Toshkent viloyatida murdaning shaxsini aniqlash uchun o‘tkazilgan DNK ayolning eriga xiyonatini fosh etdi

Toshkent viloyatida murdani shaxsini aniqlash uchun o‘tkazilgan DNK ekspertizasi ayolning eriga qilgan xiyonatini fosh etib qo‘ydi. Jasadning biologik otasi uning amakisi, ya’ni onasining qaynukasi bo‘lib chiqdi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar berdi.

Foto: Google Images

“Ayrim ayollar yengil hayot ortidan pul topib yurgan kezlari homilador bo‘lib qolishadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Farzandini dunyoga keltirgach esa uni boqishga qiynaladi va biologik otasidan aliment undirish uchun DNK ekspertizasiga murojaat qilishadi. Bir paytlar ayoliga, oilasiga xiyonat qilib, ko‘ngilxushlik qilgan erkaklarimizning esa mana shu jarayonda tinchligi buziladi. Ularning qanday ruhiy tushkunlikka tushishini tasavvur qilib ko‘ring-chi. Bolaning biologik otasini aniqlashda o‘sha yengiltak ayol bilan munosabatda bo‘lgan bir nechta erkakdan ekspertiza namunalari olinadi. Mana shunday holatga tushgan erkaklarning ekspertiza javobi chiqqunga qadar ruhan ezilib, sochlari oqarib ketganiga ham guvoh bo‘lganman.

Buning sababi bor, albatta. Ekspertizaga kelayotgan erkaklarning aksariyati oilali, hatto bo‘yi yetgan farzandlari, ayrimlarining quda-andasi, nevaralari ham borligi ma’lum bo‘lgan. Yana shunday holatlar ham bo‘ladiki, ba’zi jinoyatlarni ochish mobaynida DNK ekspertizasi jabrlanuvchilarning o‘zlariga ayon bo‘lgan sirlarini fosh qilib qo‘yadi. Shuning uchun xiyonat ertami-kechmi oshkor bo‘ladi deb bejiz aytishmaydi.

Misol uchun, bu voqea Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtda 16-17 yoshlarda bo‘lgan o‘smir maktabni tugatadi. Yoshlar yig‘ilib, bitiruv kechasi qilishadi. Kechadan chiqib ketgan o‘quvchi bedarak yo‘qoladi. Uning ota-onasi ichki ishlar idorasiga xabar beradi. Ammo u topilmaydi. Baxtga qarshi oradan ancha vaqt o‘tgach, o‘sha o‘quvchining belgilari bo‘lgan, lekin tanib bo‘lmas darajaga kelib qolgan jasad topiladi. Murdaning shaxsini aniqlash uchun DNK ekspertizasi o‘tkaziladi.

Ekspertiza o‘tkazish uchun yo‘qolgan bolaning ota-onasidan namuna olinadi. Buni qarangki, ekspertiza natijasiga ko‘ra ona o‘sha jasadning biologik onasi ekanligi tasdiqlanadi, ammo bolaning otasi boshqa ekanini ko‘rsatadi. Jabrlanuvchilar ekspertiza xulosasiga e’tiroz bildirishdi. Shundan so‘ng hammasi takroran amalga oshirildi. Yana ham ishonchli bo‘lishi uchun bu safar o‘sha o‘smirning bobosi, amakisi va boshqa yaqin kishilaridan ham namuna olinib, ekspertizaga jalb etildi. Keyingi xulosa natijasi yanada ayanchli holatni ochib berdi. Afsuslanarlisi, jasadning biologik otasi uning amakisi, ya’ni onasining qaynukasi bo‘lib chiqdi. Bir jinoyatning ochilishi ayolning eriga qilgan xiyonatini ham fosh etib qo‘ydi. U oilaning keyingi taqdiri bizga noma’lum”, — deydi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertizasi markazining Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi mudiri Dilobar Ahmedova.