Hindistonning Nyu-Deli shahrida 24-fevral, dushanba kuni, fuqarolik bo‘yicha yangi qonun tufayli sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar soni 17 kishiga yetdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda. Avvalroq 7 kishi halok bo‘lgani, 150 dan ortiq odam jarohatlangani haqida xabar berilgan edi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Reuters

Xabarda aytilishicha, chorshanbaga o‘tar kechasi bosh vazirning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ajit Doval shoshilinch yig‘ilish o‘tkazish uchun Dehli shimoli-sharqidagi politsiya boshlig‘ining idorasiga tashrif buyurgan.

Poytaxt politsiyasi hozircha vaziyatni mustaqil hal qilish uchun yetarli kuchlarga ega ekanligini aytib, shaharga qo‘shin yuborish taklifini rad etgan. Biroq bir qator ommaviy axborot vositalarida agar huquq-tartibot idoralari xodimlari vaziyatni o‘nglay olmasa, harbiylarning poytaxtga kirishi mumkinligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Hindistondagi to‘qnashuvlar 24-fevral, dushanba kuni, fuqarolik bo‘yicha yangi qonun tufayli sodir bo‘lgan edi. Hindiston parlamenti tomonidan fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, Afg‘oniston, Pokiston va Bangladesh kabi qo‘shni mamlakatlardan qochib kelgan musulmon bo‘lmagan shaxslar, agar ular o‘z vatanlarida tahqirlashlarga uchrayotgan bo‘lsa, Hindiston fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin.

Ushbu qonun hindistonlik musulmonlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ularning fikricha, so‘nggi tuzatishlar konstitutsiyaga zid, chunki rasman dunyoviy hisoblangan mamlakatda aholining bir qismi diniy e’tiqodidan kelib chiqib kamsitilmoqda. Hindiston shimoli-sharqiy shtatlari aholisi ham qonunga e’tiroz bildirgan — endi ular Bangladeshdan kelgan millionlab odamlar ularning shtatlarida doimiy qolib ketishidan xavotirda. Bu holat norozilik namoyishi ishtirokchilarining fikricha, mahalliy aholi manfaatlariga zid.

Qonunga kiritilgan tuzatishlardan keyin uning tarafdorlari va qarshilar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda.

От qwert.uz