Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin aviahalokat tafsilotlarini har tomonlama o‘rganib chiqish va halok bo‘lganlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatish haqida topshiriq berdi, deb yozmoqda“Tengrinews”.

Foto: Reuters

Bosh vazir rahbarligida Bek Air samolyoti aviahalokati sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazilgan.

“Olmaota viloyatida yuz bergan fojia butun Qozog‘iston aholisini tashvishga soldi. Aviahalokat oqibatida ko‘plab odamlar jarohat olib, halok bo‘ldi”, — deydi Mamin.

“Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra halok bo‘lganlarning oilalariga 4 million tangadan mablag‘ ajratiladi. Talafot ko‘rganlarga ham zaruriy yordam ko‘rsatiladi”, — deya qo‘shimcha qilgan Qozog‘iston bosh vaziri.

Bosh vazir Ichki ishlar vaziriga Bek Air kompaniyasiga tegishli samolyotning qulashi bo‘yicha sudga qadar tergov-surishtiruv ishlarini tashkillashtirish, sog‘liqni saqlash vaziriga jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

“Halokat sabablarini o‘rganayotgan hukumat komissiyasi o‘z ishining dastlabki natijalari haqida 2020-yil 10-yanvarda ma’lumot beradi”, – deydi Asqar Mamin.

Hukumat rahbari halok bo‘lganlarning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildirdi, jarohatlanganlarga esa tezroq sog‘ayishni tiladi.

Davlat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev topshirig‘i asosida tashkil qilingan komissiya ishi haqida bosh vazir o‘rinbosari Roman Sklyar hisobot berdi. Ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayev hodisa joyida olib borilayotgan tergov surishtiruv ishlari bo‘yicha, sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov esa jarohatlanganlarning sog‘lig‘i va holati to‘g‘risida ma’lum qildi.

Bek Air aviakompaniyasining samolyoti 27-dekabr kuni Qozog‘iston mahalliy vaqti bilan tonggi soat 7 da halokatga uchragan. Layner bortida besh nafar ekipaj a’zosi, 93 nafar yo‘lovchi, jumladan, 89 nafar Qozog‘iston fuqarolari, ikki nafar Ukraina, bir nafar Qirg‘iziston va bir nafar Xitoy fuqarosi bo‘lgan. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligini bildirgan. Aviahalokat oqibatida 15 nafar odam, xususan, samolyot komandiri halok bo‘ldi. Rasmiy manbalar aviahalokat qurbonlari sonining 12 nafar ekanini ma’lum qilgan. Olmaotadagi turli tibbiyot muassasalariga jami 49 nafar odam yotqizilgan. Shavkat Mirziyoyev Olmaotadagi aviahalokat munosabati bilan Qozog‘iston prezidentiga ta’ziya bildirgan.

От qwert.uz