Xitoy — deyarli xavfsiz mamlakat. Oqshom vaqtida ko‘chalar va xiyobonlarda sayr qilib yurgan vaqtingizda tajovuzkor bezorilar yoki qurollangan o‘g‘rilarga duch kelmaysiz. Mamlakat fuqarolari va sayyohlarga kisovurlar va kichik bezorilar guruhlarining hujumi xavf solishi mumkin. Biroq Chin yurti hamma uchun mutlaqo xavfsiz yer deb ishonch bilan aytish qiyin, sababi bolalarning hayoti ko‘pincha xavf ostida qoladi. Xitoyda bola o‘g‘irlash anchadan buyon davlat miqyosidagi katta muammo, yildan yilga ushbu vaziyat og‘irlashib bormoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Foto: Big Picture

Xitoyda bola o‘g‘rilarining “avjiga chiqqanini” bu boradagi statistik ma’lumotlardan ham anglash mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir yil ichida mamlakatda taxminan 20 ming nafar bola yo‘qoladi, bu haftasiga 400 nafar bolaning bedarak ketganini bildiradi. Xitoyda nafaqat chaqaloqlar yoki maktab o‘quvchilari, balki o‘smirlar ham tez-tez o‘g‘irlab ketiladi.

Jinoyatchilar bolalarni berfarzand oilalarga sotish, foxishabozlikka jalb qilish yoki qul sifatida pullash uchun o‘g‘irlaydi. Ba’zida ular o‘z o‘ljasiga aylangan kuchsiz qatlam vakilini nogironga aylantirib, tilanchilik qilib pul topishga majburlaydi. So‘nggi yillarda jinoiy biznesning katta daromad keltiruvchi yangi turi transplantatsiya uchun organlarga ega bo‘lish maqsadida bola o‘g‘irlash jinoyatini sodir etish holatlari ko‘paygan.

Foto: Big Picture

O‘g‘il bolalarning qullar bozoridagi narxi qizlarnikiga nisbatan ikki baravar qimmatroq taxminan 100 ming yuan. Bu ularning ulg‘aygach oilani boqa olish quvvatiga ega bo‘lishi bilan bog‘liq. Xitoyliklar bu kabi vaziyatlar muhim deb hisoblaydi, sababi u yerda faqat davlat xizmatida ishlagan fuqarolargina nafaqa puli oladi.

Kidenpping muammosi Chin yurtida anchadan beri, aniqrog‘i o‘tgan asrning 80-yillaridan beri mavjud. “Bir-oila bir farzand” siyosatining amalga kiritilishi bilan bolalarga bo‘lgan talab ortib ketdi. Bolalar, ayniqsa o‘g‘il farzandlar keskin kamaydi, shu tariqa Xitoydagi shahar va qishloqlarda ularga nisbatan ov e’lon qilindi.

Foto: Big Picture

Bir necha yil ichida ushbu noqonuniy biznes rivojlandi va hatto hozir farzandlar bilan bog‘liq siyosat bekor qilingan bo‘lsa ham to‘xtab qolgani yo‘q. Bu jinoiy guruhlar va yolg‘iz ishlovchi o‘g‘rilari uchun pul topishning eng oson yo‘li. Bola o‘g‘irlash qiyin emas, manfaatdor odamlarga uni pullash ham Xitoyda juda tez amalga oshadigan jarayon. Bolalar himoyasiz, dunyoning eng aholisi ko‘p ulkan davlatida nafaqat bolani balki yoshi katta odamni yo‘qotib qo‘yib topib olish qiyinchilik tug‘diradi.

Jinoyatchilar bola o‘g‘irlashda turli usul va fitnalardan foydalanadi, lekin eng ko‘p ishlatiladigan yo‘l bu ko‘chada bolani ushlash, avtomobilga joylash va voqea joyidan yashirinish. Buvisi yoki bobosi kuzatib turgan bolakay ham ko‘pincha o‘g‘rilar “o‘ljasi”ga aylanadi. Ular munkillab qolgan keksa odamning qo‘lidan nevarasini yulqib olib bolani o‘g‘irlashga urinadi.

Tug‘riqxonada yangi tug‘ilgan chaqaloqlar ham o‘g‘irlab ketiladi, ko‘pincha ushbu jinoyatlarga tibbiyot muassasida ishlaydigan xodimlar sherik bo‘ladi. Esini tanib qolgan bolalarni o‘g‘irlashda, ularni hilvat joylarga olib borib, giyohvand yoki medikament moddalar vositasida hushdan ketkazishadi. Uylarga eshikni buzib xonadondagi eng qimmatli boylik – farzandni o‘g‘irlash holatlari ham tez-tez uchrab turadi.

Bolalarni nafaqat Xitoyda, balki Tayvanda ham o‘g‘irlashadi. Bu kabi jinoyatlar juda ko‘p sodir etiladigan eng yomon hudud mamlakat markaziy qismidagi Xenan viloyati hisoblanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda eng ko‘p bola o‘g‘irlaydigan va ushbu jinoyat oqibatida qo‘lga olinadigan mahalliy aholi vakillari asosan xenanliklar ekan.

Bola o‘g‘rilarini filmlardagi kabi baquvvat erkaklar, niqob taqqan shubhali odamlarni, zamonaviy avtomobillarni tasavvur qilasiz, ammo hayotga aslo unday emas. Xitoy tarixidagi eng ko‘p bola o‘g‘irlagan jinoyatchi Xenanda yashaydigan katta yoshli kampir bo‘lib chiqqan, u yuz nafardan ortiq bolani o‘g‘irlab ketgan.

Ko‘rinishidan beozor, mehribon “buvijon” ko‘cha burchagida o‘ynayotgan bolakaylarga yaqinlashib ularga tarkibida narkotik bo‘lgan shirinlik beradi, hushini yo‘qotgan “o‘lja”ni esa bolani tezda yashira oladigan sheriklariga topshiradi. Uxlab yotgan bolani ko‘tarib olgan buvining asta-sekin harakatlanishi hech kimda shubha uyg‘otmaydi, shuning uchun ham xenanlik kampir bu kabi jinoyatlarni uzoq vaqt davomida ko‘p amalga oshirib, natijadorlikka erishgan.

Afsuski, Xitoyda ota-onalar farzandi yo‘qolganini his qilganlarida, bolalar ulardan ancha olislab ketgan bo‘ladi. Bunday holatlarda tezkor qidiruvni amalga oshirib bolani izlab topish talab qilinadi. Xitoy politsiyasi ham ularni qidirishga shoshmaydi, chunki amaldagi qonunchilikka ko‘ra huquq-tartibot idoralari qidiruvni bola yo‘qolganidan bir sutka vaqt o‘tgachgina boshlashi mumkin.

Jamiyatda bola o‘g‘rilarining nisbatan erkin ishlashiga korrupsiya ham o‘z “hissasi”ni qo‘shadi – o‘g‘rilik bilan shug‘ullanuvchi mafiya vakillari huquq-tartibot va politsiya xodimlari bilan apoq-chapoq, politsiyachilar ham qidiruvlar besamar ketishidan moddiy jihatdan manfaatdor. Odatiy byurokratik ovoragarchiliklar “o‘lja”ni boshqa shaharga olib chiqib ketish yoki o‘g‘rilikni buyurtma qilgan odamga yetkazib berishda jinoyatchilarga ko‘mak beradi.

Foto: Big Picture

O‘g‘rilikka qarshi turli usullar bilan kurashilmoqda. Bolalar bog‘chalari baland to‘siqlar bilan o‘ralmoqda, so‘nggi rusumdagi videokuzatuv moslamalari o‘natilmoqda, xonadon va ko‘p qavatli uylarda “aqlli” qo‘riqlash tizimlari ishga tushirilmoqda, o‘ziga to‘qroq xitoyliklar bolani qo‘riqlash uchun tansoqchi ham yollaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Xitoy fuqarosi uchun bola – nafaqat baxt va shirin tashvishlar, balki uning xavfsizligini ta’minlash borasida hadik va qo‘rquvni paydo qiladi.

Odam o‘g‘rilari faqat Xitoyning muammosi emas. Ko‘plab mamlakatlarda ushbu dahshatli biznesni yuritadigan katta jinoiy guruhlar faoliyat olib boradi.

От qwert.uz