O‘zbekiston Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga fuqarolar tomonidan Telegram messenjeri platformasida faoliyat yuritayotgan Unique Finance Nasdaq kanali va NASDAQ UNIQUE FINANCE UZB guruhi faoliyatining qonuniyligi to‘g‘risida ma’lumot berish mavzusida murojaatlar kelib tushmoqda, deb xabar beradi agentlik.

Foto: Kapital bozorini rivojlantirish agentligi

Ta’kidlanishicha, kanal va guruh egalari fuqarolarning mablag‘larini https://unique.finance sayti orqali yirik kompaniyalarning aksiyalariga sarmoya kiritish uchun jalb qiladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Shuningdek, kanal va guruh egalari tomonidan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi logotipidan, foto va video materiallaridan foydalanish hollari ko‘plab uchraydi.

Agentlik tomonidan qayd etilishicha, kanal va guruh egalari tomonidan sarmoya kiritgan fuqarolarga barqaror va yuqori daromad, shuningdek boshqalarni ham sarmoya kiritishga undab, jalb qilgani uchun qo‘shimcha bonuslar va mukofotlar va’da qilinadi. Yangi ishtirokchilarni jalb qilish natijasida olingan daromad miqdori esa aksiyalarga kiritilgan sarmoyadan olinadigan daromad miqdoridan oshib ketishi imkoniyati mavjud.

Agentlik tomonidan keltirilgan misolga ko‘ra, saytga sarmoya kiritgan ishtirokchiga o‘zidan so‘ng yana 3 nafar ishtirokchi jalb qilsa, hamda ularning har biri kirish badali hisoblangan 5000 dollar miqdorida sarmoya kiritsa, 1000 dollar miqdorida mukofot olishi mumkin, hamda o‘zi jalb qilgan ishtirokchilarining daromadidan 5 foiz miqdorida bonus olib turishi va’da qilinadi.

Kanal va guruh a’zolari yangi ishtirokchilarni jalb qilish jarayonida namoyish qiladigan Unique Finance veb-sayti mazmuni asosan kapital bozori sohasidagi ma’lumot va o‘quv materiallaridan, shuningdek sayt tomonidan tashkil qilinadigan onlayn treninglar haqidagi ma’lumotlardan iborat.

Qayd etilishicha, kerakli minimal miqdordagi mablag‘ni (5000 dollarni) kiritib, ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchiga Apple, Yahoo, Microsoft kabi 16 ta kompaniyadan birining aksiyalarini sotib olish imkoniyati, hamda aksiyalar sotib olinganidan so‘ng ular ishtirokida avtomatik tarzda spekulyativ savdolar o‘tkazilishi to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, aslida, ishtirokchi hech qanday aksiya egasiga aylanmaydi, sayt esa fond bozorida mijozning qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalarni amalga oshirmaydi. Ishtirokchiga ko‘rsatiladigan uning hisobidagi aksiyalari, hamda ular ishtirokidagi spekulyativ savdolar esa taqlid (imitatsiya) va yolg‘on ma’lumotlar hisoblanadi.

O‘rganish davomida agentlik tomonidan yuqoridagi sayt, kanal va guruh faoliyatida moliyaviy piramidaning ko‘plab belgilarini aniqladi. Bundan tashqari, sayt bir qator mamlakatlarning nazorat organlari tomonidan moliyaviy piramidalar reyestriga kiritilganligi aniqlandi.

Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va fuqarolarga mulkiy zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida, agentlik yuqorida ko‘rsatilgan manbalardan materiallarni respublika huquqni muhofaza qilish organlariga ko‘rib chiqish uchun yubordi.

Agentlik fuqarolarni yuqoridagi sayt, telegram kanal va guruh faoliyatida moliyaviy piramida belgilari mavjudligi, hamda ularning faoliyati qimmatli qog‘ozlar bozori bilan bog‘liq emasligi haqida ogohlantiradi.

Agentlik, shuningdek, fuqarolarga sarmoya kiritishda ehtiyotkor bo‘lishni va taklif qilingan loyihalarda moliyaviy piramidalarning quyidagi belgilari mavjudligini tekshirishni tavsiya qiladi:

  • bozor darajasidan bir necha baravar yuqori bo‘lgan daromadning va’da qilinishi;
  • daromadning kafolatlanishi (qimmatli qog‘ozlar bozorida taqiqlangan);
  • yangi ishtirokchilar kiritgan pulning qaysidir qismi oldingi ishtirokchilarga daromad tariqasida berilishi;
  • tashkilotning moliyaviy holati to‘g‘risida biron bir ma’lumot yo‘qligi;
  • tashkilot faoliyatining aniq ta’rifi yo‘qligi;
  • kapital bozorida faoliyat olib borish uchun litsenziyaning yo‘qligi yoki Kapital bozori agentligi reyestrlarida tashkilot haqida ma’lumotlarning mavjud emasligi;
  • ommaviy axborot vositalarida, internet tarmoqlarida yuqori daromad keltirish bilan bog‘liq bo‘lgan agressiv reklama qilinishi.

От qwert.uz