Joriy yilning o‘tgan 11 oyi holatiga ko‘ra, respublikada pensiya oluvchilar soni 3 302 195 nafarni, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni esa 359 666 nafarni tashkil etmoqda. 2019-yil uchun pensiya to‘lovlariga Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi hisobidan 26,2 trillion so‘m, nafaqa va kompensatsiya to‘lovi uchun esa davlat budjeti hisobidan 2,7 tirillion so‘m ajratilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Bu haqda 18-dekabr, chorshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan 2019-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2020-yilga belgilangan asosiy vazifalar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Foto: “Daryo”

Tadbirda jamg‘arma boshqarma boshlig‘i Nuriddin Sodixo‘jayev “suyunchi puli” va dafn nafaqasi kimlarga qancha miqdorda berilishiga oid savolga atroflicha javob qaytardi.

“Bola tug‘ilganda beriladigan va dafn marosimi uchun tayinlanadigan nafaqalar barcha fuqarolarga ajratiladi. Faqat odamlar tug‘ilganlik va o‘lim to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni olib kelishi kifoya. Bu borada “kam ta’minlangan”, “boquvchisini yo‘qotgan”, degan tushunchalar ketmaydi”, — dedi Nuriddin Sodixo‘jayev.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan davri ichida dafn nafaqasi bo‘yicha 140 mingta murojaat bo‘lib, bunga 118 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. “Suyunchi puli”ga esa 710 mingta murojaat qilingan va buning uchun 298 milliard so‘m pul sarflangan. Dafn marosimiga eng kam ish haqining 4 baravari, bola tug‘ilganda beriladigan nafaqaga esa eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Nuriddin Sodixo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan murojaat qilgan fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida tizimli ishlar olib borilyapti. Tajriba sifatida respublikaning 14 ta tuman va shahridagi davlat xizmatlari markazlari orqali murojaatlar qabul qilinmoqda. 2020-yilning fevral yoki mart oyidan boshlab esa ushbu jarayon to‘liq avtomatlashtirilishi rejalashtirilmoqda.

От qwert.uz