Portugaliya Yevropaning eng ko‘zga ko‘ringan, rivojlangan davlatlaridan biri hisoblanadi. Xo‘sh, u yerda yashashga bormoqchi bo‘lgan odam qayerga murojaat qilish kerak? Mamlakatda migrantlar qanday yashaydi? Portugaliyada ish topish, yashash va o‘qish shart-sharoitlari haqida Portugaliyada 18 yildan beri yashayotgan o‘zbekistonlik Gulshoda Chorshanbayeva “Daryo”ga hikoya qilib berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Gulzoda Chorshanbayeva Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Hozir 45 yoshda. Navoiy davlat pedagogika institutining O‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan. 18 yildan buyon oilasi bilan Koimbra shahrida istiqomat qilmoqda.
Foto: “Daryo”
Hayotimizni yaxshilash uchun Portugaliyaga kelganmiz
Asli Navoiydanman. Universitetni tamomlab, Samarqandga turmushga chiqqanman. Turmush o‘rtog‘im bilan ko‘p yillar shu yerda yashadik. Hali yosh edik. Ishlab, hayotimizni yaxshilashimiz, orzu-niyatlarni amalga oshirishimiz kerak edi. Katta orzu niyatlar bilan Portugaliyaga ko‘chib kelishga qaror qildik. Xullas, 2001-yilda sayyohlik vizasi bilan mamalakatga kelganmiz.
Nima uchun Portugaliyani tanlashimizga kelsak, o‘sha yillari Yevropa davlatlari ichida aynan Portugaliya immigrantlarni qabul qilib, legalizatsiya berayotgan edi. Mamlakat qonunlariga ko‘ra agar turustlik viza bilan kelsangiz ham, lekin bu yerda ishga joylasholsangiz davlatda yashash va ishlash huquqini qo‘lga kiritasiz. Albatta, hamma hujjatlaringiz to‘g‘ri bo‘lsa sizga bu imkoniyat beriladi.
Foto: “Daryo”
Birinchi ishimiz til o‘rganish bo‘lgan
Bu yerga kelgach, musofirchilikning ko‘p qiyinchiliklarini boshdan kechirdik. Portugal tilini bilmasdik, tabiiyki, til bilmasangiz yaxshi ish topish qiyin bo‘ladi. Bu yerga kelib birinchi qilgan ishimiz — til o‘rganish bo‘lgan. Hammasini noldan boshlaganmiz. Turmush o‘rtog‘im kelganlaridan to magazin ochgunimizga qadar korxonada ishlagan.
Hamkasblari davlatning shart-sharoitlarga ko‘nikib ketgunimizcha har tomonlama yordam bergan. Portugallar ham vaqtida ko‘p davlatlarda migrant xalq bo‘lgani uchun, bizga o‘xshab chetdan kelganlarni juda yaxshi tushunadi va yordamlashadi.
Foto: “Daryo”
Asli mutaxassisligim filolog. Soham bo‘yicha ishlash uchun Koimbradagi universitetdan diplomni nostrifikatsiya qilish bilan qiziqqanman. Ammo portugal tilidan imtihon qilinishim, buni yaxshi topshirgan taqdirda ham baribir bu yerdagi maktablarda o‘zbek tilidan dars yo‘qligi uchun boshqa joylarda ishladim.
Boshida bolalarni tashlab o‘zimiz kelganimiz uchun ularni juda sog‘inardik. Fikr-u xayolimiz ularda edi.
Korxona rahbariga turmush o‘rtog‘imning mehnatsevarligi ma’qul kelib, farzandlarimizni tezroq bu yerga olib kelishimiz uchun elchixonaga kerakli rasmiy hujjatlarni tayyorlashga yordam bergan.
O‘zbekistonda Portugaliyaning elchixonasi yo‘qligi uchun Moskvadagi elchixonadan viza oldik va 2004-yilda bolalarimiz yonimizga kelishgan.
Portugaliya fuqaroligini olganimiz yo‘q
Birinchi kelgan yillarimiz, turmush o‘rtog‘im korxonadagi ishidan tashqari yana qo‘shimcha ish qilardi. Kechalari 4-5 soat uxlab, yana ishga ketardik. Chunki begona yurtda tezroq o‘z o‘rnimizga ega bo‘lishimiz kerak edi.
Bilaman, buni ko‘p aytishadi. Lekin bilasizmi, inson astoydil bir narsani yurakdan istasa, shuni Allohdan so‘rasa va shunga yarasha harakat qilsa, albatta ushalarkan. Mehnatlarimiz harakatlarimiz o‘z mevasini berib, 2009-yilda va nihoyat o‘z biznesimizni yo‘lga qo‘ydik. Ya’ni kiyim-kechak, moda aksessuarlari sotiladigan “Dinora” nomli shaxsiy do‘konimizni ochdik, Xudoga shukr, hozir hammasi o‘z joyida tushgan. Oilaviy shu yerda ishlaymiz.
Foto: “Daryo”
Portugaliya fuqaroligini olganimiz yo‘q. Bu yerda 5 yil muddatga beriladigan ishlab yashash huquqini beradigan kartamiz (Autorizasáo de residencia) bor. Muddati tugagach, yana besh yilga berishadi.
Mamlakatda O‘zbekiston elchixonasi yo‘qligi bois, Ispaniyadagi O‘zbekiston elchixonasidan ro‘yxatdan o‘tganmiz. Biror bir hujjat kerak bo‘lsa, ularga murojaat qilamiz.
Portugaliya – turizm uchun arzon davlat
Portugaliyada turizm juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu sababdan oxirgi uch yil davomida ketma-ket turistlar uchun eng ko‘p tavsiya qilingan davlat sifatida tan olingan. Tabiati ham juda go‘zal, dengiz plajlari bor. Qisqasi suvni xush ko‘radiganlar uchun ayni ma’qul joy.
Eng yaxshi tomoni bu yerda sayyohlarning aylanib, dam olish xarajatlari Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda anchagina arzon.
Iqlimiga kelsak, qattiq sovuq bo‘lmaydi. Lekin namlik baland, yomg‘ir ko‘p yog‘adi.
Odamlarning turmush tarziga kelsak xalqi mehnatsevar, ko‘ngliochiq, xushmuomala, e’tiborli xalq. Kiyinishda ham ortiqcha bezaklardan xoli oddiy, qulay kiyimlarni ma’qul ko‘rishadi.
Portugaliyada muhojirlar juda ko‘p. Ammo O‘zbekistondan kamroq. Muhojirlarga bo‘lgan munosabat juda yaxshi, kamsitilmaydi. Ularning haq-huquqlari ham mustahkam himoyalangan.
Mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimi ham, aholining ijtimoiy himoyasi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Inson huquqlariga katta ahamiyat beriladi. Davlat ishsizlar yashashi uchun har oy pul berib, ish topishiga ko‘maklashadi.
Foto: “Daryo”
Eng kam maosh – 700 yevro
Portugaliya Yevropaning rivojlangan davlatlari bilan taqqoslasa, oyliklar pastroq, ammo shunga yarasha narx-navo ham unchalik baland emas. Maoshlar odamlarning kasbiga qarab to‘lanadi. Misol uchun, eng kam oylik ish haqi 700 yevrodan boshlanadi va bunga qo‘shimchasiga kunlik ovqat puli ham qo‘shiladi.
700 evro — bu haftasiga 40 soat ishga to‘lanadigan bir oylik haq, agar ishchi bundan ortiq soatlar ishlasa, yana qo‘shimcha haq oladi. Ishchilar yiliga ta’til puli va Rojdestvo bayramida beriladigan “natal” puliga qo‘shib ikki marotaba qo‘shimcha oylik ham oladi.
Biroq oliy ma’lumotlilarning oyligi baland. Masalan, injenerlar, marketing, texnologiya sohasidagilar, tibbiyot sohasidagilar, huquq sohasidagilar eng baland haq oluvchilar hisoblanadi. Egallab turgan lavozimiga qarab 1500 yevrodan to 5000-6000 yevro yoki undan ham ko‘proq maosh olishi mumkin.
Foto: “Daryo”
Portugaliyadagi ta’lim tizimi va o‘qishga kirish haqida
To‘g‘risi, men bu yerda o‘qimadim, ta’lim tizimida ishlamadim. Menimcha, mamlakatdagi o‘qish shart-sharoitlarini farzandlarim mendan-da yaxshiroq bilishadi. Bu savolga ular javob bergani ma’qul deb o‘ylayman.
Foto: “Daryo”
Shirin Chorshanbayeva:
Portugaliyada boshlang‘ich ta’lim va o‘rta maktab xuddi O‘zbekistondagidek. Biroq 9-sinfni tamomlagandan so‘ng, o‘quvchi ma’lum bir kasbni o‘rgatishga yo‘naltirilgan uch yillik professional kurslarni yoki aniq fanlarni chuqur o‘rgatuvchi 10, 11, 12-sinflardan iborat maktab-litseylarni tanlashi kerak bo‘ladi. Maktab-litseylarda to‘rtta gumanitar fanlar, fan va texnologiya, iqtisod hamda san’at bo‘limi bor.
Masalan, siz tibbiyotga kirmoqchi bo‘lsangiz, fan va texnologiyalar bo‘limida o‘qishingiz kerak. Chunki bu bo‘limda kimyo, fizika, biologiya, matematika fanlari chuqur o‘tiladi. 11 hamda 12-sinf yakunida oliy ta’lim boshqarmasidan kelishib, ana shu fanlardan imtihon oladi.
Imtihonlar natijasi sizning oliygohga kirishingiz uchun katta rol o‘ynaydi. Aytmoqchi bo‘lganim, oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun boshqa alohida testlar bo‘lmaydi. Shuning uchun ham o‘quvchi maktabda juda yaxshi o‘qishi kerak.
Foto: “Daryo”
Tibbiyot, aviatsiya muhandisligi va boshqa injenerlik kurslari yuqori ball talab qiladigan kurslar hisoblanadi. Raqobat ham katta bo‘ladi.
Agar yil davomida o‘zlashtirishingiz past bo‘lsa yoki imtihondan o‘tolmasangiz sinfda qolib yana qaytadan deylik, 11-sinfmi yoki 12-sinfmi qayta o‘qishingiz kerak bo‘ladi.
Yana bir qulaylik tomoni shundaki, oliy ta’limga o‘qishga kirish uchun onlayn tarzda ariza berasiz, ya’ni institutga borib topshirish shart emas. Bir vaqtning o‘zida oltita universitetga topshirishingiz mumkin. Agar siz to‘plagan ball birinchiga yetmasa, ikkinchisiga, unga ham yetmasa uchinchisiga o‘tasiz va hokazo.
Javohir Chorshanbayev:
Lekin yana bir gap. Universitetga kirish oson bo‘lgani bilan o‘qish, imtihonlarni topshirish oson emas. Sessiya vaqti butun shahar bo‘ylab barcha kutubxonalar talabalar bilan to‘lib ketadi. Ba’zan kechasi soat 00:00 da ham talabalarni uchratish mumkin.
Bu yerda deyarli barcha bakalavriat huquqshunoslik va xalqaro munosabat yo‘nalishidan tashqari uch yil davom etadi, magistratura esa ikki yil. Bakalavr diplomi bilan ish topish qiyin bo‘lganligi uchun hamma magistraturani o‘qiydi. Biroq singlimning yo‘nalishida, ya’ni stomatologiyada magistraturani o‘qish majburiy, bo‘lmasa diplom bermaydi.
Foto: “Daryo”
Talabalar hayoti haqida
Shirin Chorshanbayeva:
Men o‘qiydigan Koimbra universiteti dunyodagi eng qadimiy yirik, xalqaro talabalar ta’lim oladigan universitet hisoblanadi. Talabalar soni taxminan 25 mingni tashkil qiladi. Universitetning maxsus akademik formasi bor. Bu portugalchada “traje academicoya” deyiladi. Koimbra universiteti talabalari azaldan bayram kunlarida, muhim kechalarda ana shu kostyumda bo‘lishadi. Ustlariga, albatta o‘sha katta plashni ilib olishadi.
Foto: “Daryo”
Formamizning yana bir qiziq tomoni, “Garry Potter” bilan bog‘liq. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, britanyalik yozuvchi Joanna Rovling 1991—1993-yillarda Portugaliyada yashab, ijod qilgan. AOVga bergan intervyusida butun dunyoda mashhur “Garry Potter” asaridagi qahramonlarni yaratishda ana shu akademik kostyumlardan ilhomlanganini aytgan.
Foto: “Daryo”
Portugaliyada o‘qish uchun nima qilish kerak?
Javohir Chorshanbayev:
Agar chetdan kimdir bu yerga o‘qishga topshirmoqchi bo‘lsa, hujjat topshirish onlayn bo‘ladi. Portugaliyadagi DGES’ning Oliy ta’lim boshqarmasining (DGES bu Direçao- do Geral Ensino Superior) saytiga kirib rasmiylashtiradi.
Universitetga kirish shartlari hamma institutda har xil, shuningdek o‘quv to‘lovlari ham. Tibbiyot fakultetida o‘qish to‘lovi chetdan kelganlarga ko‘proq. Qabulda ingliz tilidan alohida hujjat talab qilinmaydi, ammo ingliz tilini bilsa, muloqotga kirishi oson bo‘ladi. O‘qish xarajatlari hamma institutda har xil, buni onlayn so‘rov berib aniqlash mumkin.
Foto: “Daryo”
O‘zbekistonni ko‘p sog‘inamiz, lekin qachon qaytamiz bilmayman
Gulzoda Chorshanbayeva:
Portugaliyada yashayotganimizga 18 yildan oshgan bo‘lsa-da, Vatanga qaytish fikri bizni tark etmagan. Har ikki, uch yilda ta’til payti Samarqandga borib kelamiz. Biroq qachon butunlay qaytamiz, bilmayman. Sababi, bolalar bu yerda o‘qiyapti, ishlayapti. Balki ikki yil, besh yil yoki o‘n yil bilmadim, buni vaqt va sharoit ko‘rsatadi.
Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.