘ylashadi. Lekin besh qo‘l barobar emas. Afsuski, ko‘pincha ularning kasriga biz qolamiz. Ba’zilar gohida ko‘chada yurganimizda ham yomon qizga qaraganday qaraydi. E’tibor qilmaslikka harakat qilaman.

Hayotda jiddiy qizman. Sport bilan shug‘ullanganman. Shuning uchun tegajog‘liq qilishlariga imkon bermayman. Agar ishda mijozlar shaxsiy savollar berishni boshlasa, “Kechirasiz biron nima ‘zakaz’ qilasizmi?” deb gapini bo‘laman. Agar yana xushomad qilaversa, shart ketvoraman. Urishib yo tortishib o‘tirmayman. Keyin kafedagi boshqa ofitsiant yigitlar ham meni bu borada xafa qildirib qo‘ymaydi.

Pul topish uchun hammasiga roziman, faqat fohishalikka emas

Hech kim o‘zi xohlab birovni xizmatini qilmaydi. Begonalarning qo‘pol muomalasiga chidamaydi. Lekin odam boshiga tushmagunicha his qilmas ekan. Bilasizmi, kuniga 3-4 soatgina uxlayman, xolos. Oxirgi paytlarda jismoniy mehnat, ayniqsa, odamlarning gapi og‘irlik qilyapti. Ba’zan shunday uyquga zor bo‘laman, charchaganimdan ish payti stolda o‘tirib uxlab qolaman. Shunaqa paytlar bor-e, deb hammasini tashlab ketvorgim keladi. Lekin qiynalayotgan onam, bo‘ynimizda turgan qarzlar ko‘z oldimga kelib o‘zimni bosaman.

O‘zim bilan o‘zim gaplashaman, tasalli beraman. Chunki insonga eng yaxshi do‘st bu uning o‘zi ekan. Bugun hammaning dardi o‘ziga yetarli…

Bu dunyoda onamdan-da qadrli kishim yo‘q. Bilasizmi, men qarzlarimizdan qutulib, onam yaxshi yashashi uchun, mayli, har qanday muomalaga chidayman. Pul topish uchun har qanday ishga tayyorman, lekin fohishalikka emas.

To‘g‘ri, hozir yashash qiyin. Muhtojlik, ilojsizlik nima ekanligini juda yaxshi bilaman. Lekin bu oson yo‘l qidirib, xarom ishlar qilish kerak degani emas. Hoyu-havas deb u dunyoni boy bermaslik kerak. Bunga hech qachon rozi bo‘lmayman.

Ishonaman, boshimdan o‘tkazayotganlarim shunchaki sinov, qiyinchiliklar abadiy emas. Xudo xohlasa, hammasi o‘tib ketadi.

Mavzuga doir: “Boy o‘lsa o‘lsin, kambag‘al o‘lmasin”. Go‘rkov Yursunali ota Umaraliyev hikoyasi

500 so‘mlik choy puli

Odatda bizda hech kim choypuli qoldirmaydi. Lekin ba’zan mijozlarning 500 yoki 1000 so‘m qaytimni olib chiqqunimcha, qolaversin singlim deb ketib qolishadi. Ammo pullarni o‘zimga olib qolmayman. Hammasini kassaga topshiraman. Shuning uchun har kuni yo‘lkiramga uch ming so‘m beradilar.

Topish-tutishim yomon emas. Obodonlashtirishdan 650 ming so‘m va kafedan esa 800 mingga yaqin pul olaman. Hammasi kreditimizga o‘tadi.

Sport — mening hayotim

Bolaligimdan sport bilan muntazam shug‘ullanaman. Bir necha yil oldin qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Sport mening yarmim. U meni g‘azabimni bosishga, irodali bo‘lishga o‘rgatdi. Shuning uchun sportsiz  hayotimni tasavvur qilolmayman.

Biroq musobaqalarning birida sparingda qattiq jarohat olganman. Shuning uchun hozir oqsoqlanib yuraman. Lekin bu meni sportdan qaytarmaydi. Anchadan buyon jarohatimni davolash uchun suv polosi bilan shug‘ullanyapman. Terma jamoa a’zosiman. Mashg‘ulotlarimiz har kuni, lekin ishlayotganim sababli haftada 2 marta boraman. Xudoga shukr, kafedagi boshlig‘imiz juda tushungan inson. Haftada ikki kun tush paytida sport zalga borishimga ruxsat beradi.

Bilasizmi, sportdan kuch olaman, shug‘ullanib shunday mazza qilaman. Butun og‘riqlarim, alamlarim, nafratlarim— hammasi esimdan chiqib ketadi. Shuning uchun sportni juda yaxshi ko‘raman.

Men ham ular kabi bo‘lishni istayman

Hozir tengdoshlarim oliygohlarda tahsil olyapti, kimdiri esa yangi kelinchak… mazza qilib yoshlik davrini surib yuribdilar. Men ham ular kabi universitetlarda o‘qishni, bir oilaning bekasi bo‘lishni xohlayman.

Lekin kreditlarimiz uzilgunga qadar qalbimdagi bor orzularimni, his-tuyg‘ularimni yig‘ishtirib qo‘yishga majburman. Chunki hozir orzularim tomon boradigan bo‘lsam, onam bir o‘zi qiynalib qoladi. O‘zi bir yili ketib, 2 yili qoldi. Xudo xohlasa, qarzlardan qutulsak, hammasi zo‘r bo‘ladi.

Kelajakda sport yo‘lidan ketish niyatidaman. Mashhur sport murabbiyi bo‘laman, agar bunga erisholmasam psixolog bo‘laman. Ertaga kim bo‘lsam ham katta inson bo‘laman. Shunda onam hech narsaga zoriqmay yashaydi. Keyin onamni hajga jo‘nataman.

Mavzuga doir: “Menga hech narsa kerakmas, shunchaki baxtli bo‘lishni xohlayman”. Mardikorlik qilayotgan qiz hikoyasi

Odamlardan nafratlanmayman

Ulg‘ayganim sari odamlardan xafa bo‘lmay qo‘ydim. Qo‘li kesilgan odam og‘riqni faqat o‘zi bilganidek, insonlar ham o‘sha vaziyatga tushmagunicha dardni his qilolmas ekan. Lekin men ularni to‘g‘ri tushunishga harakat qilaman.

Angladimki, insonlar alamini doim boshqalardan olishga moyil ekan. Shuning uchun kimdir qo‘pol muomala qilsa, ko‘nglimni og‘ritsa, balki oilasida tinchlik yo‘qdir, kim bilandir urishgandir yo ishi o‘xshamay asabiylashib qolgan, shuning uchun hozir mendan alamini olyapti, deb o‘ylayman. Chunki ishonaman, odamlar bir-biriga hech bir sababsiz ziyon yetkazmaydi, dilozorlik qilmaydi.

Hayotimdan esa sira nolimayman. Nolib nimayam qilardim. Yig‘laganim yoki dod solganim bilan nimadir o‘zgararmidi, undan ko‘ra har bergan kuniga shukr qilib yashayman. Onam bor, to‘rt mucham sog‘ ekan men dunyodagi eng boy va baxtli odamman!

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi

От qwert.uz