Toshkentning Yakkasaroy tumani “Yunus Rajabiy” mahallasidagi 20-fevral kuni butun boshli daraxtzor quruvchi tashkilot tomonidan Toshkentning sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov imzolagan, keyinchalik noqonuniy deb topilgan qaror asosida kesib tashlangan edi. Daraxtlarni kesishga joriy etilgan moratoriyga zid o‘laroq sodir etilgan ushbu hodisa jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lib, shahar va mamlakat rahbariyati e’tiborini o‘ziga qaratdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

23-fevralga o‘tar kechasi va butun 23-fevral davomida kesilgan daraxtlar o‘rnida yangi daraxtlarni ekish va sug‘orish tizimini yotqizish bo‘yicha ish olib borildi. Rasmiylar daraxtzor o‘rnida yashil maskan tashkil etilishi, kesilgan 81 ta daraxt o‘rniga 150 ta daraxt — 37 ta kashtan, 39 ta chinor, 37 ta akatsiya va 37 ta pushti daraxtlar o‘tqazilishini ma’lum qildi. Har bir yangi ko‘chatning bo‘yi 3,5-4 metrga yetgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Ushbu voqeadan so‘ng daraxtlarni kesishga ruxsat bergan Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari Abduvosilxon Sattorovga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan, shahar sobiq hokimi Rahmonbek Usmonovning noqonuniy qarori asosida daraxtzor o‘rnida ko‘p qavatli uy qurmoqchi bo‘lgan Building and Supplies kompaniyasi ta’sischisi Abdurahim Qodirovga nisbatan 198-moddaning 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yakkasaroy tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i X.Haydarov va hududiy IIB boshlig‘i X.O‘rinboyev, shuningdek, tuman prokurori N.Allabergenovga hayfsan e’lon qilingan. “Yunus Rajabiy” mahallasi profilaktika inspektori S.Safarov esa egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Prezidentning moratoriy joriy etish haqidagi farmoni talablarini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini tan oldi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

“Biz qonunlarning ijrosini bir xilda ta’minlashda Prezidentimiz va xalqimiz oldidagi ishonchni oqlay olmadik. 2019-yil 30-oktabrda dov-daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilingan, shu munosabat bilan Prezident farmoni qabul qilingan. Shu farmonning joylardagi ijrosini nazorat qilishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ydik. Natijada Yakkasaroy tumani ‘Yunus Rajabiy’ mahallasida 81 ta daraxtning kesilishiga yo‘l qo‘yildi”, — dedi u.

От qwert.uz