Buxoro shahridagi 7-mikrorayonda joylashgan Amir Temur ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi tomonidan qurilgan. 10 ta 7 qavatli, har biri 42 ta xonadonga mo‘ljallangan uy-joy barpo etilgan. Qurilish nazorati injiniring kompaniyasi viloyat bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Foto: “Daryo”

Bundan bir necha oy ilgari, ya’ni joriy yilning may oyida “Daryo”da “Titilib ketayotgan betonlar, yopilmaydigan eshiklar. Buxoro shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uylar qanday holatda topshirilmoqda?” sarlavhasi ostida maqola yoritilgan edi.

Shundan so‘ng qurilish ishlarining o‘z vaqtida va sifatli olib borilishi uchun ushbu kompaniya ishga mas’uliyatni oshirdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatda “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi Buxoro viloyat bo‘yicha vakili Hayot Nizomov katta va keng hududda davom etayotgan qurilish ishlariga 700 nafar ishchi jalb etilgani, jami 19 gektar maydondagi qurilish ishlari 7 ta pudrat tashkiloti tomonidan olib borilayotgani xususida so‘zlagan.

O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligi bayrami arafasida eng so‘nggi qurilish obyekti ham yakunlanib, egalariga tantanali topshirilgan. Har bir ko‘p qavatli uy uchun 10 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Biroq haligacha bir nechta ko‘p qavatli uylar atrofi obodonlashtirilmagan. Asfalt yotqizilmagan. Atrofini o‘rab turgan keng bo‘sh va qarovsiz yer begona o‘t-o‘lanlar va tikanlar bilan qoplangan. Oqibatda uylar va ayrim xonadonlarga zaharli hasharotlarning o‘rmalab kirishi kuzatilmoqda.

— Men 2018-yilda Buxoro shahridagi 7-mikrorayondan uy sotib olganman. Ikki nafar bolam bilan yashayman. Kecha bir yoshga to‘lgan o‘g‘limning to‘shagida chayon o‘rmalab yurganini ko‘rib, dong qotdim. Qo‘rqqanimdan ko‘chaga baqirib yugurdim. Qo‘shnilarim zudlik bilan yetib kelib, chayonni zo‘rg‘a o‘ldirishga erishdi. Shundan so‘ng sanitariya-epidemiologiya stansiyasiga dezinfeksiya masalasida murojaat etdim. Ammo haligacha natija bo‘lmadi. Chayonlar birmas, bir nechta bo‘lishi mumkin, degan xavotirdaman, — deya “Daryo”ga murojaat qiladi Buxoro shahridagi Amir Temur ko‘chasi, 22-uy, 24-xonadon sohibasi Gulchiroy Rahmatova.

Foto: “Daryo”

Fuqaro Gulchiroy Rahmatova ko‘p qavatli uyning 1-qavatida yashaydi. Yangi qurilgan ko‘p qavatli uy atrofi axlat va begona o‘t-o‘lanlarga to‘la. Hammayoq tashlandiq va xarob ahvolda.

Bahouddin Naqshband mahallasi raisi Ravshan ota Ochilov uylar atrofini o‘rab turgan bu qarovsiz bo‘sh yer maydonlari Buxoro tumaniga tegishli ekanligini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, chayonning xonadonlarga o‘rmalab kirishi birinchi marta kuzatilmayapti.

Uy-joydan 200 metrcha narida paxta maydoni joylashgan. Paxta terimi davrida hududda loy va balchiq aralash ariq suvi orqali turli virus tashuvchi hasharotlar ko‘payishi ham ehtimoldan xoli emas.

Foto: “Daryo”

— Yashash uylariga yaqin joyda paxta ekilgan. U dorilanadi. Bolalarga allergik kasalliklar qo‘zg‘amasligi mumkinmi? — xavotida so‘zida davom etadi Gulchiroy Rahmatova.

Ushbu ko‘p qavatli uy atrofi obodonlashtirilmagan va asfaltlanmagan. Aholi qum-tuproq yo‘ldan foydalanadi. Mashinalar qatnovi yo‘q.

Foto: “Daryo”

— 2017-yildan boshlab, ko‘p qavatli uylar qurishni boshlaganmiz. Bizning zimmamizga faqat 2017–2018-yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylarni qurish va tiklash ishlari yuklangan, demak, bu ishlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish masalasida javobgarmiz. Shu davrga qadar uy-joydan 1 metr uzoqlikda bo‘lsa-da, obodonlashtirish va asfaltlashtirish ishlari viloyat Yagona buyurtmachi xizmati injirining kompaniyalari tomonidan bajarilgan. 2019-yildan boshlab esa barcha qurilish amallari, jumladan, ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, tashqi kommunikatsiya ishlari, bolalar maydonchalarini qurish kabilar “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Aynan hozir tilga olinayotgan Buxoro shahridagi Amir Temur ko‘chasida joylashgan 24-uyning atrofini obodonlashtirish va asfaltlash shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injirining kompaniyasi tomonidan bajarilishi lozim edi, — dedi “Daryo” muxbiri bilan bog‘langan “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi matbuot xizmati.

Foto: “Daryo”

Buxoro shahar hokimi Karim Kamolov mazkur obyektda obodonlashtirish va asfaltlash ishlari boshlangani, tez kunda aholi talabi darajasidagi obyekt barpo bo‘lishini bildirdi.

Zamonaviy turar joy binolari qad ko‘tarib, salobat to‘kib turgan mazkur bir nechta uy-joylarga tegishli bolalar o‘yingohi yo‘q. Hududning ko‘p qismida obodonlashtirish ishi amalga oshirilmaganidan massivda hali uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyatining yo‘lga qo‘yilmaganini anglash qiyinmas.

Foto: “Daryo”

Qisqa muddatlarda tiklanib, aholiga topshirilgan uy-joylar atrofi shahar hokimi aytmoqchi, tez kunda obodonlashtirib, asfaltlanmas ekan, Buxoro tumaniga tegishli qarovsiz keng maydonda zaharli hasharotlarning urchishi, hech gapmas.Muallif:Laylo Hayitova

От qwert.uz