“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni adashib yomon yo‘lga kirib qolgan qiz.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Ismim Mubina. Yaqinda 18 ga kiraman. Shu yoshimgacha ming xil savdo boshimdan o‘tgan. Ichganman, chekkanman, mushtlashganman, “yurganman”… Xullas shu paytgacha juda ko‘p yomon ishlar qilganman.

Suhbatning audio shaklini “Daryo”ning YouTube’dagi kanalida ko‘rishingiz mumkin.

Bolaligimdan onamning kaltaklarini yeb, qarg‘ishlarini eshitib katta bo‘lganman. Ochig‘i, uni juda yomon ko‘raman. Sababi onam meni orzularimdan, kelajagimdan ayirgan. Bu yo‘lga kirib ketishimga ham u sababchi bo‘lgan.

Foto: “Unsplash.com”

Kelajakdagi eng katta niyatim zo‘r huquqshunos bo‘lish edi. Maktabda yaxshi o‘qiganman. Yo‘nalishim bo‘yicha fan olimpiadasida qatnashganman. Lekin onam huquqshunoslik kollejiga o‘qishga topshirishimga qattiq qarshilik qilgan. Opam “ruxsat bering o‘qisin, kerak bo‘lsa pul bilan joylaymiz”, deb iltimos qilsa-da, onam “yo‘q, bu shaharga borsa, yigitlar bilan “yurib” ketadi”, deb rozi bo‘lmagan. Vaholanki, o‘sha paytda men hech kim gaplashmasdim, birovga qaramasdim ham.

Keyin majburlab qishlog‘imizdagi kollejga hujjatlarimni topshirtirgan. Qiziqmagan soham bo‘lganigami, kollejga borardim-u, lekin o‘qigim kelmas, ko‘chaga chiqib ketib, aylanib yurardim.

Hayotimni o‘zgartirgan kun

Maktabni endi bitirgan paytim. O‘shanda davlat imtihoniga ketayotgandim. Onam meni qo‘shnimizning taqinchoqlarini o‘g‘irlashda aybladi. Hammani chaqirib, sharmandamni chiqardi.

Onam “oyoq-qo‘lingni bog‘lab, uning oldiga olib kiraman. Sendan qanaqa qilib pulni undirib olsa olaveradi”, deb aytgan. Qochib ketganman. Meni nohaq ayblagani, orzularimdan ayirgani uchun ularni azoblash niyatida yomon yo‘lga kirib ketdim.

Hamma yomon ishni qilganman

Yigitlar bilan “o‘tirardim”. Ichardim, chekardim. Sheriklarim ham bo‘lgan. Aksariyati bilan tungi klubda tanishib qolganmiz. Ko‘pining yoshi mendan katta edi.

Bir rus dugonam bo‘lardi. U doim “Mubina, sen o‘zbeksan, nomusingni asrashing shart. Men rusman, menga farqi yo‘q. Kimdir meni sevib qolsa olaveradi, lekin o‘zbek yigitlari undaymas”, deb meni avaylardi. Buzilib ketmasin deb uyimga olib borib qo‘yardi. Onam esa uni juda yomon ko‘rar, seni shu qiz buzyapti derdi.

Foto: Google Photos

Pul borasida aytarli muammoyim bo‘lmagan.  Tungi klub va kafelarda ofitsantlik qilganman. O‘zim topardim, keyin yigitlardan ham olardim.

Dadam ham bu ishlarimdan xabardor bo‘lgan. “Bo‘ldi, qizim, yig‘ishtir” derdi, lekin onam bilan chiqisholmasam, baribir chiqib ketardim.

Ikki marta tarbiyasi og‘ir qizlar koloniyasida bo‘lganman

Uydan qochib ketaverganimdan keyin meni ichki ishlar xodimlari ushlab, tarbiyasi og‘ir qizlar koloniyasiga olib ketdi. Ko‘p o‘tmay dadam u yerdan  dokument qilib meni olib chiqdi. Uyga keldim. Fe’lim og‘irlashib, gap ko‘tarolmay qolgandim. Sal narsaga asabiylashib ketardim. Onam esa eski narsalarni qo‘zg‘ayverardi. Sen ko‘chaga chiqib ketgansan, u san-bu san deyavergani uchun yana uydan qochib ketdim. Ancha payt onamning, yaqinlarimning ko‘ziga umuman ko‘rinmadim.

Yetti oydan keyin meni topib, yana o‘sha maxsus kollejga qaytarishdi. Bir muddat vaqt o‘tib, yana uyga qaytdim.

Foto: “Unsplash.com”

Onamga bor-yo‘qligimning farqi yo‘q

Hozir eski qiliqlarimni yig‘ishtirganman. Uyda o‘tiraman. Biroq haliyam onam bilan chiqisholmaymiz. Oddiy narsalarga ham urishaveradi. Nega meni tushunmaysiz desam, “sen meni tushunmaysan-ku, nega men seni tushunay?” deb aytadi. Axir, onalar qizlariga dugona bo‘lishi kerak emasmi?

Onam juda janjalkash ayol. Oilada aytgani aytgan, degani degan. Undan hamma hayiqadi, hatto otam ham. Dadam meni har tomonlama tushunadi, biroq onamga hech narsa deyolmaydi.

Menga “hozir yaxshi yurib turgin, yaqinda chetga ketasan, hammasini boshidan boshlaysan”, deydi. Onamga esa bor-yo‘qligimning farqi yo‘q. Unga pul bo‘lsa bo‘ldi. Ming dollar bilan meni tanlovga qo‘yishsa, onam ikkilanmay pulni tanlaydi.

Hamma mendan voz kechdi…

Dilshod degan bola bilan diskotekada tanishib qolganman. U bilan ancha payt gaplashib yurganman. Keyin birga yashaganmiz. U onamning oldiga borib, qizingizni yaxshi ko‘raman, uni tarbiyalab beraman deb ham aytgan. Birinchi marta koloniyadan chiqqanimdan keyin ham u meni topgan. Yana birga yashaganmiz.

Bu orada meni yana koloniyaga olib ketishdi. Qaytib chiqqunimcha uylanib ketibdi. Yoniga bordim, u yerdan chiqdim, sizni qidirib yurgandim, dedim. U bo‘lsa “endi oldimga kelma, men uylandim, hammasi tamom” deb aytdi.

Uni yaxshi ko‘rmayman, shunchaki ko‘ngilxushlik uchun yashab yuribman deb o‘ylagandim. Lekin haqiqatan ham yaxshi ko‘rib qolgan ekanman. Rosa yig‘ladim. O‘zimni o‘ldirgim keldi. Lekin dugonam tasalli berdi.

Foto: “Unsplash.com”

Nima sizni yashashga undaydi?

O‘zim ham bilmayman… Mening ham boshqalar kabi hayotda o‘z maqsadlarim, orzularim bor edi. Huquqshunos bo‘lib, katta joylarda ishlayman, hamma ko‘rib havas qiladi deb o‘ylar edim.

Endi esa nima orzu qilishni bilmayman. Go‘yo zulmatda adashib, qayoqqa borishni, nima qilishni bilmayotgan odamdekman.

Afsuslanaman…

Bu hayotga kelganimga, onamga jahl qilib, hayotimni barbod qilganimga afsuslanaman. Men shu ishlarni qilsam, onam azoblanadi deb o‘ylardim. Keyin bilsam, aslida o‘zimni o‘zim azoblagan, shuncha yillarimni qurbon qilgan ekanman. Hammasidan ming pushaymonman. Endi aqlimni yig‘ib oldim. Qaniydi hayot ortga qaytganida, yaxshi qiz bo‘lardim, faqat o‘qirdim. Afsuski, endi kech…

Men tengi qizlarga “nima bo‘lishidan qat’i nazar o‘zlaringni qo‘lga olinglar, bu yo‘lga aslo qadam bosmanglar, birovga qasd qilib, hayotlaringni barbod qilmanglar”, degim keladi.

Yangi hayot boshlamoqchiman

Endigi rejam xorijga ketib, hayotimni boshqatdan boshlash. Ishga kiraman, halol mehnat qilaman. Qishloqda o‘sganman. Qizlar tugul yigitlarning ham ishi qo‘limdan keladi. Eng muhimi, tezroq bu yerdan ketish, u yog‘i bir gap bo‘lar…

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

От qwert.uz