Kompyuter dunyosida xakerlik kasbi juda mashhur. Ma’lumki, xaker – internet saytlari va serverlari qaroqchisi. Xaker o‘zi aslida kuchli kompyuter mutaxassisi bo‘lib, mahoratini turli xil, asosan jinoiy maqsadlarda ishlatadi.

Inglizcha jargondagi hack so‘zi “sindirish, uzib yuborish” degan ma’no anglatadi. Haqiqiy kompyuter o‘g‘rilari va bezorilari aynan shunday ish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda xakerlarning butun boshli xalqaro uyushmalari mavjud. Kuni kecha Andijon viloyati matbuot kotibining yozishmalari tarqab ketishiga ham xakerlar sabab qilindi. Ammo haqiqiy xakerlar bunday mayda ishlar bilan shug‘ullanmaydi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Bundan rosa 25 yil muqaddam xakerlar ichida eng birinchi va taniqlisi, amerikalik Kevin Mitnik hibsga olingan. Shu voqeadan so‘ng ilk xakerning shaxsiyati ochilgan, xakerlik esa trend sohaga aylanib qolgan.

“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov Mitnik haqida hikoya qiladi.

Bolalik qitmirliklari

Kevin Mitnik 1963-yilda Los-Anjelesda tug‘ilgan va bolaligidan boshlab texnik tizimlarni buzish bilan shug‘ullana boshladi. O‘sha paytda hali internet yo‘q edi, shuning uchun ham yosh Kevin, “mayda bezoriliklar” bilan shug‘ullandi.

Kevin Mitnik.
Foto: Wikipedia

Masalan, 12 yoshida avtobus chiptalarini soxtalashtirishning original usulini ixtiro qilib, shahar bo‘ylab bepul sayr qildi. Mitnik yaratgan metall chipli yana bir soxta kartochka esa shahardagi qimmat plyajlarga kirishga imkon berdi. Keyin bu iqtidorli yigit mahalliy McDonald’s Auto shoxobchasidagi ovozli aloqa tizimini boshqarib, gamburger, fri, muzqaymoq va boshqa mazali narsalarni bepul tanovul qilib yurdi.

Jiddiy ishlar

16 yoshida Mitnik maktab kompyuter tarmog‘iga xakerlik hujumini amalga oshirdi. Bu unga maktabdagi baholarini tuzatish imkoniyatini berdi. Keyin u Digital Equipment Corporation tarmog‘iga hujum qilib, u yerda joylashgan dasturiy ta’minotni o‘g‘irladi.

Kevin Mitnik Janubiy Kaliforniya universitetiga o‘qishga kirib, qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. U oddiy kompyuterdan internetning avvalgi avlodi bo‘lgan Arpanet global tarmog‘iga kirdi, Los-Anjeles universitetidagi kompyuter orqali esa AQSh mudofaa vazirligining serverlariga yetib bordi. Bu ish fosh qilindi va yosh kiberjinoyatchi tezda topilib, hibsga olindi. Qilmishlari uchun Kevin Mitnik olti oyga yosh huquqbuzarlar axloq tuzatish markaziga yuborildi va universitetdan haydaldi.

Kondorning parvozi va qulashi

Qamoqdan chiqqanidan keyin Mitnik kompyuter qaroqchilikni o‘rganishni davom ettirdi. Barcha yangiliklardan xabardor bo‘lishga harakat qilib, xususiy dasturlash kurslariga va tarmoq tizimlari haqidagi ma’ruzalarga bordi. Kurslarda u Bonni ismli qiz bilan tanishdi. Qiz unashtirilgan, ammo bo‘lajak kuyov undan nimanidir yashirmoqda deb gumon qildi. Qizning iltimosiga binoan Mitnik kredit agentligining bazasiga kirib, qizning kelajakdagi turmush o‘rtog‘ining barcha mol-mulki muzlatilganini, ko‘chmas mulk va qimmatbaho mashinalari sotilganini aniqladi. Natijada qiz munosabatlarini bekor qildi va Kevin bilan uchrashishni boshladi.

Tanishuvning boshida yoshlar “Kondorning uch kuni” badiiy filmini bir necha bor tomosha qildi. Bu film bir muhandis texnik qobiliyatidan foydalanib, Amerika razvedkasini oyoqqa turg‘azgani haqida edi. Kevin Mitnik film qahramonidan Kondor taxallusini oldi va xakerlar orasida shu nom bilan tanildi.

Kevin Mitnik yana bir xaker – Lenni Di Chikko bilan hamkorlikda ishlay boshladi. Ular birgalikda himoyalangan bank va telefon tarmoqlari terminallariga kirib bordi. Mitnik istalgan bank hisob raqamini telefon tarmog‘ini to‘liq nazorat qilishi, har qanday joriy ulanishga qo‘shilishi, qo‘ng‘iroqlarni soxtalashtirishi va hattoki uskunalarni boshqarishi mumkin edi. O‘sha paytda internet va telefoniya bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, jinoyatchilar undan mohirlik bilan foydalanib, katta pul ishlar edi.

Hammasi yaxshi ketayotgandi, ammo 1987-yilning dekabr oyida Di Chikko kutilmaganda sherigini FQBga topshirdi. Ba’zi ommaviy axborot vositalarida bu voqealarda qandaydir “romantik hikoya” ko‘rildi, ammo aksariyat media bu voqea shunchaki xakerlar o‘g‘irlangan pulni bo‘lisha olmagani ortidan kelib chiqqan degan versiyani ilgari surdi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, Kevin Mitnik yana mahkamaga tashlandi. “Uning xatti-harakatlari shu qadar jiddiyki, biz hali ham yetkazilgan zararni to‘liq tasvirlay olmaymiz”, degan edi hudud prokurori o‘rinbosari sudda. U Mitnik Pentagonning maxfiy kirish kodlarini o‘g‘irlagan holda NORAD tizimiga kirib, atom urushini boshlashi mumkin bo‘lganini da’vo qildi.

Sudya Marianna Pfeltser Mitnikni 12 oyga qotillar va tajovuzkorlar saqlanadigan federal turmaga hukm qildi. Birinchi oylarda unga qamoqxona telefonidan foydalanish taqiqlandi. Bu ehtiyotkor qaror edi.

Kevinga telefondan foydalanishga ruxsat berilishi bilanoq u kichik firibgarliklarni amalga oshira boshladi. Masalan, ma’lum raqamlar ketma-ketligidan foydalanib, kerakli podstantsiyaga ulanib, abonent hisobidan shaharlararo qo‘ng‘iroqlar qilardi.

Klaviaturani mixga ilish

Bonni Kevinga u bilan munosabatlari tugatayotganini aytganida qamoqdan ozod bo‘lishiga bir necha kun qolgan edi. Sevgan qizidan ayrilish Mitnikka kuchli zarba bo‘ldi. U umrbod xakerlikni yig‘ishtirishga va yangi hayot boshlashga qaror qildi.

Avvaliga hammasi yaxshi edi. Mitnik Las-Vegasga jo‘nab ketdi, u yerda fitnes bilan shug‘ullandi, to‘g‘ri ovqatlanishni o‘rgandi va umuman sog‘lom turmush tarzi tarafdori bo‘lib yashadi.

O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas

1992-yilning yanvar oyida Los-Anjelesdan Kevinga otasi qo‘ng‘iroq qildi. Oilada fojia yuz bergan edi. Giyohvand moddalar bilan savdo qiladigan akasi Adamning jasadi uy yoniga tashlab ketilgan mashinada topilgandi.

Kevin Mitnik.
Foto: Wikipedia

Qarindoshlar Adamning oyoq kiyimidagi iplarni boshqa odam bog‘laganini payqadi. Tanasidagi igna izlarining joylashuvi ham shubhali ko‘rinardi. Adam o‘ngaqay bo‘lsa-da, igna uning o‘ng bilagiga sanchilgandi. Biroq politsiya tergov ishlarini olib borishni rad etdi va Kevin ishni o‘z qo‘liga oldi.

U surishtiruvni uzoqdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri Las-Vegasdan turib olib bordi. Mitnik kuchli kompyuter sotib oldi, telefon tarmog‘iga ulanib, akasining barcha do‘stlari va tanishlarining telefonlariga ulandi. Keyin u Los-Anjeles politsiyasining serverini buzib ochib, u yerda giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikdan aziyat chekayotgan odamlar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni yuklab oldi. Shunday qilib, Kevin Mitnik yana xakerlikka qaytdi.

Mitnik yaqin qarindoshlaridan biri Adamning o‘limida ishtirok etganini aniqladi. U tasodifan Adamga haddan tashqari ko‘p dozada ukol qilgan va jiyanining jasadini ko‘chaga tashlab ketgan edi. Bularning barchasi taqdirning yana bir zarbasi edi. Shundan keyin xaker o‘zini boshqara olmay qoldi.

Ko‘p o‘tmay Kevin Mitnik yana PacBell tizimiga xakerlik hujumini amalga oshirdi va bu yana davlat idoralarining g‘azabini keltirdi. Uning joylashgan yeri to‘g‘risida ma’lumot bergan odamga FQB bir million dollarni mukofot va’da qildi. Butun mamlakat bo‘ylab uning fotosurati bosilgan qidiruv varaqalari osildi. Biroq hech kim xakerni topa olmadi.

Kompyuter daholari jangi

Shunday bo‘lsa-da, xaker oxir-oqibat politsiya qo‘liga tushdi. Qiziq jihati shundaki, bu safar uning qo‘lga olinishi Mitnikka raqobatchi bo‘lgan yana bir “kompyuter dahosi” ishtiroki bilan amalga oshirildi. Kevin Mitnik mobil operatorlar stansiyalariga bepul kirish uchun ularning qurilmalarini o‘rganishni boshlagan edi. Avvalo, u Motorola kompaniyasining stansiyalariga qiziqdi. Shu sababli Kevin tarmoq xavfsizligi sohasidagi taniqli yapon mutaxassisi Sutomu Shimomuraning shaxsiy kompyuteriga kiberhujum orqali kirib oldi.

Shimomuraning kompyuteri hujumni payqab qoldi. Yaponiyalik daho unga nisbatan kim xakerlik qilayotganini aniqlashga qaror qildi va u o‘yinini boshladi. U ataylab kompyuter himoyasidagi bo‘shliqlarini yopmadi. Keyingi hujum paytida esa Mitnik internetga kirgan telefon raqamini aniqlab oldi, bu unga hujum amalga oshirilgan joyni aniqlashga imkon berdi. Xaker topildi, u Shimoliy Karolina poytaxti Roli shahrida edi.

Shimomura shaxsan u yerga eng yaqin reys bilan uchib keldi va Mitnikning telefonidagi signalni topish maqsadida ikki kun shahar bo‘ylab qo‘lida uyali skaner bilan yurdi. Ko‘p o‘tmay qat’iyatli yapon hujum qilgan shaxs aeroport yaqinida joylashgan ko‘p qavatli uyda joylashganini bilib oldi. Shundagina Shimomura FQBga qo‘ng‘iroq qildi.

Sutomu Shimomura.
Foto: Wikipedia

1995-yilning 15-fevralida Mitnikning xonasiga qo‘lga olish guruhi kirib keldi va uni hibsga oldi. Mitnikni qo‘lga olish jarayonida xonada FQB agentlari bilan birga Shimomura ham bore di. U o‘zining juda aqlli g‘alabasini nishonlayotgan edi.  Keyinchalik Shimomura “birinchi raqamli xaker”ni qanday ov qilgani haqida butun boshli kitob yozdi. Bir necha yil o‘tgach, uning motivlari asosida Operation Takedown badiiy filmi suratga olindi.

To‘g‘ri yo‘lga qaytish

1996-yilda Kaliforniya markaziy okrug sudi Kevin Mitnikni olti yarim yillik qamoq jazosiga hukm etdi. Sudlanuvchi firibgarlikda, maxfiy ma’lumotlarga ruxsatsiz kirishda, telefon orqali suhbatlar va elektron pochtalarni noqonuniy ushlab olishda, davlat kompyuter tizimlarini buzishda va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topildi.

Kevin Mitnik qamoqdan chiqqanidan so‘ng xakerlik yutuqlari haqida bir nechta kitob yozdi. Keyin u o‘z IT-kompaniyasini tashkil qildi va hozirda kompyuter xavfsizligi bo‘yicha dunyoning eng yirik kompaniyalariga maslahatlar beradi.

От qwert.uz