O‘zbekistonda 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab o‘qituvchilarni bosqichma-bosqich litsenziyalash tizimi joriy etiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Foto: AOKA

Qayd etilishicha, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun ularning maoshlari 2,5 barobarga oshirildi, shuningdek, qonunchilik doirasida o‘qituvchilarning sifatli ishini qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Xususan, Prezident qarori bilan xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilariga bir martalik mukofot joriy etildi. Xususan, oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchi 111,5 million so‘m, o‘qituvchisi esa 100 million so‘mdan ziyodroq miqdorda mukofot oladi.

Ta’kidlanishicha, o‘qituvchilar ta’lim sifatini taxminlash uchun o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishlari lozim. O‘qituvchilarning bilim darajasini aniqlash maqsadida vazirlik Sirdaryo viloyatida test sinovlarini o‘tkazgan. Keyingi test sinovlari barcha viloyatlarda bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda repetitorlarga litsenziya olish talab etilishi mumkin

Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarovning ma’lum qilishicha, 2021-yil 1-yanvardan boshlab o‘qituvchilar va maktab direktorlarining 5 foizi majburiy litsenziyalanishi kerak. Litsenziya o‘qituvchilar uchun 5 yil muddatga, maktab direktorlari uchun esa 3 yilga beriladi.

Maktab o‘qituvchilarini bosqichma-bosqich litsenziyalash tartibini joriy etish malakali, bilimli pedagogik mahoratga ega va bolalar bilan ishlash uchun yetarli psixologik bilimga ega o‘qituvchilarni tanlash imkonini beradi.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, malaka toifasi bo‘lmagan o‘qituvchi kasbiy litsenziya olganidan so‘ng ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar uchun beriladigan oylik maosh oladi.

От qwert.uz