21-yanvar, seshanba kuni Samarqand shahridagi “Tinchlik” mahallasida yashovchi ayol D.R. MIB xodimlariga qarshilik qilib, ularga benzin sepib yoqib yubormoqchi bo‘lgan. “Daryo” muxbirining ma’lum qilishicha, voqea sodir bo‘lgan payt MIB xodimlari yonida “Tinchlik” MFY raisi, mahalla faoli, IIB xodimlari bo‘lgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Voqea joyi
Foto: “Daryo”
— Hammaning ustiga benzin sepib yubordi. Zo‘rg‘a qo‘lidan “zajigalka”ni oldik. Lattalarni yoqib hammaning ustiga tashladi, — deydi voqea guvohlaridan biri. — Fuqaroga uyidan majburiy chiqarish bo‘yicha ogohlantirish xati ham berilgandi.
— Samarqandda qarshilik ko‘rsatish holati bo‘yicha xodimlarga shikast yetmagan, — deya ma’lumot berdi MIB vakili Farrux Toshpo‘latov. — To‘lov intizomini mustahkamlash orqali qarzdorlikni kamaytirish, energiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish, sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta’minlash kabi vazifalarini bajarish Byuro xodimlariga oson kechmayapti. Ayrim hollarda fuqarolarimiz xodimlarning qonuniy talabini bajarish o‘rniga kuch ishlatib, qarshilik ko‘rsatish bilan masalani o‘z tomoniga hal etish mumkin deb hisoblamoqda.
Ta’kidlanishicha, 21-yanvar kuni MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi M.Bekmuhammedov 12 nafar davlat ijrochisi yordamida Samarqand shahar sudining 2019-yil 12-sentabrdagi ijro hujjatiga asosan javobgar D.R.ni xonadonidan majburiy chiqarishga uringanda D.R. davlat ijrochilarini yoqib yuborishga uringan. D.R. uyiga kirib, ichkaridan sochiqni yoqqan holda ko‘tarib chiqqan va davlat ijrochilariga qarata otgan. Yongan sochiq davlat ijrochilariga tegmagan. Lekin D.R. bu bilan chegaralanmasdan, xonadon ichidagi yelim idishdagi benzinni olib chiqib, har tomonga shu jumladan, yonib turgan sochiqqa ham sepgan. Sepilgan benzin davlat ijrochilari kiyimlariga ham tekkan bo‘lsa-da, davlat ijrochilarining chetlab qolishi natijasida alanga ularning kiyim boshlariga tegmagan.
Voqea joyi
Foto: “Daryo”
Mazkur holatda biror bir MIB xodimi yoki fuqarolar tan jarohatlari olmagan. D.R. IIB xodimlari tomonidan tinchlantirilgan va turli joylardagi yong‘in o‘choqlari yong‘in havfsizligi xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan shu kunning o‘zida Jinoyat Kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Farrux Toshpo‘latovning ma’lum qilishicha, 22-yanvar, chorshanba kuni MIB rahbariyati ishtirokida matbuot brifingi bo‘lib o‘tgan. Brifingda o‘tgan yil davomida Byuro xodimlariga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq 132 ta holat aniqlanib, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilgani aytilgan.
Ma’lum qilinishicha, Byuro tashkil etilgandan buyon 4 nafar xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan, 200 dan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgan. Ish hajmining ko‘pligi va og‘ir sharoitda ishlashni xohlamagan 7300 dan ortiq xodimlar esa o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shatilgan.