Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi maktablarda mardikorlik fanini kiritish haqida taklif bildirildi. Takilfga ko‘ra, maktablarda mardikorlik fanini kiritish kerak. “Har yili maktabni 700 ming o‘quvchi bitirib, ularning deyarli yarmi mardikorchilikka mahkum”, — deyiladi ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan taklifda. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi mazkur taklifga o‘z munosabatini bildirdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Foto: “Daryo”

Vazirlik munosabatida qayd etilishicha, mamlakatda 2018-yilda 11 yillik ta’lim tizimiga qayta o‘tilgandan so‘ng, 2019-yilda maktabni 200 mingdan ziyod o‘quvchi bitirgan. 2020-yilda ham bitiruvchilar soni 200 mingdan ziyod bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, joriy o‘quv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi. Mazkur o‘quv maskanlarida yoshlarning kasb o‘rganishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xalq ta’limi tizimida o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Unda zamonaviy kompetensiyalarni rivojlantirishga katta ahamiyat beriladi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoni bo‘lmagani uchun tovarlarning eksporti qimmatga tushadi. Bu holat inobatga olinib, mamlakatda “1 million milliy dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi amerikalik hamkorlar bilan IT-Nation loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida maktablarda axborot texnologiyalari va informatika fanlari dasturi hamda darsliklari qaytadan yaratiladi.

Bundan tashqari, AQSh va Buyuk Britaniya tashkilotlari bilan English Speaking Nation loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida maktablarda ingliz tilini o‘qitish takomillashtiriladi. Buning natijasida bitiruvchilar o‘z bilimlari yordamida mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishlari uchun imkoniyat yaratiladi.

От qwert.uz