Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri metrosida 2017-yilda sodir etilgan teraktda asosiy ayblanuvchi hisoblangan qirg‘izistonlik Abror Azimov bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Moskva okrug harbiy sudi Abror Azimovni terrorchilik guruhiga a’zolikda va unga o‘z tanishlarini jalb qilganlikda, terakt sodir etganlikda, noqonuniy qurol savdosida, shuningdek, portlovchi moddalar va qurilmalarni tayyorlash, saqlash va tashishda aybdor deb topdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Ish bo‘yicha boshqa ayblanuvchilarga 19 yildan 28 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi tayinlandi.

Sud Akram Azimov, Ibrohim va Muhammadrasul Ermatovga 28 yillik qamoq jazosi berdi. Prokuror ular uchun umrbod qamoq jazosi so‘ragan edi.

Sodiq Ortiqov 22 yilga, Shohista Karimova, Muhammadyusuf Mirzaolimov, A’zamjon Mahmudov va Dilmurod Muidinov 20 yilga, Sayfulla Hakimov va Bahrom Ergashev 19 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Barcha sudlanuvchilarga 500 mingdan 800 ming rublgacha jarima ham tayinlangan.

Sudning qaroriga ko‘ra, Abror Azimov Rossiyada taqiqlangan terrorchilik tashkilotiga a’zo bo‘lgan, unga o‘z tanishlarini jalb qilgan, terrorchi xudkush Akbarjon Jalilov bilan aloqada bo‘lgan va unga pul bergan.

Barcha ayblanuvchilar bir-birini tanigan, ular telefon va internet orqali aloqada bo‘lgan, bo‘lajak terakt uchun joy izlagan va uning tafsilotlarini muhokama qilgan. Ba’zi sudlanuvchilar bitta kvartirada yashagan, u yerda yana bitta qo‘lbola portlovchi qurilmaning izlari aniqlangan.

Guruh rahbarlari Sirojiddin Muxtorov va Buburjon Mahbubovning jinoiy ishi alohida ish sifatida ajratilgan va ular xalqaro qidiruvga berilgan.

Sankt-Peterburg metrosida 2017-yilning 3-aprel kuni portlash yuz bergan.“Sennaya ploshchad” va “Texnologicheskiy institut” bekatlari oralig‘ida portlash yuz bergan edi. Vagonda quvvati trotil ekvivalentida 300—500 grammga teng portlovchi uskuna ishga tushgan. Portlash oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan, 50 dan ortiq odam tan jarohati olgan. Terakt uchun javobgarlikni “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotiga aloqador guruh o‘z zimmasiga olgan.

От qwert.uz