Rossiyaning Qalmog‘iston respublikasi sudi Moskvaning sobiq meri Yuriy Lujkovning rafiqasi Yelena Baturinaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Foto: “RBK”
Ma’lum qilinishicha, ish Yelena Baturinaning akasi Viktor Baturinga tegishli biznesning moliyaviy boshqaruvchisi Erensen Manjeyevning tuhmat haqidagi arizasiga asosan qo‘zg‘atilgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yelena va Viktor Baturin o‘rtasida Avstriyada sud jarayoni ketmoqda. Viktor o‘z singlisi tomonidan berilgan ma’lumot bo‘yicha ham bahslashmoqda. Yelenaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, uning akasi ular o‘rtasida 2007-yilda imzolangan va ular o‘rtasidagi e’tirozlarni tartibga soluvchi shartnomaning ilovasini soxtalashtirgan, natijada tomonlarda turli mazmundagi ilovalar yuzaga kelgan.
Bu bahs davomida Yelena Rossiyada Manjeyevga nisbatan soxta hujjatlar yordamida uning mablag‘laridan foydalanganlik bo‘yicha ish tergov qilinayotganini aytgan. Manjeyevning aytishicha, Yelena tomonidan berilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, shu sababli u tuhmat bo‘yicha sudga murojaat qilgan.
27-dekabrda sud Yelena Baturinaga nisbatan qidiruv e’lon qilish haqida qaror qabul qilgan. Qidiruvni amalga oshirish Qalmog’iston Ichki ishlar vazirligiga yuklangan. Baturinaga ichki ishlar idoralariga uchrashish majburiyati qo‘yilgan. Qidiruv e’lon qilinishiga Baturinaning olti marta sudga kelmagani sabab bo‘lgan.