Kasallanganlar va vafot etganlar

  • Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, yangi turdagi 2019-nCoV koronavirusi bilan kasallanganlar soni 24 324 kishiga yetgan.
  • Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus bilan infeksiyalanganlar 20 630 (Xitoyda 20 471 kishi) kishini tashkil qilib, 20 dan ortiq mamlakatda 159 holatda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar berdi.
  • 490 kishi virus qurboni bo‘lgani ma’lum qilingan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

5-fevral, chorshanba kuni, shifokorlar kasallikka chalingan yana 3 887 kishini aniqlagan. Qayd qilinishicha, 862 nafar bemor to‘liq davolanib, shifoxonadan qo‘yib yuborilgan bo‘lsa, 3 219 kishi og‘ir ahvolda ekanligi aytilmoqda.

Foto: YouTube

O‘zbekistondagi vaziyat

O‘zbekiston iqtisodiyoti yaqin kelajakda qiyin sharoitlarga duch kelishi mumkin. Bu ma’lumot Fitch Solutions kompaniyasining sharhida keltirilgan. Tahlilchilarning fikricha, 2020-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sishi 5,4 foizgacha pasayadi. Buning sababi tashqi cheklovlar, jumladan, Uxandagi koronavirusning tarqalishi bo‘lib, bu Xitoyning o‘sish istiqbollari uchun, ayniqsa, savdo va importga bo‘lgan talab nuqtayi nazaridan jiddiy xavf tug‘diradi. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston eksportining eng katta ulushi aynan Xitoyga to‘g‘ri keladi.

Foto: “China-uz-friendship.com”

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi Xitoydan 2 va 4-fevral kuni olib kelingan 157 nafar hamda 251 nafar o‘zbekistonlik to‘g‘risida ma’lumot berib, Pekindan qaytganlarda koronavirus aniqlanmaganini ma’lum qildi.

Foto: “RSES.uz”

5-fevral, chorshanba kuni, Xitoyning murakkab epidemik vaziyat hukm surayotgan Uxan shahridan yana 84 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi 84 nafar o‘zbekistonlik orasida 5 nafar Qozog‘iston fuqarosi ham borligini ma’lum qildi“Qozog‘iston tomonining iltimosiga ko‘ra, bugun tunda Xitoyning Uxan shahridan Rossiya va O‘zbekistonning maxsus bortlarida 8 nafar Qozog‘iston fuqarosi evakuatsiya qilindi. Besh nafar fuqaro Toshkent shahrida ikki hafta davomida shifokorlar nazorati ostida bo‘lishadi, qolgan uchalasi Tyumen shahrida bo‘lishadi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonliklar koronavirusdan qanday himoyalanmoqda? Toshkent ko‘chalarida yosh-u qarining niqob taqib yurganini ko‘rish mumkin. “Daryo” fotomuxbiri Madina Nurman o‘zbekistonliklarning koronavirus bilan kurashayotgani aks etgan fotojamlanma tayyorladi.

Foto: “Daryo”

Jahondagi vaziyat

Xitoyda misga nisbatan talabning qisqarib borayotgani sabab dunyo bozoridagi mis narxi oxirgi 13 kun davomida pastlab bormoqda. 4-fevral, seshanba kuni, Brent turidagi neft narxi 13 oy mobaynidagi eng past ko‘rsatkichga tushib, bir barrel narxi Londonning ICE birjasida 54,7 AQSh dollarigacha pasaygani, narx tushishiga esa koronavirus sabab bo‘lgani xabar qilingandi.

Yanszi daryosi yaqinidagi Uxanga olib boruvchi tunnel
Foto: Reuters

Moody’s xalqaro reyting agentligi ekspertlari Xitoy hukumati tomonidan koronavirus tarqalishiga qarshi ko‘rilayotgan keskin choralar spirtli ichimliklar savdosining qisqarishiga olib kelishi mumkinligini ma’lum qildi.  Ekspertlar aholisi ko‘p millionli shaharlarning karantin uchun yopilishi, Xitoyga keladigan sayyohlar va chet davlatlariga boradigan xitoyliklarning kamayishi, aviareyslar bekor qilinishi spirtli mahsulotlarga bo‘lgan talabga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.

Rosselxozbank sohaviy ekspertiza markazi mutaxassislariga ko‘ra, Xitoyda koronavirusning tarqalishi Rossiyada sarimsoqning taqchil bo‘lib qolishiga olib kelishi mumkinMa’lumotlarga ko‘ra, epidemiya tufayli Rossiya savdo tarmoqlari Xitoy mahsulotlarini sotib olishni to‘xtatgan.

Koronavirusning tarqalishi sabab Gonkong va Shanxaydagi ko‘ngilochar bog‘lari ikki oyga yopiladigan The Walt Disney Company 175 million dollar zarar ko‘radi.

Foto: Wikipedia

Koronavirusning tarqalishi fonida KXDR hukumati xorijiy davlatlar diplomatlariga mamlakatga kirish va chiqishni taqiqlab qo‘ydi“O‘zingizga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, mamlakatga kelgan bo‘lsangiz, Pxenyanga kirish punktlaridagi 15 kunlik karantin tugaganidan keyin ruxsat etiladi”, — deyiladi hukumatning rasmiy xabarida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa 2019-nCoV koronavirusi tarqalishi pandemiya, ya’ni dunyo miqyosidagi kuchli epidemiya deb tan oladigan darajaga yetmaganini bildirib, yangi turdagi koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish uchun yaqin uch oyda 61,5 million dollar kerak bo‘lishini ma’lum qildi.

Qozog‘iston moliya vaziri Alixan Smailov mamlakat koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar uchun 3,5 milliard tenge (9,2 million dollar) ajratgani haqida ma’lum qildi. Ajratilgan mablag‘lar Xitoydan Qozog‘iston fuqarolarini evakuatsiya qilish, tibbiy uskunalar, teplovizorlar va boshqa dori-darmonlar sotib olishga yo‘naltiriladi.

Xitoylik virusologlar infeksiya qo‘zg‘atuvchi koronavirusning genlarini o‘rganib, uning 2003-yilda butun dunyoga tarqalgan SARS atipik pnevmoniyasining “yaqin qarindoshi” degan xulosaga keldi. Uxandagi koronavirus DNKsi 17 yil muqaddam 700 dan ortiq odamning halok bo‘lishiga sababchi bo‘lgan og‘ir o‘tkir respirator sindrom —SARS’ning genetik kodi bilan 80 foizga o‘xshashligi ma’lum bo‘ldi. “Koronavirusning avj olishi hayvonlardan odamga yuqadigan viruslar juda xavfli kasalliklar keltirib chiqarishini ko‘rsatib qo‘ydi”, — deydi olimlar.

Foto: “RIA Novosti”

Xitoyda koronovirus tarqalayotgan payt Saudiya Arabistoni va Vyetnamda yuqori patogenli parranda grippining tarqalish holati qayd etildi. Saudiyada kasallikdan 22,7 ming parranda nobud bo‘lgan, Vyetnam shimolida, Xitoy bilan chegara yaqinida joylashgan qishloqda parranda grippidan 2,2 mingta parranda o‘lgan. Avvalroq, Xitoyda, koronavirus epimarkazi yaqinidagi hududda parranda grippi tarqalgani haqida xabar berilgandi.

Janubiy Koreyada epidemiya bilan kurashish bo‘yicha shtab boshlig‘i Chon In Gyonning so‘zlariga ko‘rakoronavirusdan tuzalgan ilk bemorga 5-fevral, chorshanba kuni, uyiga javob berildi. Koronavirus bilan kasallangan ushbu bemor 13 kun deganda tuzaldi.

Avstriyaning Zalsburg shahrida esa koronavirusga chalinganlikda gumonlangan bemor kasalxonadan qochib ketdi. 31 yoshli ayol vrachlar uni tekshirib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizgandan keyin qochib ketgan. Politsiya uni uydan topib, yana kasalxonaga keltirgani aytilmoqda.

Xitoy hukumati mamlakatda tarqalgan koronavirus sabab favqulodda holat e‘lon qilmagan bo‘lsa ham, hukumat Yangi yil ta’tillarini uzaytirgan, ishlab chiqarish korxonalarining aksariyati yopilgan, fuqarolardan ko‘chib yurmaslik va boshqa odamlar bilan muloqotga kirishmaslikni so‘ramoqda. Shaharlarning ko‘chalari huvullab qolgan. Mazkur havola orqali bo‘m-bo‘sh ko‘chalarning suratlari jamlanmasini ko‘rish mumkin.

От qwert.uz