.O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida” to‘g‘risidagi farmonni imzoladi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi 

Mukofotlanganlar ro‘yxatida, jumladan, ko‘plab davlat amaldorlari, hokimlar va taniqli biznesmenlarni ko‘rish mumkin. Kimga qaysi mukofot nasib etdi?

Amaldorlar

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurotov “El-yurt hurmati” ordeni bilan, O‘zbekiston Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan, bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov esa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov (chapda) Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotovni (o‘rtada) jurnalist bilan birga esdalik uchun suratga tushiryapti.
Foto: “Kun.uz”

Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi Ravil Abduqodirov “El-yurt hurmati” ordeni bilan, bosh vazir maslahatchisi Abrol Vahobov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, Davlat geologiya qo‘mitasi raisi Bobir Islomov va Davlatergeodezkadastr qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev “Do‘stlik” ordeni bilan bilan taqdirlangan. Shuningdek, Prezident Administratsiyasining olti nafar mas’ul xodimi “Sodiq xizmatlari uchun” medaliga loyiq ko‘rilgan.

O‘z navbatida, Milliy bank rahbari Alisher Mirsoatov va “O‘zbekipaksanoat” rahbari Bahrom Sharipov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Alisher Maqsudov va “Hududgazta’minot” kompaniyasi rahbari Bahodir Eshmurotov “Do‘stlik” ordeni bilan, “O‘zsanoatqurilishbank” rahbari Aziz Voitov va “O‘zbektelekom” bosh direktori Nazirjon Hasanov “Sodiq xizmatlari uchun” ordeni bilan muokoftlangan.

Hokimlar

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvoni bilan, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

O‘ktam Barnoyev va G‘ofurjon Mirzayev.
Foto: “Kun.uz”

Qiziltepa tumani hokimi Shabon Nabiyev “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan, Qo‘qon shahar hokimi Ma’ruf Usmonov esa “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Ellikqal’a tumani hokimi Seydamat Avezov, Dehqonobod tumani hokimi Zoir Aliqulov, Dang‘ara tumani hokimi Saidmurod Aminjonov, Xovos tumani hokimi Rahimjon Boboyev, Shahrixon tumani hokimi Hikmatullo Dadaxonov, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Ergashev, Peshku tumani hokimi Amrillo Nazarov, Chust tumani hokimi Bahodir Oxunov, Qo‘shko‘pir tumani hokimi Jo‘rabek Rahimov, Urgut tumani hokimi Mamatjon Turdiyev, Bog‘ot tumani hokimi Oybek Xolboyev, Sergeli tumani hokimi Nozim Husanov, Buxoro shahar hokimi Karim Kamolov, Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan mukofotlangan.

Mukofotlanganlar ro‘yxatida, shuningdek, bir qator viloyat, tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlarini ham uchratish mumkin.

Elchilar

Javlon Vahobov.
Foto: Voice of America

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov “Do‘stlik” ordeni bilan, mamlakatning Pokistondagi favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqov esa “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Adilbek Kaipbergenov ham “Do‘stlik” ordeni egasiga aylangan.

Biznes vakillari

O‘zbekistonda xokkey sportini ommalashtirishga mas’ul ishbilarmon, Eriell kompaniyalar guruhi boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Samarqanddagi Sam Antep Gilam kompaniyasi direktori Kamol Abdulloyev, UzTex to‘qimachilik korxonalari guruhi direktorlar kengashi raisi Farhod Mamajonov, Golden House Development’ning 76 foiz aksiyasiga egalik qiluvchi Unique Trade Business kompaniyasi direktorii Payzullajon Mirzayev “Mehnat shuhrati” ordeni egasiga aylandi.

Farhod Mamajonov (o‘ngda) Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birga.
Foto: Prezident matbuot xizmati

Agromir Group assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Shavkat Jalolov “Do‘stlik” ordeni, Craffers qandolatchilik kompaniyasi direktori Azizxon Amilov esa “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan. Shuningdek, ENTER Engineering kompaniyasi va To‘palang HPD kompaniyalarining ko‘plab xodimlari ham turli davlat mukofotlariga loyiq ko‘rilgan.

Ma’lumot uchun, yuqoridagilarning bari “Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi katta xizmatlari, so‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalarda erishilayotgan ulkan yutuqlarga qo‘shgan munosib hissasi, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash, ishlab chiqarish soha va tarmoqlarini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish, faol investitsiya muhitini yaratish, eksport salohiyatini oshirish yo‘lidagi ko‘p yillik samarali va fidokorona mehnati, jamiyatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni kuchaytirish, yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlaridagi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun” davlat faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlangan.

От qwert.uz