Shavkat Mirziyoyev eng katta boyligi haqida gapirdi

Отqwert.uz

11 сентября, 2019

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni Toshkentdagi Prezident maktabiga tashrifi davomida pedagoglar bilan ham muloqotda bo‘ldi.

Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, Kanadaning Teachaway va Buyuk Britaniyaning TIC Recruitment rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olingan, shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi ham jalb qilingan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Yuragimdagi gapimni bilishlaringizni xohlayman: men sizlarga eng katta boyligimni ishonib topshiryapman. Bolalarimizning ko‘zini, bilimini, g‘urur-iftixorini ko‘rib, yo‘limiz to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qildim. Islohotlarimizga, farzandlarimiz tarbiyasiga yelkadosh bo‘lganingiz uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman”, — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Prezident matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident maktab o‘quvchilari ham suhbatlashib, ularni “O‘zbekistonning ‘oltin fondi’”, “O‘zbekiston taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatadigan kuch” deb atagan, bu o‘quvchilar bilimi, yurish-turishi, vatanparvarligi bilan hamma yoshlarga namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi. Ma’lumot o‘rnida, Toshkentdagi Prezident maktabiga bu yil 5—10-sinflar uchun jami 144 nafar o‘quvchi qabul qilingan.

Mavzuga doir: “Siz endi O‘zbekistonning ‘oltin fondi’sizlar”. Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ishga tushgan ilk Prezident maktabida bo‘ldi

Prezident maktablari joriy yilda Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida ham ochiladi. 2020-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga doir: Toshkentda ishga tushgan ilk Prezident maktabidan fotoreportaj

Отqwert.uz