O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yangi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat Xitoydan boshqa davlatlarda ham jiddiy tus ola boshlagani sababli O‘zbekistonning xorijda bo‘lib turgan yoki chet el davlatlariga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarni yana bir bor ogohlantirdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Entorno Inteligente
“O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va konsullik muassasalari bergan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi kunlarda dunyoning qator davlatlarida COVID-19 koronavirusining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatning og‘irlashgani kuzatilmoqda. Xitoy bilan bir qatorda Koreya, Yaponiya, Eron, Italiya va ba’zi boshqa davlatlarda bemorlar soni ortmoqda.
“Xizmat, turizm va boshqa maqsadlarda xorijga chiqishni rejalashtirayotgan hamyurtlarimiz safardan oldin sog‘liqlari uchun tahdidlarni diqqat bilan o‘ylab ko‘rishlari, mamlakatdagi epidemiologik holatni o‘rganishlari va safar chog‘ida shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishlari, jamoaviy tadbirlarda ishtirok etishdan tiyilishlari, odamlar to‘planadigan joylarda barcha ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari zarur”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda TIV xorijda, jumladan, koronavirus bilan og‘rigan bemorlar aniqlangan davlatlar hududida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga zarur holatlarda O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirus qurbonlari soni 2715 kishiga yetdi. O‘zbekistonda 25-fevralgacha 1225 ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirildi. Ularda kasallik aniqlanmadi.