Gonkongdagi tadqiqotchilar Xitoyda tarqalgan yangi turdagi koronavirusga qarshi vaksina yaratdi. Bu haqda Gonkong universiteti yuqumli kasalliklar kafedrasi boshlig‘i Yuen Kvok Yungga tayanib, South China Morning Post nashri xabar berdi.

Foto: South China Morning Post

“Biz vaksina yaratdik, biroq hayvonlar ustida sinov o‘tkazish uzoq vaqt oladi”, — deydi professor Kvok  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Uning so‘zlariga ko‘ra, hayvonlar ustida sinov o‘tkazish bir necha oyni talab qiladi, odamlar ustida o‘tkaziladigan klinik sinovlarga esa kamida bir yil kerak bo‘ladi.

Yangi turdagi koronavirusga qarshi, shuningdek, AQSh va Rossiya ham vaksina yaratish ustida ish olib bormoqda. Novosibirsk viloyatida yangi virusga qarshi ikkita vaksinani yaratish boshlangan. “Vektor” virusologiya va biotexnologiya ilmiy markazi bosh direktori Rinat Maksyutovning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalar prototipini tadqiq qilish ishlari iyun oyida amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Uxan shahridan tarqalgan yangi turdagi koronavirus bilan kasallanganlar soni 6 mingdan oshib ketdi, 130 dan ortiq odam vafot etdi. Epidemiya sabab Xitoydagi umumiy aholisi 57 million kishiga teng 15 ta shahar to‘liq yoki qisman yopilgan. Xitoy rahbari Si Szinpin vaziyatni murakkab deb atagan.

От qwert.uz