O‘zbekistonda 2020-yil 1-fevraldan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshiriladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.

Foto: “Daryo”

Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 30-dekabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ‘2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida’gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda nazarda tutilgan.

2020-yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekiston hududida:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 679 330 so‘m (hozir 634 880 so‘m);
  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 238 610 so‘m (hozir 223 000 so‘m);
  • eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 466 680 so‘m (hozir 436 150 so‘m);
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 466 680 so‘m (hozir 436 150 so‘m);
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 286 390 so‘m (hozir 267 650 so‘m);
  • 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdorlari 2-ilovaga muvofiq belgilanadi;

Soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun patent (litsenziya) to‘lovlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlashda qo‘llaniladigan bazaviy hisoblash miqdori – 223 000 so‘m o‘zgarishsiz qoldiriladi.

От qwert.uz