AQSh IShID yetakchisi Abu-Bakr al-Bag‘dodiyni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya vaqtida sakkizta vertolyot va ikkita drondan foydalangan. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Foto: EPA
Amerika aviatsiyasi 27-oktabrga o‘tar kechasi Idlib viloyatining Suriya—Turkiya chegarasidagi Barisha qishlog‘ida joylashgan uyga bir nechta raketa zarbalarini yo‘llagan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi . Operatsiya 4 soat davom etgan. Aviazarba natijasida bino butunlay qulab tushgan. Vayronaga aylangan yerdan 7 nafar odamning, jumladan, uch erkak, uch ayol va bir bolaning jasadi qoldiqlari topilgan. Ayrim nashrlar, xususan, Reuters o‘z manbalariga tayangan holda 6 nafar odamning — uch erkak va uch ayolning jasadi topilgan deb xabar bergan.
Idlibning havo bo‘shlig‘ini rus harbiylari nazorat qiladi.
Iroq razvedkasining ismini oshkor etishni istamagan vakili “RIA Novosti”ga IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy, uning ikki nafar xotini, qo‘riqchisining o‘ldirilganini tasdiqladi.
“Iroq ixtiyoridagi ma’lumotlar Al-Bag‘dodiy, uning ikki nafar xotini va qo‘riqchisi o‘ldirilganligini tasdiqlaydi”, — deya ta’kidlagan Iroq razvedkasi vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Iroq IShID yetakchisining har bir qadami haqida koalitsiyaga axborot berib turgan.
“Aynan Iroq razvedkasi xalqaro koalitsiyaga Al-Bag‘dodiyning qayerga borgani va qaysi joyda yashiringanligi yuzasidan, jumladan, u o‘ldirilgan joy haqida ham ma’lumotlar bergan”, — deydi razvedka xodimi.
Manbaning qayd etishicha, Koalitsiya ushbu ma’lumotlarni olganidan keyin dron yordamida Bag‘dodiyning harakatlarini kuzatib turgan va u joylashgan uyga havodan zarba yo‘llagan.
Avval Iroq hukumatidagi yuqori lavozimda ishlovchi amaldorlardan biri mamlakatning Al-Bag‘dodiyning o‘ldirilishida katta hissa qo‘shganligini ma’lum qilgandi.
Vashington Iroq hukumatiga IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiyaga yordam berganligi uchun minnatdorchilik bildirdi.
AQSh Iroq bosh vaziri Odil Abdul Mahdiyga yo‘llagan maktubda mamlakat milliy razvedkasining al-Bag‘dodiy yashiringan joy haqida ma’lumot bergaligi uchun tashakkur izhor etgan.
Bag‘dodiy o‘ldirilganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalganidan keyin IShIDning boshqa yetakchilari va ularning yordamchilari “shok holatiga” tushib qolgan.
“IShID yetakchisi o‘ldirilgach, ular ushbu voqeada bir-birlarini ayblashni boshladi va guruh a’zolari orasida tarqoqlik hukmronlik qilmoqda”, — deydi Iroq razvedkasi vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, Al-Bag‘dodiy bilan birga uning xavfsizlik xizmatini boshqargan Gazvon Ar-Rauriy hamda iroqlik bir nechta terrorchi ham o‘ldirilgan.
Al-Bag‘dodiy o‘rnini uning ikki yordamchisidan biri egallashi mumkin. Al Mayadeen telekanali IShID terrorchilari Abu Abdul Rahmon al-Jezrauiy hamda Abu Usmon al-Faransiy tashkilot rahbarligiga da’vogar ekanligini xabar qildi.
IShID ichkarisidagilar talvasaga tushgan vaqtda AQSh sudmedekspertlari tashkilot rahbarining o‘ldirilganligini tasdiqlash uchun operatsiyadan keyin olib kelingan jasadlar qoldiqlarini tekshirmoqda.
Barmoq izlari va boshqa biometrik ma’lumotlar asosida IShID yetakchisining haqiqatdan ham yo‘q qilinganligi tasdiqlanishi lozim.
Al-Bag‘dodiy — haqiqiy ismi-sharifi Ibrohim Avad Ibrohim al-Badriy 2014-yildan beri IShID terrorchilarining rahnamosi hisoblanadi. U shu yili IShID Mosulda egallab olgan masjidda Yaqin Sharq hududida islom halifaligi tashkil qilinishini e’lon qilgan. Uning o‘ldirilganligi hali rasman o‘z tasdig‘ini topganicha yo‘q.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.