Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Qo‘qonda sirli o‘lim qotillari kimlar…” sarlavhali maqola tarqaldi. Unda Qo‘qon shahri, Istiqlol ko‘chasidagi uyda yashagan 29 yoshli Furqatjon Abdunazarovning o‘limi va voqea yuzasidan murojaatlarga davlat organlari javob bermaganiga norozilik bayon etilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Foto: Facebook/Bahodirkhon Eliboyev

Unda aytilishicha, Furqatjon Abdunazarov Qo‘qondagi festival yakunida, ya’ni 15-sentabr kuni o‘rtoqlari T.R. va E.R. bilan birga xonadonlardan biriga qandil o‘rnatib berish uchun chiqib ketgan. Biroq o‘sha kuni kechasi uni kimdir uyiga tashlab ketgan. “Furqatjonning yonidagi telefoni va pullarini topolmadik”, degan uning onasi.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, o‘sha kechasi Furqatjonga kimdir 40 ta “Anaprilin” tabletkasini ichirgan. Uyqusi kelayotganini, boshi aylanayotganini aytishga ulgurgan Furqatjon 16-sentabrga o‘tar kechasi vafot etgan. Mazkur voqeadan keyin Furqatjonning onasi ekspertizaga, Qo‘qon shahar IIBga, prokuraturaga, portalga bir necha bor murojaat qilgan, lekin ulardan javob olmagan. Shu sababli ijtimoiy tarmoq orqali jurnalistlarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Ushbu voqea yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi. Qayd etilishicha, Furqat Abdunazarovning o‘z yashash xonadonida to‘satdan vafot etganligi holati yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida marhum Furqat Abdunazarovning o‘limi tromboz kasalligi, o‘pka arteriya qon tomirlarining tromboemboliyasi oqibatida o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi oqibatida kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, marhum Furqat Abdunazarov hayotlik vaqtida tromboz, o‘pka arteriyasining qon tomiri tromboemboliyasi bilan kasallanganligi, aynan shu kasallik uning o‘limiga bevosita sabab bo‘lganligi bayon etilgan.

Marhumdan olingan qon namunalari tarkibidan dori vositalari topilmagan. R.T. va R.I. 2019-yil 15-sentabrda o‘rtog‘i Furqat Abdunazarov bilan birga soat 20:00 larda ko‘rishib, birga pivo ichgani, Furqat Abdunazarov mast bo‘lib qolganligi sababli soat 23:00 larda R.T. uni yashash xonadoniga olib borib tashlab kelganligi, Furqat Abdunazarov biror-bir dori vositasi iste’mol qilmaganligini, ularning o‘rtasida biror-bir janjal bo‘lmaganligini bildirgan.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Furqat Abdunazarovning vafot etganligi holatida biron-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli 2019-yil 15-oktabrda jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan hamda bu haqda marhumning yaqin qarindoshlariga ma’lum qilingan.

От qwert.uz