Toshkentda 3 ayolni aldagan erkak 5 yilga qamaldi. U ayollardan biriga uylanishga, 2 nafarini kelin qilishga va’da bergan

Toshkentda 6 marta sudlangan shaxs yana jinoyatga qo‘l urdi. Bu haqda MY5 telekanalining “Markaziy studiya” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Foto: “Markaziy studiya”

U 2018-yilda Pensiya jamg‘armasining Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limiga borib, inspektor ayolning ishonchiga kiradi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

“Sizni ukamga kelin qilmoqchiman, menga uzugingizning o‘lchami kerak”, deb uning 800 000 so‘mlik uzugini olib ketadi.

Uning keyingi manzili tumandagi sanitariya-gigiyena hamda kasb kasalliklari instituti bo‘ladi. U yerda ilmiy amaliyot o‘tayotgan bir ayolning ham ishonchiga kiradi. Unga “Sizga uylanaman, bo‘yningizdagi taqinchoqni bering, shunga o‘xshashini sovg‘a qilaman”, deydi hamda taqinchoqni olib ketadi.

Erkak uchinchi qizning oldiga borib, “Sizni yaqinlarimdan biriga olib bermoqchiman, oyimga rasmingizni ko‘rsatmoqchiman, telefoningizni bersangiz ko‘chada turgan onamga rasmingizni ko‘rsatib kelaman”, deb uning 1 million so‘mlik telefonini olib ketadi. U telefonni bozorga olib borib, 400 ming so‘mga sotadi.

Erkak umumiy hisobda birinchi marta 800 000 so‘mlik uzukni, ikkinchi marta 3 million so‘mlik taqinchoqni, uchinchi marta 1 million so‘mlik telefonni o‘g‘irlagan.

Fuqaroga nisbatan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.