O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning ijtimoiy tarmoq orqali hadislarni talqin qilishi foydalanuvchilarning keskin e’tiroz va tanqidlariga sabab bo‘ldi. Facebook’dagi “Xalq bilan muloqot guruhi”da bu boradagi muhokamalar hamon davom etmoqda — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Foto: Videodan lavha

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ana shunday bahslar xususida maqola e’lon qildi. Unda diniy ilmdan uzoq bo‘lgan shaxslarning shar’iy masalalarda o‘zboshimchalik bilan so‘z yuritib, odamlarning fikrlarini chalg‘itayotgani musulmonlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani bildirilgan.

Unda aytilishicha, diniy ilmsiz odamning shariatga oid mavzuda haqni aytyapman deyishi huddi tug‘ma ko‘rning “Karvonga o‘zim yo‘l ko‘rsataman!”, deyishiga o‘xshaydi.

“Qur’oni karim va hadisi sharifdan hukm olish, shar’iy masalalarda fatvo berish uchun mujtahid yoki ulamo maqomiga yetish shart. Ayniqsa, hadisi sharif ma’nolarining tarjimasini o‘qib, ilmsiz ravishda undan hukm chiqarib, ‘Sen shu hadisda aytilayotgan kishisan’ deb jar solishga hech kimning mutlaqo haqi yo‘q!”, — deb ta’kidlangan maqolada.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarning diniy mavzudagi savollariga javob berish maqsadida Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilganini eslatib o‘tgan.

“Idora o‘z vakolati asosida shariatga oid masalalar yuzasidan barcha shakldagi murojaatlarga xalqimiz uchun an’anaviy bo‘lgan hanafiylik mazhabi asosida fatvo va xulosalar berib kelmoqda”, — deyiladi xabarda.

От qwert.uz