O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi saytida Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur yangi yilni nishonlanish masalasidagi mulohazalari e’lon qilindi.

Foto: O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi matbuot xizmati

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda internet sahiflari, turli portal va va ijtimoiy tarmoqlarda milodiy yangi yil kunini bayramona kutib olish, ushbu munosabat bilan bir-birini tabriklab, tilaklar bildirish kabi odatlar islom dini ta’limotiga zid va kufr deb atash avj olib bormoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi . Shularni e’tiborga olib, bu kabi nizoli masalaga oydinlik kiritish va unga xolisona yondoshib, o‘z fikrini bayon qilishga qaror qildi.

Quyida uning bu boradagi fikrlari keltirildi:

Milodiy yangi yil va uni nishonlash diniy shiorlar, ya’ni namoz, zakot, ro‘za, haj, umra, ikki hayit va boshqa marosimlarning vaqtini belgilash hamda ularga amal qilishda hijriy taqvimdan foydalanishga to‘sqinlik qilmaydi. Bunga e’tiroz bildiruvchilar “xristianlar yoki boshqa g‘ayridinlar bayramlarining musulmonlar tomonidan nishonlanishi shar’iy kitoblarda taqiqlangan-ku, musulmonlar ularga taqlid qilishdan qaytarilgan-ku, ular ham, musulmonlar ham yangi yilni nishonlasalar, ularga o‘xshagan bo‘lib qolmaymizmi?”, degan xavotirlariga quyidagicha javob beramiz.

Ahli sunna val jamoa ulamolarining fatvo kitoblarida musulmon o‘zini g‘ayridinlarga din va e’tiqodda o‘xshatishi harom ekani ta’kidlangan. Shuningdek, kiyimiga xoch yoki boshqa botil aqidalarning ramziy belgilarini osib yurish musulmonlarga nojoizdir. Ammo kiyiladigan, butun bashar umumsuratda qabul qilingan oddiy libos, zeb-ziynat, uy-joy kabi e’tiqodga daxl qilmaydigan narsalarda o‘xshashlik yuzaga kelgan taqdirda bunga ruxsat beriladi.

Xuddi shuningdek, agar milodiy yangi yil Xudoning o‘g‘li Iso tug‘ilgan kun deb nishonlansa, bu islom aqidasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Biroq, “internet shayx”lari tomonidan bot-bot ta’kidlanadigan “milodiy yangi yilni nasroniylar Isoning tug‘ilgan kuni sifatida nishonlaydi”, degan fikr ham ilmiy asosga ega emas.

Ammo musulmonlar tomonidan 1-yanvar kunini milodiy sananing yangilanishi sifatida, Iso alayhissalomning tavallud kuni yoki boshqa etiqodlarga bog‘lamagan holda nishonlanishining shar’an zarari yo‘q. Mana masalan, O‘zbekiston musulmonlari ham 1-yanvar arafasida bir-birini tabriklab, ezgu tilaklarini izhor etadi. Bugungi dunyoda yashayotgan millionlab musulmonlarga ham bu odat bo‘lib qolgan. Ana shunday bir sharoitda milodiy yangi yilni nishonlasa, xristianlarga o‘xshab qoladi, deb shuncha musulmonni kofirga chiqarish mantiqqa to‘g‘ri keladimi?! Bunday qat’iy hukm chiqarishdan avval islom aqidasini yaxshiroq o‘rganish lozim. Musulmonlarni kofirga chiqarish uchun ularning haqiqiy e’tiqodini aniqlab, keyin hukm chiqarish kerak.

Zero, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, “barcha amallar niyatga qarab baholanadi”. Odamlarni kufrda ayblayotgan kishilar shuni bilsinlarki, Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam birovni kofirga chiqarish qanchalik xatarli ekanini ta’kidlab: “Kim o‘z birodarini kofir desa, qaraladi, agar o‘sha ikkinchi shaxs haqiqatan kofir bo‘lsa, rost gapirgan bo‘ladi. Bordi-yu agar u kofir bo‘lmasa, kofirlik ayblovchining o‘ziga qaytadi”, deb aytganlar.

Ma’lumki, O‘zbekiston ma’rifat va taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Binobarin, mamlakatimizda diniy bayramlar bilan bir qatorda dunyoviy mohiyatga ega bir qancha bayramlarni ham nishonlash odatga aylangan. Ro‘za va Qurbon hayitlari munosabati bilan davlatimiz rahbarining tabriknomalari e’lon qilinishi, hayit namozlari va bayramlarini namunali o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinayotgani, haj va umra ziyoratlarining tartibli tashkil etilayotgani, masjidlarimizning soni muntazam oshib borayotgani, diniy adabiyotlarning katta adadlarda nashr etilayotgani natijasida e’tiqodli xalqimizning imon va ixlosi yanada mustahkamlanib borayotgani uchun Alloh taologa behisob hamdu sano va shukronalar qilishimiz lozim.

Shayx Abdulaziz Mansur, Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari

От qwert.uz