Bundan 42 yil oldin – 1977-yilning 4-dekabr kuni Markaziy Afrika imperatori Jan Bedel Bokassa taxtga o‘tirgan edi. “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov bu g‘aroyib va qo‘rqinchli shaxs bosib o‘tgan yo‘l haqida hikoya qiladi.
Bolalik
Jan Bedel Bokassa 1921-yil 22-fevralda fransuz mustamlakasi poytaxti Bangi shahridan 80 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Lobae prefekturasida, Bobangi deb nomlangan katta qishloqda tug‘ilgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi . U mbaka qabilasi yashaydigan qishloq oqsoqoli oilasidagi 12 farzanddan biri edi (Markaziy Afrikaning mustamlakachilik davridagi ko‘p amaldorlari mbaka qabilasidan chiqqan). Uning ismi katolik avliyosi Jan Batist de la Sallning qisqartirilgan nomidan olingan; Bokassa – mbaka tilida “kichik o‘rmon” degan ma’noni anglatadigan ism, keyinchalik familiya sifatida ishlatilgan.
Foto: Google Photos
Olti yoshida u yetim qolgan. Fransuz mustamlakachilarining imtiyoz siyosatiga qarshi chiqqan otasi otib o‘ldirilgan, onasi esa tez orada o‘z joniga qasd qilgan.
Serjantdan polkovnikkacha
Bokassa uni ruhoniy bo‘lishga tayyorlagan qarindoshlari tomonidan tarbiyalandi. Biroq 1939-yilning may oyida Bokassa fransuz armiyasining mustamlaka qo‘shinlari safiga harbiy xizmatga kiradi. 1941-yil noyabrda u “Fransiya jangchilari” qo‘shinlarida katta serjant unvonini oldi. Brazzavilni qo‘lga olishda qatnashdi. 1944-yilda Fransiya janubiga Gitlerga qarshi koalitsiya qo‘shinlari tushirilishida, keyin esa Reyndagi janglarda qatnashdi. Bokassa Ikkinchi jahon urushi tugashini Normandiyada katta serjant unvonida kutib oldi.
1949-yilda u Sent-Luidagi (Senegal) ofitserlik maktabini tugatdi, 1950-yil sentabrdan 1953-yil martgacha Hindi-Xitoy urushida qatnashdi. Harbiy xizmatlari uchun “Shon-sharaf legion” va “Lotaringiya xochi” ordenlari bilan mukofotlandi. Harbiy xizmatini Brazzavilda davom ettirdi va 1961-yilda Fransiya armiyasi kapitani unvonini oladi.
1962-yil yanvarda fransuz armiyasidan chiqib, Markaziy Afrika qurolli kuchlarga qo‘shildi va mayor unvonini oldi. Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti, amakivachchasi David Dako keyingi yili Bokassani qurolli kuchlar shtab boshlig‘i etib tayinladi. 1964-yilda unga polkovnik unvonini berdi.
Prezident
1965-yil 31-dekabri – 1966-yil 1-yanvarida Bokassa davlat to‘ntarishini amalga oshirdi. Bu tarixda “Yangi yil to‘ntarishi” yoki “Avliyo Silvestr kunidagi to‘ntarish” nomlari bilan qoldi. Bokassa David Dakoni ag‘dardi va qamoqqa tashladi. Bu fitnani aslida jandarmeriya boshlig‘i tashkil qildi, ammo Bokassa uni zararsizlantirdi va fitnani o‘z foydasiga burdi.
Foto: Google Photos
Bosh shtab boshlig‘i o‘zini prezident va yagona siyosiy partiya – “Qora Afrikaning ijtimoiy evolyutsiya sari harakati” (fr. Mouvement pour l’évolution sociale de l’Afrique Noire, yoki MESAN) rahbari deb e’lon qildi. Partiyaga mamlakatning barcha katta yoshdagi aholisi a’zo edi. 4-yanvar kuni prezident Bokassa MAR konstitutsiyasini bekor qildi va diktatorlik boshqaruvini boshladi. 1972-yil 2-martda Bokassa o‘zini umrbod prezident deb e’lon qildi.
1969 va 1974-yillarda Bokassani davlat to‘ntarishi bilan hokimiyatdan chetlatishga urinishlar muvaffaqiyatsiz bo‘ldi; 1976-yilda uning hayotiga suiqasd uyushtirildi. Ammo bu voqealar uning hokimiyatini mustahkamlashga asos yaratdi xolos.
U pan-afrika harakatida qatnashdi. Xususan, 1968-yilda tarkibiga MAR, Kongo Demokratik Respublikasi va Chad kirgan Markaziy Afrika davlatlari ittifoqiga asos soldi.
Bokassa qishloq xo‘jaligini va agrar islohotlarni qo‘llab-quvvatlash tarafdori edi.
Tashqi siyosat yo‘nalishida sovet bloki, G‘arb va qo‘shilmaslik harakatlari o‘rtasida ikkilanib turdi.
Odamxo‘rlik
Ko‘pchilik Bokassani ruhiy nosog‘lom deb hisoblagan va Ugandaning ekstsentrik diktatori Idi Amin bilan solishtirgan.
1970-yil iyun oyida Bokassa SSSRga rasmiy tashrif bilan keldi. Kremlning sobiq bosh shifokori E.A. Chazov Bokassa Moskvada davolanayotganida rus oshxonasiga oshiq bo‘lganini va uyga sovet oshpazini olib ketishni so‘raganini eslaydi. Keyinroq o‘sha oshpaz prezident oshxonasida muzlatgichdan odam go‘shtini topib, dahshat bilan elchixonaga qochib ketgani haqidagi gaplar ham bor. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Bokassa muxolifat yetakchilarini yegan. Bir marta hatto yashirin ravishda vazirlar mahkamasini uning a’zolaridan biri bilan oziqlantirgan.
1971-yilda Onalar kunini nishonlash doirasida Bokassa barcha mahbus ayollarni ozod qildi va ayol sha’niga qarshi jinoyatlarda ayblangan erkaklarni qatl qilishni buyurdi.
Foto: Wikipedia
1976-yil 4-sentabrda Liviya inqilobi yetakchisi Muammar Kaddafiyning respublikaga rasmiy tashrifi paytida Bokassa va bir qator hukumat a’zolari tegishli musulmoncha ismlarni olish bilan islomni qabul qildi. Bokassa nasroniycha ismi Jan Bedelni Salohiddin Ahmad deb o‘zgartirdi.
Xuddi shu oyda Bokassa hukumatni tarqatib yubordi va uning o‘rniga Markaziy Afrika inqilobiy kengashini tashkil qildi.
Imperator
1976-yil 4-dekabrda MESAN partiyasining favqulodda qurultoyida Markaziy Afrika Respublikasining nomi Markaziy Afrika Imperiyasi deb o‘zgartirilishi e’lon qilindi. Kongress imperator konstitutsiyasini qabul qildi. Unga binoan, imperator ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i edi. Imperator toji meros deb e’lon qilinib, nasldan naslga o‘tuvchi qilib belgilandi. Xuddi shu oyda Bokassa katolik diniga qaytdi.
Uning to‘liq unvoni “Markaziy Afrika xalqlarining irodasi bilan MESAN milliy siyosiy partiyasiga birlashgan Markaziy Afrika imperatori” edi. Ikki yil oldin Efiopiya imperatori Xayle Selassiye I ag‘darilganidan beri Bokassa dunyoda hukmronlik qilayotgan uchta imperatordan biriga aylandi – qolgan ikkitasi Eron shahanshohi Muhammad Rizo Pahlaviy va yapon monarxi Xiroxito edi.
1977-yil 4-dekabrda yangi tashkil topgan Bokassalar sulolasining birinchi vakili bo‘lgan imperator Bokassa I ning toj kiydirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yevropaning eng yaxshi zargarlik firmalari ikki mingta olmos bilan bezatilgan toj yasadi. Uning qiymati 5 million dollarni tashkil etdi. Marosimga mamlakatning yillik eksport daromadining chorak qismi sarflandi. Bundan tashqari, og‘irligi 2 tonna, leopard terisi bilan qoplangan, burgut shaklidagi oltin taxt yasatildi. Eng yaxshi xorijiy brendlarning 100 dan ortiq mashinasi va 130 ta oq ot sotib olindi. U marosimda kiygan poyabzal Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng qimmat oyoq kiyim sifatida kiritilgan. Marosim yangi imperator o‘zining kumiri deb hisoblagan Napoleon Bonapartning toj kiyish marosimidan nusxa ko‘chirilgan holda tashkillashtirilgan edi. Koronatsiyaga dunyo va Afrika davlatlari rahbarlari, shuningdek, Papa Pavel VI taklif qilingandi. Shubhasiz, unga Rim Papasi Piy VII ning roli tayyorlanayotgandi – bir vaqtlar Napoleon uning qo‘lidan tojni tortib olgan va o‘zi kiygandi. Ammo, va’da qilingan qimmatbaho sovg‘alarga qaramay, na Papa, na boshqa davlat rahbarlari Bangiga kelmadi. Fransiyadan esa hamkorlik vaziri, harbiy-dengiz orkestri va xavfsizlik batalyoni qatnashdi.
Koronatsiya va imperator saroyining g‘aroyib hashamati bilan mamlakat xalqining juda past turmush darajasi qarama-qarshi edi. 1977-yilda 43,4 ming aholiga bitta vrach to‘g‘ri kelar va butun imperiya uchun atigi bitta tish shifokori bor edi.
Foto: Google Photos
Imperiya konstitutsiyaviy hisoblanganiga qaramay, Bokassa diktaturasida hech qanday yumshash yo‘q edi. Muxolifatni hibsga olish, qiynoqqa solishda imperatorning shaxsan o‘zi qatnashardi. Bokassa rejimi 1974–1981-yillarda Fransiya prezidenti Valeri Jiskar d’Estenning qo‘llab-quvvatlashidan bahramand bo‘ldi, unga Bokassa foydali qazilma konlari, xususan, Fransiya yadro dasturi uchun zarur bo‘lgan uran qazib olishda kerakli shart-sharoitlarni yaratib berdi. 1975-yilda Jiskar d’Esten Bokassani o‘zining do‘sti va hatto oila a’zosi deb e’lon qildi. U Markaziy Afrikaga bir necha bor ov qilish uchun bordi.
To‘ntarish
1979-yilda shafqatsiz bostirilgan muxolifat namoyishlaridan so‘ng (xususan, hukumat tomonidan o‘rnatilgan qimmatbaho maktab formasiga qarshi maktab o‘quvchilarining norozilik namoyishlari; ularning 100 nafari o‘ldirildi) Fransiya Bokassa rejimini qo‘llab-quvvatlay olmay qoldi. Shu bilan birga, monarxning kannibalizmi (odamxo‘rlik) haqidagi mish-mishlar keng tarqala boshladi. Bundan tashqari, Markaziy Afrika Liviya bilan yaqinlashish siyosatini rejalashtirayotgandi.
Liviyaga rasmiy tashrif bilan ketgan imperatorning mamlakatda yo‘qligida fransuz parashyutchilari ishtirokida 1979-yil 20-sentabrda Bangida qonsiz to‘ntarish bo‘lib o‘tdi (“Barrakuda” operatsiyasi). David Dako qayta tiklangan respublikaning prezidenti bo‘ldi. Fransuz diplomati Jak Fokkar bu operatsiyani “Fransiyaning so‘nggi mustamlaka ekspeditsiyasi” deb atadi.
Bir necha hafta o‘tgach, fransuz satirik haftaligi “Kanar anshne”da Bokassa Jiskarning sadoqatni sotib olgan sovg‘alar (masalan, brilliantlar) ommaga e’lon qilindi. Iqtisodiy inqiroz sharoitida bularning barchasi prezidentning mashhurligiga hissa qo‘shmadi albatta. Natijada 1981-yilda u saylovda Fransua Mitteranga yutqazdi. Keyinchalik aniq bo‘ldiki, 1973-yilda Bokassa Genri Kissinjerga ham olmos bergan ekan.
Foto: Google Photos
Bokassa surgunga amerikalik biznesmen Albert Joli toj uchun yasagan noyob olmoni ham olib ketgan edi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, Joli 500 ming dollardan ortiqqa sotgan tosh aslida 500 dollardan oshmaydigan past navli soxta tosh ekan. Joli siri ochilishining oldini olib, Bokassaga olmosni hech qachon sotmaslikni tavsiya qilgandi.
Surgun va hukm
Bokassa Liviyadan Fil Suyagi qirg‘oqlariga yo‘l oldi, keyin Fransiyada, Parij yaqinidagi qasrda yashadi.
Bu vaqt esa uning vatanida Bokassa ustidan sirtdan sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Sud uni 1980-yil 25-dekabrda 13 ta jinoyatda (qotillik, odamxo‘rlik, davlat mablag‘ini o‘zlashtirish, davlat mulkidan shaxsiy maqsadda noqonuniy foydalanish, jinsiy zo‘rlash va hokazo) aybdor deb topib, o‘lim va mol-mulkni musodara qilish hukmini chiqardi.
Daydi o‘g‘ilning qaytishi
1986-yilda Bokassa hayotidagi eng g‘alati ishni amalga oshirdi: u xalq yana uni taxtga ko‘tarishiga umid qilib, ixtiyoriy ravishda MARga qaytdi. Biroq u darhol hibsga olindi; yangi sud jarayoni boshlandi. Bokassaga xoinlik, qotillik, odamxo‘rlik va davlat mulkini o‘g‘irlash ayblovlari qo‘yildi.
Bokassa o‘zini sudda faol himoya qildi va sudyalarni jabrlanuvchilarning jasadini yeganiga emas, ramziy maqsadlar uchun (“dushmanning jigari omad keltiradi”) muzlatgichda saqlaganiga ishontirishga muvaffaq bo‘ldi.
U odamxo‘rlikda aybdor deb topilmagan bo‘lsa ham, qolgan ayblovlar uni 1987-yil 12-iyunda yana o‘limga hukm qilish uchun yetarli edi. Keyingi yili u avf etildi va hukm umrbod qamoq jazosiga, so‘ngra 20 yillik qamoq jazosiga almashtirildi. 1993-yilda demokratik tizim tiklanganidan keyin mamlakatda umumiy amnistiya e’lon qilindi va Bokassa ozodlikka chiqdi.
Intiho
Uch yildan so‘ng – 1996-yil 3-noyabrda u infarktdan vafot etdi.
Lekin eng qizig‘i uning o‘limidan so‘ng ro‘y berdi. 2010-yil 1-dekabrda MAR prezidenti Fransua Bozize Jan Bedel Bokassani to‘liq reabilitatsiya qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Unga binoan, iste’foga chiqarilgan imperator barcha huquqlarda tiklandi. Bozize Bokassani “buyuk gumanist” va “buyuk quruvchi sifatida tan olingan millat o‘g‘li” deb atadi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.