Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Britaniya Yevropa Ittifoqini Afrika sammitiga almashtirdi

Bosh vazirligi davrida obro‘sini yo‘qotishga ulgurgan britaniyalik siyosatchi Toni Bler ilk marotaba o‘tkazilgan Buyuk Britaniya – Afrika investitsion sammitini ishtiyoq bilan kutib oldi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Balandparvoz rejalar haqida gapirar ekan, sobiq bosh vazir “o‘zini insoniyatning eng muhim muammolarini hal qila oladigandek his qildi shekilli”, deb yozadi The Guardian nashri.

Foto: Global Research

Tantanavor nutqida janob Bler xilma-xil va tarqoq muammolarni, shu jumladan Afrikada samarali boshqaruv tizimini yaratish va qashshoqlikni tugatish masalalarini ko‘tardi.

Aslida esa uning chiqishi “yordam emas, savdo” g‘oyasiga amal qiladigan Boris Jonsonning qarashlaridan deyarli farq qilmadi. Yaqinda Buyuk Britaniya – Afrika sammitini o‘tkazgan Jonson Britaniyaning Afrikaga yordami mamlakatning siyosiy va savdo manfaatlariga xizmat qilishi haqida gapirgan edi. Toni Bler ham Buyuk Britaniya uchun nima yaxshi bo‘lsa, Afrika uchun ham yaxshi degan fikrda.

Bler Afrikada ta’sir doirasi uchun kurashning yangi bosqichi boshlanganini tan olmoqda. Ammo Bler Britaniyaning yutuqlarini orzu qilar ekan, Afrikada milliardlab pul sarflayotgan Xitoyni hamda shu maqsadda harbiy yordam va yollanma askarlaridan foydalanayotgan Rossiyani nazardan qochirmoqda.

Bler Afrika rahbarlari bilan shaxsiy munosabati yaxshiligiga urg‘u bermoqda. Bu qanchalik yaqin aloqalar?

Afrikada qashshoqlikni tugatadigan “to‘rtinchi sanoat inqilobi” g‘oyasi – yosh va tez ko‘payib borayotgan ishchi kuchiga tayanib qit’a mamlakatlari Sharqiy Osiyo “yo‘lbarslari” singari tez rivojlanishi ta’minlashi mumkin ekan. Ammo prognozlar Afrikada buning uddasidan chiqish qiyinligini ko‘rsatmoqda. Chunki Afrikada mahsulot ishlab chiqarish tannarxi favqulodda yuqori, mahsulot yetkazib berish zanjiri o‘ta sust ishlaydi.

Bundan tashqari, Afrikada ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish va avtomatlashtirishni joriy qilishning imkoni yo‘q. Afrikadan iqtisodiy mo‘jiza kutish mumkin emas. Bu Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqach, Afrikadan katta foyda ko‘radi degan taxminlarni yo‘qqa chiqaradi.

Xitoy Afrikaga kiritayotgan mablag‘ Afrika oyoqqa turishiga emas, uni yangi qarz botqog‘iga botirishga qaratilgan. Afrika davlatlari qarzlarni to’lashda katta qiyinchiliklarga duch keladi. Bler Efiopiya qo‘lga kiritayotgani haqida og‘iz to‘ldirib gapirar ekan, Jahon banki va xalqaro valyuta jamg‘armasi bu davlatning qarzdorlik hajmi xavfli darajaga yetganidan tashvish bildirmoqda.

Bu tashkilotlar taxminlariga ko‘ra, Afrika qit’asi mamlakatlari 2030-yilda ham qashshoqlikni tugata olmaydi. Raqamlar, misol uchun, Afrikaning eng rivojlangan mamlakati – Janubiy Afrika Respublikasi 2019-yilda bor-yo‘g‘i 0,7 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2020-yilda bu 1,1 foizga o‘sishini ko‘rsatmoqda.

Shunday ekan, voqelikni qanchalik ranglar ortiga bekitishmasin, Buyuk Britaniya va Afrika sammiti Afrika mamlakatlarining samarali boshqarilishi va taraqqiyotiga hech qanday yordam bera olmaydi. Bu Brexit’dan so‘ng Britaniyaning yangi bozorlar topishga urinishi xolos.

Afrika qit’asidagi jami ayollardanda boyroq 22 erkak

Oxfam xalqaro xayriya tashkiloti hisobotida boylar va qashshoqlar o‘rtasidagi farq o‘sib borayotgani xavfli tus olayotganini ta’kidlab, kapitalistik tuzum samarasiz ekanini e’tirof qildi, deb yozadi CNN axborot nashri.

Foto: Getty Images

Oxfam dunyo hukumatlarini ayollarning og‘ir mehnatini yengilashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqarishga chaqirdi. Xalqaro xayriya tashkiloti boylardan olinadigan soliq miqdorini oshirishni, bolalarga g‘amxo‘rlikni, sog‘liqni saqlash tizimiga ko‘proq mablag‘ ajratishni taklif qildi.

Oxfam’ning yillik hisoboti Davosdagi Butujahon iqtisodiy kengashi ochilish marosimida e’lon qilindi. Bu forum har yili dunyoning eng boy va ta’sirga ega kishilari yig‘ilishi bilan mashhur.

Xayriya tashkiloti hisoboti quyidagilari bilan diqqatga sazovor:

  • 2 153 milliarder Yer sayyorasining 4,6 milliard aholisidan ko‘proq boylikka ega;
  • 22 eng boy erkak Afrika qit’asidagi jami ayollardan-da boyroq. BMT ma’lumotiga ko‘ra, Afrikada 20 yoshdan yuqori 326 million ayol istiqomat qiladi;
  • dunyoning eng boy 1 foiz aholisi 6,9 milliard odamga nisbatan ikki baravar boyroq;
  • keksalar va bolalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun ayollar sarflaydigan mablag‘10,8 trillion dollar;
  • milliarderlar soni keyingi 10 yilda ikki karra ko‘paydi.

63 sahifalik hisobotda jahon yetakchilari boylar va qashshoqlar o‘rtasidagi farq keskin oshib borayotganiga yetarlicha ahamiyat bermayotgani ta’kidlanadi. Bu biznesda hal qiluvchi mansablar erkaklar hissasiga to‘g‘ri kelishi bilan ham izohlanadi. Hisobotda iqtisodiy notenglik gender notenglikka asoslanishi aytiladi.

Aholi keksayishi va bepul xizmatlar qisqarishi keksalar va bolalarga g‘amxorlik qilish ishlarini ko‘paytiradi va tengsizlik yanada oshishiga imkon beradi. Buning oldini olishning yo‘li sifatida qariyalar va bolalarga g‘amxo‘rlik qilishning milliy tizimlarini yaratish, bepul xizmatlarni ko‘paytirish va boylardan olinadigan soliqlani oshirish yaxshi natija berishi taklif qilindi.

Hisobot ko‘p mamlakatlarda, shu jumladan, AQShda ham milliarderlar jamiyat uchun qanchalik foydali degan munozara ortidan nashr qilindi.

Oxfam xulosalariga ko‘ra, kapitalistik jamiyatlar samarasiz, chunki bu monopoliyalar gullab-yashnashi va boylik ayrim kishilar qo‘lida to‘planishiga olib keladi.

Xambantota kelishuvi: Xitoy – Shri-Lanka savdo bitimi haqidagi haqiqatlar

Shri-Lankada yangi saylangan prezident vazifasiga kirishar ekan, Xambantota porti kelishuvi borasida voqealar rivojida o‘zgarish yuz bera boshladi. Shri-Lankaning yangi prezidenti Gotabxaya Rajapaksa 2017-yilda imzolangan Xambantota portini Xitoyga ijaraga berish haqidagi shartnomani boshqatdan ko‘rib chiqmoqchi ekanini, shartnoma bandlari borasida shubha-gumonlari mavjudligini ta’kidladi, deb yozadi The Diplomat nashri.

Foto: Wikipedia

Shri-Lanka prezidenti shartnomaning tijoriy bandlariga o‘zgartirish kiritish niyati yo‘qligini, ammo port xavfsizligi bilan bog‘liq bandlarga o‘zgartirish kiritish umidida ekanini aytganidan so‘ng Xitoy Shri-Lanka mustaqilligini hurmat qilishini, port xavfsizligi to‘la-to‘kis davlat xavfsizlik kuchlarining qo‘lida ekani haqida bayonot berdi.

Xambantota porti “xitoycha iqtisodiy qopqon” degan atama yuzaga kelishiga asos bo‘lgani ortidan Shri-Lanka prezidentining port kelishuvi borasidagi izohlari barchaning diqqatini jalb qilgani ham rost. Shri-Lanka sobiq rahbariyati va Xitoy hukumati imzolagan shartnomaning ko‘p jihatlari kam yoritilgan va ommaga havola qilinmagan edi.

Aksariyat Xambantota porti Xitoy Eksimbanki Shri-Lankaga bergan qarzdan voz kechilishi ortidan Xitoy tasarrufiga o‘tgan deb hisoblasa-da, Shri-Lanka hukumati qarzni to‘lashda davom etmoqda.

2017-yilning avgust oyida imzolangan shartnomaga ko‘ra, Xambantota portining 70 foiz aksiyasi Xitoy kompaniyasiga, 30 foizi Shri-Lankaga tegishli. Xitoy portni 99 yilga ijaraga olish uchun ajratgan 1,12 milliard dollar mablag‘ uni zamonaviy portga aylantirishga emas, Shri-Lankaning qisqa muddatli qarzlarini yopishga va xorijdagi aktivlarini kuchaytirishga sarflandi.

Shri-Lanka hukumati hozirda savdo qisqarishi, ikki taraflama defitsit – savdo va budjet defitsitini boshidan kechirmoqda. Iqtisodchi olim Nilanti Samaranayaka o‘z tadqiqotida “Janubiy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan munosabatlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorij sarmoyasi kamligi, eksport va undan keladigan daromad ozligi olingan qarzni dollarda to‘lash imkoniyatidan mahrum qilmoqda, natijada Xambantota kabi portlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalarga almashtirish qaroriga kelishga undamoqda”, deydi. Shunday ekan, Shri-Lanka kechirayotgan iqtisodiy tanazzulni Xitoyga ag‘darish to‘g‘ri emasdek.

Xambantota 2011-yilda katta ta’mirni boshidan kechirib qayta ochilgan bo‘lsa-da, Shri-Lanka iqtisodiyotiga kutilgan daromadni keltirmadi. Port Xitoy tasarrufiga o‘tishidan oldin 300 million dollarga yaqin moliyaviy yo‘qotishlar girdobida qolib ketgan edi.

Shunday ekan, port Xitoy tasarrufiga o‘tsa-da, kutilgan moliyaviy xarajatni qoplay olishini isbotlashi kerak bo‘ladi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

От qwert.uz