Koronavirusga qarshi kurash uchun qancha mablag‘ kerak bo‘lishi ma’lum qilindi

Byqwert.uz

5 февраля, 2020

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yangi turdagi koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish uchun yaqin uch oyda 61,5 million dollar kerak bo‘ladi. Bu haqda tashkilotning Jenevadagi ijroiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan 146-sessiyasida ma’lum qilindi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, virusning tarqalishiga qarshi kurashish yo‘lida xalqaro operatsiyalarni muvofiqlashtirish uchun 12 million dollar kerak bo‘ladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Mamlakatlarni epidemiyaga tayyorlash va ularning tezkor aralashuvini baholash uchun 45 million dollar mablag‘ zarur. Shuningdek, yana 4,5 million dollar tadqiqotlar va innovatsiya uchun zarur.

Xitoy hukumati 2019-yil 31-dekabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga Uxan shahrida noma’lum virus orqali pnevmoniya yuzaga kelgani haqida xabar bergandi va tashkilot bosh direktori vaziyatni o‘rganish uchun Xitoyga borgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirus tarqalgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, bugungi kunga qadar O‘zbekiston fuqarolari orasida infeksiya qayd etilmaganini ma’lum qilgan edi. Mamlakat aeroportlarida kasallikka qarshi xavfsizlik choralari ko‘rilgan, xususan, Xitoydan qaytarib olib kelingan o‘zbekistonlik talabalar aeroportning o‘zidayoq jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.