Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 21-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda deputat Jahongir Mamajonov suv xo‘jaligi vaziriga yanvardan boshlab yerosti suvlaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar joriy qilinishi haqida savol bilan murojaat qildi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Jahongir Mamajonov

Kelayotgan yanvar oyidan boshlab yerosti suvlaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar joriy qilinishi haqida turli xabarlar tarqalmoqda.

Haqiqatan ham, bugungi kunda aholi o‘zining shaxsiy tomorqasidan quduq qazib yoki boshqa yo‘l bilan suv chiqargan. Ertaga, 1-yanvar sanasidan bunga to‘lov joriy etiladimi?, — deya savol berdi deputat Jahongir Mamajonov.

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev deputatning savoliga javob berar ekan, avvaldan yerosti suvlari bo‘yicha soliq joriy etilganini eslatib o‘tdi.

Shavkat Hamroyev

Agar yer satxidan kuniga 50 kub metrgacha suv olinayotgan bo‘lsa, bunda soliq undirish nazarda tutilmagan. Katta miqdorda suv olinayotgan bo‘lsa, bu qattiq nazoratda bo‘ladi.

Oddiy aholi foydalanadigan “kachalka” yoki boshqa usulda xonadon isteʼmoli uchun yer ostidan suv olinsa, bunga hech qanday to‘lov olinmaydi. Faqat katta maydonlarni sug‘orish uchun amal qiladi va suv solig‘i sifatida olinadi, — dedi Shavkat Hamroyev.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-yanvardan boshlab suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan yerosti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi (bundan jismoniy shaxslarga shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha bo‘lgan miqdorda yerosti suvlarini olish mustasno).

От qwert.uz