Tarmoqlarda 14-aprel kuni Yerga K-indeksi 4 bo‘lgan sariq darajadagi magnit bo‘roni kelib, geomagnit faollikning cho‘qqisi soat 14:00 da sodir bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Asab va ruhiyat ilmiy-tibbiy markazi direktori, professor Zarifboy Ibodullayevning “Daryo” muxbiriga magnit bo‘ronining inson salomatligiga ta’siri xususida tushuntirish berdi. Uning aytishicha, inson ham biomaydon hisoblanadi va unga magnit maydoni ta’sir qiladi.

Zarifboy Ibodullayev

Yerning magnit maydoni bor. Inson ham biomaydon, tirik organizm, tirik hujayra bor ekanki, uning atrofida magnit maydoni bo‘ladi. Disbalans bo‘lgan vaqtda, magnit maydoni kuchayganida migren, revmatizm, qon bosimi va boshqa kasalliklar kuchayadi.

Bunday holatlarda og‘riq qoldiradigan dori yoki qon bosimini me’yorlashtiradigan dorini ichish tavsiya etiladi, — deydi professor.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ba’zan magnit bo‘roni o‘tib ketmagunga qadar bosh og‘rig‘i ham o‘tib ketmaydi.

O‘zbekiston tibbiy-ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar tabobat akademiyasi raisi, professor Ibrohimjon Asqarov magnit bo‘roni va uning inson organizmiga qay darajada taʼsiri haqida mulohazalarini bildirib o‘tdi.

“Magnit bo‘roni bor narsa, organizmga taʼsir qiladi. Lekin vahima qilmaslik kerak. Magnit bo‘roni haqidagi xabarlarni o‘qigandan keyin odam kasal bo‘lib qoladi. Magnit bo‘roni bo‘lyapti, yuragim o‘ynayapti, deb borib yotib oladi. O‘z vaqtida ovqatlanib, ishda davom etish mumkin.

Shaxsiy fikrim, bu narsa bor, lekin organizmni ozgina ehtiyot qilib turilsa, kifoya. Ortiqcha vahimaga o‘rin yo‘q”, — dedi Ibrohimjon Asqarov.

Oliy toifali shifokor Raʼno Nosirovaga ko‘ra, Yerning magnit maydoni taʼsiri odatda insonlarga sezilmaydi. Biroq baʼzan ushbu maydonda ayrim odamlar his etishi mumkin bo‘lgan tebranishlar kuzatiladi. Buning asosiy sababchisi Quyoshdir.

Yaʼni odatda uning faolligi kuzatilganda sayyorani magnit bo‘ronlari qoplaydi. Bu esa surunkali xastaliklarga chalingan insonlar salomatligiga salbiy taʼsir etishi mumkin. Ayniqsa, yurak-qon tomir, asab tizimi kasalliklari, qandli diabet va bronxial astma bilan og‘riyotgan bemorlar bu o‘zgarishlarni ko‘proq his etadi.

От qwert.uz