Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hukumati bilan charter reyslar tashkil qilish masalalari ustida ish olib borayotgani haqida ma’lum qildi. Charter reyslar maqsadi Xitoy hududida (jumladan Uxan shahrida) xizmat safari va ta’lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilishdan iborat — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi ma’lumotiga binoan 1-fevral holatiga ko‘ra, Uxan shahrida 81 nafar o‘zbekistonlik fuqaro bor. Ular bilan telefon orqali aloqa o‘rnatilgan hamda “WeChat” ijtimoiy tarmog‘i (“Wuhan 2020 Uzbekistan”, “Embassy of Uzbekistan” va “Uzbekistan students №1” guruhlari) orqali muloqot qilib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Pekindan Toshkentga charter reyslar 4 va 5-fevral kunlari aeroportning 2-terminaldan amalga oshiriladi. Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolaridan 3-fevral kuni Pekin shahridaga elchixonaga kelishlarini so‘ragan. Vazirlik boshqa reyslar sanasi haqida qo‘shimcha xabar berilishini ma’lum qilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning elchixonasi Xitoyda bo‘lib turgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga har tomonlama yordam ko‘rsatish hamda koronavirusning yangi shakli (2019-nCoV) bilan bog‘liq vaziyatni monitoring qilish bo‘yicha tezkor shtab faoliyatini yo‘lga qo‘yganini haqida ma’lum qildi.

Avvalroq, O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi ko‘plab mamlakatlar tomonidan Xitoy bilan aviaqatnovlar bekor qilinishi sabab, Pekin aeroportida qolib ketgan 3 nafar talaba to‘g‘risida tarqalgan xabarni tasdiqlab, ular bilan aloqa o‘rnatilgani va diplomatlar muammolarni hal qilish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rayotgani haqida xabar berilgandi.

От qwert.uz