25-fevral, seshanba kuni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 11 ta masala ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Foto: O‘zA

Yig‘ilishda parlament a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Loyiha Qonunchilik palatasi Kengashi va Senatning 2019-yil 14-sentabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning ixcham o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ga asosan tayyorlangan.

Qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan mazkur qonun loyihasi bilan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan umumiy talablarni buzganlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

Majlisda ma’lum qilinishicha, ushbu tartibga rioya qilmagan tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (2 230 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortilishi rejalashtirilyapti. Bu tartibni buzgan to‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslariga esa bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (6 690 000 so‘m) miqdorida jarima solish belgilanmoqda.

Agar to‘y-marosimlarni o‘tkazish tartibini buzib, jarima to‘lagan fuqarolar va yuridik shaxslar bir yil davomida takror belgilangan talablarga rioya qilmasa, ular bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (11 150 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortilishi nazarda tutilyapti.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Yig‘ilish yakunida mazkur qonun loyihasi 3 oydan so‘ng kuchga kirishi ta’kidlandi.

От qwert.uz