18-dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida favqulodda vaziyat vujudga kelgan edi. O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga muvofiq sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini joyida o‘rganish, zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish maqsadida hukumat komissiyasi tuzilgan. “O‘zbekiston 24” kanalida Samarqand va Shahrisabzda metro qurilishida halok bo‘lgan quruvchilarning dafn marosimlari o‘tkazilgani haqida lavha efirga uzatildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Kadr: YouTube
Voqea joyida olib borilgan tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida olti nafar fuqaroning jasadi tuproq ostidan olib chiqildi va ularning shaxsi aniqlandi. Qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlanib, komissiya ishining birinchi fazasi nihoyasiga yetdi.
Komissiya tomonidan hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish hamda bartaraf qilish ishlari davom ettirilmoqda, mazkur holatning vujudga kelishiga sababchi bo‘lgan va yo‘l qo‘ygan mas’ul tashkilot va shaxslar aniqlanmoqda. Shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida shu va boshqa ko‘ngilsiz holatlar takrorlanishini oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yashash manziliga yetkazildi. Pudratchi-quruvchi tashkilotlar tomonidan ularning oila-a’zolari va yaqinlariga 100 million so‘mlik dastlabki tovon pullari to‘lab berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan qo‘shimcha kompensatsiya pullari to‘lab beriladi.
“Halok bo‘lganlarning dafn marosimlarini o‘tkazishga mahalliy davlat hokimiyati organlari har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda. Nodavlat tashkilotlar tomonidan ularning oilalariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilyapti”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Musulmonlar idorasi Yunusoboddagi fojia oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan edi.