Dubay amirligining taxt vorisi Shayx Hamdan ibn Muhammad al-Maktum ov qilish uchun O‘zbekistonga keldi. Bu haqda Telegram’dagi “Tashkent_Land” kanali xabar qildi.
— Manba: «Daryo» nashri.
Qayd etilishicha, valiahd shahzoda Navoiy viloyatida an’anaviy lochin ovida ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, bu shahzodaga an’ana bo‘lib qolgan va u har yili Navoiyga shu maqsadda keladi. Shahzoda Hamdan lochinlar bilan shu hududda tuvaloqlarni ovlaydi. Shayx so‘nggi bor 2021-yilning 6-oktabrida O‘zbekistonga kelgandi.
“Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi”
Navoiy shahridan qariyb 50 kilometr uzoqlikdagi cho‘l hududida 300 gektar yer maydonni egallagan “Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi” (AYTAM) joylashgan. Markaz BAA vitse-prezidenti, Dubay amiri Shayx Muhammad ibn Roshid al-Maktum tashabbusi bilan 2008-yil aprel oyida tashkil etilgan.
AYTAM faoliyatining asosiy maqsadi — O‘zbekistonda Osiyo yo‘rg‘a tuvalog‘ining barqaror populyatsiyasini qo‘llab-quvvatlash, ularni ko‘paytirish, asrash hamda har yili qushlarni yovvoyi tabiiy muhitga qo‘yib yuborish kabi tadbirlar majmuasidan iborat.
Qushlarni yovvoyi tabiatga uchirish mavsumi, asosan, sentabr—oktabr oylari hisoblanadi.
O‘zbekiston Davlat ekologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, BAA shayx va shaxzodalari O‘zbekistonga sport va havaskorlik ov qilish maqsadida kelganida o‘zlari bilan shaxsiy ovga o‘rgatilgan lochinlarini olib kelib, qaytarib olib ketadi. Bunda lochinlar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi konvensiya (SITES)ning ilovalariga kiritilganligi sababli ularni respublika hududiga olib kirish va olib chiqish uchun SITES’ning O‘zbekistondagi ma’muriy organi – Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus import va eksport SITES ruxsatnomalarini olishi talab etiladi.
Ushbu o‘rnatilgan tartib asosida ruxsatnomalarda shayxlarning shaxsiy lochinlarining turi va soni ruxsatnomada ko‘rsatilishi bilan birga ularning belgilari (uzuk, mikrochiplari) ruxsatnomaga ilova qilinadi. Ushbu belgilar orqali O‘zbekiston aeroportlaridan biriga qo‘nganda joylardagi bojxona xizmati va Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari ishtirokida birma-bir tekshirilib ruxsatnomalarga maxsus belgilar qo‘yiladi hamda olib chiqib ketish davrida ham xuddi shunday belgilar bo‘yicha ro‘yxat asosida tekshirib chiqariladi.