Adliya vazirligining fuqaroning o‘z tasviriga bo‘lgan huquqini himoya qilish mexanizmlari qonunchilikda to‘liq aks ettirilmagan, deb hisoblab, Fuqarolik kodeksiga qo‘shimcha kiritishni taklif etmoqda. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Foto: “Daryo”

Taklif etilayotgan qonun loyihasida fuqaroni tasvirga tushirish va undan foydalanishdan oldin qanday holatlarda roziligi olinishi yoki olinmasligi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Xususan, loyihaga ko‘ra umumiy holatlarda fuqaroning tasvirini (foto, video, san’at asari ko‘rinishida) boshqa shaxslar tushirishi va undan foydalanishidan oldin roziligini (yozma, og‘zaki yoki harakat bilan) olishi lozim. Agar bunday rozilik olinmaganda, fuqaro tasvirini o‘chirib tashlashni talab qilish hamda yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyonni fuqarolik sudi orqali undirish huquqiga ega bo‘lishi belgilangan.

Shuningdek, bedarak yo‘qolgan yoki jinoyat sodir etgan shaxsni qidiruvga berishda, davlat chegarasi va qo‘riqlanadigan hududlardan o‘tish va yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etishda, doimiy kuzatuv joylarida (metro, xiyobon, binolar va boshqa) xavfsizlik, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarni manfaatini himoya qilish kabi maqsadlarda tasvirga tushirish va undan foydalanish uchun fuqaroning roziligi talab qilinmasligi nazarda tutilgan.

Ayrim toifadagi shaxslarni, xususan, davlat xizmatchilarini xizmat vazifasi o‘tash paytida davlat va jamoat arboblari hamda ilm-fan, sport, madaniyat va boshqa sohalarda taniqli shaxslarning tasviridan jamiyat uchun qiziqish uyg‘otadigan axborotlarni tarqatish maqsadida foydalanilganda ham egasining roziligi olinmasligi taklif etilgan.

Qayd etilishicha, kiritilayotgan o‘zgarishlar fuqaroning sha’nini kamsitadigan, obro‘siga putur yetkazadigan, shaxsiy hayoti bilan bog‘liq voqealarni o‘z ichiga olgan tasvirlarini tarqatishga asos bo‘lmaydi. Bunday harakatlar taqiqlangan bo‘lib, ular uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Qonun loyihasining muhokamasi 8-martgacha davom etadi. Uning to‘liq matni bilan regulation.gov.uz saytida tanishish va fikr bildirish mumkin.

От qwert.uz