Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ning Eron havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi bilan urib tushirilishida aybdor bo‘lganlarning bari javobgarlikka tortilishiga va’da berdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Bu haqda, Zelenskiyning maxsus videomurojaatida ta’kidlanishicha, uning Eron prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbati davomida so‘z borgan.

“Biz hech kim qutulib qola olmasligiga kelishib oldik”, — deya ma’lum qildi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, davlat halok bo‘lganlarning oila a’zolariga, xususan, sug‘urta kompaniyalari, aviatashuvchi va Eron hukumatidan tovon pullarini olish masalasida zarur barcha yordamni ko‘rsatadi. Ukraina hukumati esa, o‘z navbatida, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga moliyaviy yordam ajratadi.

Zelenskiy videomurojaati davomida Ukraina rasmiylari tomonidan “Boing” aviahalokati tafsilotlarini aniqlash, jumladan, DNK namunalarini to‘plash borasida qanday ishlari qilinganini batafsil so‘zlab bergan. Ukraina prezidentining ma’lum qilishicha, urib tushirilgan samolyot qora qutilarini rasshifrovka qilish ustida Ukraina va Eron mutaxassislari birgalikda ish olib boradi.

Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Ukraina huquq-tartibot organlari “Boing” halokati munosabati bilan Ukraina fuqarolarining o‘ldirishi holati bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.

Ukraina prezidenti jahon hamjamiyatini yuz bergan voqea xolis va har tomonlama tergov qilinishi uchun imkoni bor barcha choralarni ishga solishga chaqirgan.

От qwert.uz