Ikki farzandini urib, jarayonni videoga olgan “toshbag‘ir ota” Chustdan topildi. U o‘zbekistonliklardan kechirim so‘radi

Ijtimoiy tarmoqlarda 10-fevral, dushanba kuni, noma’lum erkakning ikki nafar yosh bolaga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘layotganligi aks etgan video tarqalgan edi. Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, voqea 2019-yil 15-yanvar kuni yuz bergan, bolalarga qo‘l ko‘tarayotgan erkak esa ularning otasi — Namangan viloyati Chust shahrida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan S.P. ekanligi aniqlangan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Videoda ota bolalardan birini qo‘li bilan yuziga urib yerga yiqitgani, ikkinchisini esa burchakka taqab, tinmasdan: “Men senga chiq dedimmi?” deya yuziga shapaloq tushirayotgani aks etgan. Keyin yerga yiqilgan bolaning yuziga ham bir necha marta tarsaki tushirgan. Video davomida ota o‘z bolalarini “itdan tarqagan” deb haqorat qilgan va tinmay so‘kingan.

“Fuqaro S.P. videoni voyaga yetmagan farzandlarini tashlab, Rossiyaga ketib qolgan turmush o‘rtog‘ini qaytarish maqsadida o‘zi olganligi va turmush o‘rtog‘iga yuborganligi, video turmush o‘rtog‘i tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilganligini ma’lum qilgan. Fuqaro S.P. qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, ushbu holat yurtdoshlarimiz orasida shov-shuvga va ularning haqli e’tiroziga sabab bo‘lganligi uchun kechirim so‘ragan”, — deyiladi IIV axborotida.

Qayd etishlaricha, hozirda ushbu holat yuzasidan Chust tumani IIB tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. “Shu o‘rinda, holatga oydinlik kiritishda ko‘maklashgan yurtdoshlarimizga Ichki ishlar vazirligi rahbariyati nomidan minnatdorchilik bildiramiz”, — deya qo‘shimcha qilingan vazirlik axborotida.