O‘zbekistonda nima gap?
O‘zbekiston Harbiy sudida 25-fevral, seshanba kuni, Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Otabek Murodov hamda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning o‘rinbosari Jahongir Egamovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
“Otabek Murodovga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud hukmiga ko‘ra, Ixtiyor Abdullayevga 19 yil, Jahongir Egamovga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi”, — deyiladi Oliy sud axborotida.
Otabek Murodov (arxiv).
Foto: “Daryo”/Madina Nurman
Hukumatdagi rokirovkalar. Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov iqtisodiyot va sanoat vaziri bo‘ldi. Uning o‘rniga moliya vaziri etib Timur Ishmetov tayinlandi. Timur Ishmetovning o‘rniga Omonulla Nasriddinxo‘jayev moliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Jamshid Qo‘chqorov.
Foto: “Daryo”
Jamshid Qo‘chqorov shu kunga qadar iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimida ishlab kelgan Botir Xo‘jayev o‘rniga tayinlangan, Botir Xo‘jayev esa bosh vazir maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. U hukumat rahbariga sanoat va kooperatsiyalar bo‘yicha maslahatchi bo‘ladi. Nodir Otajonov esa bosh vazir maslahatchisi lavozimidan ozod etilib, “O‘zagrotexsanoat” tashkilotidagi rahbarlik lavozimini saqlab qolgan.
O‘zbekistonning Hindistondagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev ayni paytda tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Shu kungacha ushbu lavozimda ishlab kelgan Ilhom Ne’matov vazir o‘rinbosari sifatida lavozimini saqlab qoldi.
O‘zbekistonda 1-martdan boshlab nimalar o‘zgaradi? Qurilish sohasidagi ayrim xodimlarning maoshi oshadi, limonzorlarni barpo etishning yangi tartibi joriy etiladi, yer ajratish haqidagi hujjatlar hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boriladi va ayrim hududlarda kadastr pasportining yangi namunasi joriy etiladi. Xullas, O‘zbekistonda 2020-yil 1-martdan boshlab kuchga kiradigan o‘zgarishlarning eslatmasi.
Foto: “Daryo”
Mart oyida ikkita bayram bor — Xalqaro xotin-qizlar kuni hamda Navro‘z bayrami. Xo‘sh, o‘zbekistonliklar mart oyida necha kun dam oladi? 8-mart kuni o‘zbekistonliklar dam olmaydi, chunki bayram yakshanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda, biroq Navro‘z bayrami arafasida 3 kun ketma-ket dam olish imkoni bor.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-fevral, seshanba kuni, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Shavkat Mirziyoyev eski tibbiyot kollejlari o‘rnida Ibn Sino maktablarini tashkil etishni taklif qildi. “Eskicha uslubda qolib ketgan tibbiyot kollejlari o‘rnida Ibn Sino maktablari tashkil etib, dars va amaliyotni zamon talablari asosida o‘tish zarurligi ta’kidlangan”, — deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 24-fevral, dushanba kuni, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan iqtisodiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
2018-yilda AQSh prezidenti Donald Trampning oilasi va administratsiyaning yuqori martabali vakillari xorijiy davlat rahbarlaridan umumiy qiymati 88 420 dollarlik sovg‘alarni qabul qilib olgan. Xususan, Melaniya Tramp O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan 4200 dollarlik choyshab, shuningdek, Tramp esa 2950 dollarga baholangan “Registon” majmuasining kumush nusxasini sovg‘a tariqasida qabul qilgan. AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Shavkat Mirziyoyevdan 1580 dollarlik yog‘och stol va stullar jamlanmasini qabul qilgan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonning ayrim hududlarida 26-fevral kuni kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. “O‘zgidromet” 26-fevral, chorshanba kuni, kutilayotgan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi. Dushanba, 24-fevral kuni, O‘zbekistonda hafta o‘rtasida qor yog‘ishi mumkinligi xabar qilingandi.
Andijondagi “gaz zapravka”da Nexia portladi. Ma’lum qilinishicha, avtomobil suyultirilgan metan gaz quyish shoxobchasida gaz quyilayotganda portlagan.
Anvar Sanayev — antiqa “zapret”larga tushish bo‘yicha rekordchi: birinchi besh yillik “zapret” amaldorning to‘yi bilan bog‘liq edi, ikkinchi — uch yillik “zapret”ga Yulduz Usmonova sabab bo‘lgan.
Koronavirus sabab O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti — oltinning narxi rekord darajada ko‘tarildi. Oltinning bir unsiyasi narxi 2,74 foizga qimmatlashib, 1689 dollarga yetdi. Bu 2013-yildan buyon eng yuqori natija hisoblanadi. Narx o‘sishiga koronavirusning Xitoydan tashqarida keng tarqalayotgani sabab bo‘ldi.
O‘zbekistonda yana nima yangiliklar? Toshkentda emizikli bolasi bor ayolni urgan ruhiy xasta erkak qo‘lga olindi. DTM IIV xodimlari farzandlariga OTMlar imtihonlarida beriladigan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Samarqand va Jizzaxda quyosh elektr stansiyalari qurilishi bo‘yicha tender e’lon qilindi. O‘zbekiston aeroportlari samolyotlarga xizmat ko‘rsatish stavkalarini pasaytiradi. Toshkent viloyatida soxta kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Xivada 400 dollar pora so‘ragan kadastr xodimi qo‘lga olingan bo‘lsa, Shovotda bandlikka ko‘maklashish markazi direktori pora olayotganida qo‘lga tushdi. Kattaqo‘rg‘onda er bolasini ko‘rsatmagan sobiq turmush o‘rtog‘ini pichoqlab o‘ldirdi. Hokimlarning 90 foizi profilaktik ko‘rikdan o‘tmasligi ma’lum bo‘ldi. To‘y-marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlar qancha jarima to‘lashi ma’lum bo‘ldi.
Jahonda nima yangiliklar?
Milliarder va Berkshire Hathaway bosh direktori Uorren Baffett CNBC telekanaliga bergan intervyusida Apple’ni dunyodagi eng yaxshi biznes deb atadi. “U aql bovar qilmaydigan kompaniya. Men unga avvalroq baho berishim kerak edi”, — degan Uorren Baffett.
Qozog‘istonning Turkiston viloyatida militsiya xodimlari va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasidagi “Qoplonbek” nazorat-o‘tkazish punktida tovlamachilik bilan shug‘ullangan “Sariag‘ashliklar” uyushgan jinoiy guruhini qo‘lga oldi. Jinoiy guruh Qozog‘iston chegarasida O‘zbekistonga o‘tish uchun pul undirish bilan shug‘ullangan.
Foto: “Politsia.kz”
Germaniyada noma’lum kishi avtomobilda karnaval ishtirokchilarining ustiga bostirib kirdi. Bosib borish qasddan amalga oshirilgan, deb hisoblamoqda Gessen federal yeri politsiyasi. Biroq politsiya holatni terakt deb hisoblamayapti.
WikiLeaks asoschisi Julian Assanj London Qirollik sudida 24-fevraldan mahkumni AQShga ekstraditsiya qilish bo‘yicha eshituv boshlangan.
Jahonda yana nima yangiliklar? Kolumbiya parlamenti prezidentni korrupsiyada gumon qilib, unga qarshi tergov boshladi. Tramp AQSh razvedkasi va demokratlarni firibgarlikda aybladi. Misrni 30 yil boshqargan Husni Muborak vafot etdi. AQSh Afg‘oniston prezidentining inauguratsiyasini kechiktirib turishni iltimos qilmoqda. Yaponiyada Yer yuzidagi eng keksa erkak — Titetsu Vatanabe vafot etdi.
Xitoy koronavirusi
Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi mamlakatda o‘tgan bir sutka davomida COVID-19 koronavirusi oqibatida vafot etganlar 71 kishini (ularning aksariyati Xubey provinsiyasidan) tashkil etib, jami vafot etganlar soni 2663 kishiga yetganini ma’lum qildi. Qayd qilinishicha, Xitoyda 24-fevral kuni virusni yuqtirib olish bo‘yicha 508 ta holat aniqlangan, 2589 kishi davolanishga muvaffaq bo‘lgani aytilmoqda.
Foto: Reuters
Bugunga kelib, infeksiyadan jami 27 230 kishi davolanishga muvaffaq bo‘lgan, butun Xitoy bo‘ylab 641 ming odam tekshiruvlardan o‘tkazilgan bo‘lib, kasallikka chalinganlar 77 mingdan ortiq odamni tashkil qilmoqda.
COVID-19 koronavirusi laboratoriyada ishlab chiqarilgan, degan mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Xitoyning Rossiyadagi elchisi Chjan Xanxuey ma’lum qildi. “Men sizga aniq aytamanki, u (COVID-19 koronavirusi) sun’iy emas. Ehtimol, u yovvoyi hayvonlardan tarqalgan SARS virusi (atipik pnevmoniya epidemiyasini keltirib chiqargan virus) kabi virusdir”, — degan elchi jurnalistlarga. Avvalroq Xitoy koronavirus laboratoriyada ishlab chiqarilgan, degan mish-mishlarni rad etgan edi.
Xitoyning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Chjan Xanxuey
Foto: “TASS”
AQSh esa Rossiya tomonidan koronavirus bo‘yicha yolg‘on ma’lumotlar tarqatilayotganini ma’lum qildi. Xitoy tashqi ishlar vaziri vakili Chjao Litszyan mamlakatlar sog‘liqni saqlash sohasidagi umumiy xavfga qarshi kurashish uchun birlashish va hamkorlik qilishi kerakligi haqida bayonot berib, AQShning koronavirus bo‘yicha bayonotiga munosabat bildirgan. Avvalroq AQSh Davlat departamenti Rossiya bilan bog‘liq minglab akkauntlar ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumotlar berib, koronavirus tarqalishi ortida AQSh turgani haqidagi fikrni ilgari surib, AQShning obro‘siga putur yetkazayotgani haqida bayonot bilan chiqqandi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktorining yordamchisi Bryus Eylvard Xitoyda amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar koronavirusga chalinish bo‘yicha holatlar o‘sib borish ko‘rsatkichining kamayishiga xizmat qilib, xalqaro ekspertlar ham taqdim etilgan statistik ma’lumotlarning to‘g‘ri ekanini tasdiqlab berdi.
Yaponiya hukumati jamoat transportlarida koronavirus tarqash holatining oldini olish maqsadida barcha vazirlik va idoralarga imkon qadar xodimlarini uydan ishlashga o‘tkazish va ularning ofisda bo‘lish vaqtini o‘zgartirish vazifasini topshirdi.
Janubiy Koreya kasalliklar profilaktikasi va ularni nazorat qilish markazi mamlakatda yangi turdagi COVID-19 koronavirusi bilan kasallanish bo‘yicha yana 84 ta holat qayd etilgani va bir kishi vafot etgani haqaida ma’lumot tarqatdi. Umumiy hisobda mamlakat bo‘ylab kasallikka chalinganlar soni 977 kishini tashkil etmoqda, jami o‘n kishi vafot etgan.
Ozarbayjon Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat poytaxti Bokuda ikki kishi koronavirus gumoni bilan kasalxonaga yotqizilgani, ularning biri Eron fuqarosi ekanligi haqida xabar berdi.
Foto: The Iran Project
Eronda ham vaziyat og‘ir — mamlakat sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim vaziri o‘rinbosari Iroj Xarirchining koronavirusga topshirgan testi ijobiy natija bergan. “Menda koronavirus aniqlanganini ma’lum qilmoqchiman. Kechadan buyon isitmam chiqayotgan edi, dastlabki tahlil menda virus borligini ko‘rsatdi”, — deya vazir o‘rinbosarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda ILNA agentligi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha Eronda 95 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, ulardan 15 nafari vafot etgan.
Iroqda 24-fevral, dushanba kuni, koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha birinchi holat qayd etildi. Bu haqda mazkur holat qayd etilgan Najaf provinsiyasi sog‘liqni saqlash departamenti xabar bermoqda. Ma’lum qilinishicha, kasallik dinshunoslik bo‘yicha o‘qiyotgan eronlik talabada aniqlangan.
Foto:Reuters
Bahrayn fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi koronavirus tarqalishi sharoitida Dubay xalqaro aeroporti va BAAning Sharja xalqaro aeroportidan keladigan barcha reyslarni 48 soatga to‘xtatib qo‘yganligini ma’lum qildi.
Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Olivye Veran koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlar davolanishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Kanar orollari hukumatining Sog‘liqni saqlash bo‘yicha kengashi Ispaniyada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha yana bir holat qayd etilgani haqida xabar berdi. Avvalroq Fransiyada xitoylik 80 yoshli sayyoh olamdan o‘tgani, Ispaniyada esa ikki kishida koronavirus aniqlanib, keyinroq ikkala bemor ham davolanishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Koronavirus sababli “Inter” Yevropa Ligasi 1/16 finali javob o‘yinini tomoshabinlarsiz o‘tkazadi.
Donald Tramp administratsiyasi koronavirusga qarshi kurash uchun davlat budjetidan 1 milliard dollar olmoqchi, Yevropa ittifoqi esa koronavirusga qarshi kurash uchun 232 million yevro ajratadigan bo‘ldi.
Foto: Reuters
AQShning allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti 2020-yilning aprel oyi oxiriga qadar yangi koronavirus vaksinasi bo‘yicha klinik sinovlarni boshlash niyatida. Bu haqda ushbu institut direktori Entoni Fauchi dushanba kuni nashr etilgan The Wall Street Journal gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Avvalroq Xitoy kompaniyasi koronavirus infeksiyasiga qarshi potensial vaksina sotuvga chiqishini, Xitoy yangi koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlarini aprel oxirida boshlashi mumkinligi xabar qilingandi.