Rossiya prezidenti farmoni bilan Mixail Mishustin bosh vazir lavozimini egalladi. Bu haqda Kremlga tayanib, Meduza xabar bermoqda.
Mixail Mishustin va Dmitriy Medvedev.
Foto: Reuters
Shuningdek, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimi ta’sis etilib, unga Dmitriy Medvedev tayinlandi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Farmonlar ular imzolanishi bilan kuchga kirdi.
Dmitriy Medvedev 15-yanvar, chorshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda hukumat rahbari lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Putin Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimini joriy etib, ushbu lavozimni egallashni Medvedevga taklif etishini aytgandi. Putinning o‘zi Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi hisoblanadi.
Medvedevning iste’fosidan so‘ng Putin Federal soliq xizmati rahbari Mixail Mishustinni bosh vazirlik lavozimiga ilgari surgandi. 16-yanvar, payshanba kuni Davlat Dumasi Mishustin nomzodini ma’qulladi. Mishustin tez kunlarda hukumatning yangi tarkibini tanishtirishga va’da berdi. Qonun bo‘yicha yangi bosh vazirda hukumatni shakllantirish uchun bir hafta muddat bor.