Italiya rasmiylari mamlakatda yangi turdagi koronavirus bilan kasallanish holatlari keskin ko‘payganlagini ma’lum qildi. 23-fevral oqshomiga kelib Italiya yangi virusni yuqtirib olish bilan bog‘liq 152 ta holat aniqlangan, ulardan uch nafari vafot etgan. 26 bemorning ahvoli og‘ir. Italiya COVID-19 ning Yevropadagi eng katta o‘chog‘iga aylandi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Foto: Meduza

Virus Italiya shimolida, asosan Lombardiya va Veneto ma’muriy viloyatlarida tarqalgan. Shuningdek, Emiliya-Romanya, Latsio va Pyemont viloyatlarida ham kasallanganlar borligi aytilmoqda.

Ko‘plab shaharlarda qat’iy cheklov choralari ko‘rilmoqda, kasallikdan jabrlangan hududlar karantinga yopilmoqda. Maktab va universitetlarda mashg‘ulotlar bekor qilinmoqda, turli jamoat tadbirlari, xususan, sport musobaqalari to‘xtatilgan. Avvalroq futbol bo‘yicha Italiya A Seriyasining bir necha uchrashuvlari qoldirilgani ma’lum bo‘lgan edi. Lombardiyada cherkov va ibodatxonalarda barcha diniy marosimlar to‘xtatilgan.

Modalar haftaligi bo‘lib o‘tadigan Milanda Armani modalar uyi 23-fevralgi namoyishni tomoshabinlarsiz, yopiq eshiklar ortida o‘tkazishini ma’lum qilgan edi. Tadbir modalar uyining sayti orqali translyatsiya qilindi. “La Skala” teatri esa yakshanba kunidan boshlab barcha spektakllar namoyishlari bekor qilinganini e’lon qildi.

Venetsiyada har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan Venetsiya karnavali muddatidan avval tugatildi. Rejalashtirilgan tadbirlar faqat yakshanba kuni o‘tkazildi. Shahardagi boshqa barcha tadbirlar mart oyi boshiga qadar qoldirilgan.

Italiya 2019-yil dekabridan beri COVID-19 koronavirusi epidemiyasiga qarshi kurashayotgan Xitoy bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan. Kasallik tarqala boshlaganidan beri Xitoyda 77 mingdan ortiq odam virusni yuqtirib oldi, salkam 2,6 ming kishi vafot etdi. Xitoydan tashqari Yaponiya va Janubiy Koreya ham koronavirusning yirik o‘choqlariga aylangan.

Yaponiyada 750 dan ortiq odam, asosan Yokogama portida turgan Diamond Princess kruiz layneri yo‘lovchilari kasallangan. Uch nafar yo‘lovchi vafot etgan. Janubiy Koreyada esa so‘nggi bir sutkada kasallanganlar soni 161 kishiga ko‘payib, 763 kishiga yetgan. Shuningdek, Eronda 43 kishi kasallanib, yetti kishi vafot etgan — mamlakat qurbonlar soni bo‘yicha Xitoydan so‘ng ikkinchi bo‘lib qoldi.

От qwert.uz