Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ma’lum qilishicha, agar Liviyada “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK)ning yollanma jangchilari bo‘lsa ham, ular Rossiya manfaatlarini ifoda etmaydi. U bu haqda Germaniya kansleri Angela Merkel bilan bo‘lgan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Meduza.

Foto: “RIA Novosti”

“Agar u yerda Rossiya fuqarolari bo‘lsa ham, ular Rossiya davlati manfaatlarini ifoda etmaydi va Rossiya davlatidan pul olmaydi”, — dedi Putin, hozir Liviyada aynan qancha rossiyalik “Vagner” yollanma jangchilari harakat qilayotgani haqidagi savolga javob berarkan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Putinning aytishicha, Liviyada “har turli yollanma jangchilar ko‘p”, xususan, ular orasida bungacha Suriyaning Idlibida jang qilganlar ham bor (bunda Putin, katta ehtimol, Turkiya tomonidan Suriyadan Liviyaga tashlangan jangarilarga ishora qilgan).

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Liviyada “Vagner” XHKning ikki mingdan ortiq yollanma jangchilari harakat qilayotgani haqida aytgan edi.

Vladimir Putin 2018-yil martida AQShdagi saylovlarga aralashuvda ayblangan “trollar fabrikasi” xodimlari haqida gapira turib, “Rossiya davlatini ifoda etmaydi” jumlasini ishlatgan edi.

2018-yil dekabrida esa Putin “Vagner” XHKning yollanma jangchilari, agar Rossiya qonunlarini buzmayotgan bo‘lsa, “sayyoraning istalgan nuqtasida o‘z biznes-manfaatlarini yurgazishlari mumkin”ligini aytib o‘tgan edi.

От qwert.uz