Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi mamlakatning materik qismida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 78 ming kishidan oshib ketgani, ulardan kamida 29 ming nafari davolanib, kasalxonadan chiqarilganini ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Shanxay temiryo‘l bekatida niqob taqib, yomg‘irpo‘sh kiyib olgan odamlar.

Foto: Reuters

Kasallikni yuqtirib olish bilan bog‘liq 78 064 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan, 29 745 kishiga kasalxonalardan uyiga javob berilgan, vafot etganlarning umumiy soni esa 2715 kishiga yetgan.

Yangi turdagi koronavirus infeksiyasi 2019-yil dekabr oyi oxiridan tarqala boshlangan edi. Kasallik o‘chog‘i Xubey provinsiyasi ma’muriy markazi Uxan shahri hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kasallik bilan bog‘liq vaziyatni xalqaro miqyosdagi favqulodda holat deb tan olgan.

Xitoy hukumati koronavirusga qarshi kurashish uchun 14,36 milliard dollar sarflab yubordiMa’lumotlarga ko‘ra, hukumat kasallikka chalinganlarni davolash, binolar va obyektlarni dezinfeksiya qilish, shuningdek, himoya uchun boshqa zaruriy choralarni moliyalashtirishni faol davom ettirmoqda. Mablag‘lar asosan Xubey provinsiyasiga yo‘naltirilgan.

Gonkong hukumati koronavirus sabab ijtimoiy yordam sifatida har bir fuqarosiga 1,3 ming AQSh dollaridan pul beradi“Uzoq hisob-kitoblardan so‘ng, men Gonkongning 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha aholisi iste’molini rag‘batlantirish va ularning moliyaviy yukini yengillashtirish uchun 10 ming gonkong dollaridan mablag‘ ajratishga qaror qildim”, — deydi Xitoyning maxsus ma’muriy viloyati moliya vaziri.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy dushmanlarning mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatdan foydalanishga urinayotganini ta’kidladi. Ruhoniyga ko‘ra, Eron koronavirus tarqalishi ustidan nazorat o‘rnatishga yaqin turibdi, mamlakatning tashqi dushmanlari esa paytdan foydalanib odamlar orasida vahima ko‘tarishga urinmoqda. Avvalroq Eron sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Iroj Xarirchining koronavirusga topshirgan testi ijobiy natija bergani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha Eronda 95 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, ularning 15 nafari vafot etgan.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy.

Foto: Al-Arabiya

Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Turkish Airlines aviakompaniyasining Tehrondan Istanbulga reys amalga oshirgan samolyotida bir nechta yo‘lovchida koronavirus borligi gumon qilinganligi sabab ular Anqaraga jo‘natilganini ma’lum qildi. Samolyotning 17 nafar yo‘lovchisida koronavirus borligi gumon qilinmoqda, 132 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari ikki hafta davomida karantinga joylashtirilgan.

Ispaniyaning Tenerife orolida joylashgan va ichida taxminan ming kishi bo‘lgan H10 Costa Adeje Palace mehmonxonasi sog‘liqni saqlash xodimlari tomonidan izolyatsiya qilindi. 24-fevral, dushanba kuni, mehmonxonada yashayotgan italiyalikda koronavirus aniqlangan. Ispaniya rasmiylari kasallangan erkak bilan aloqada bo‘lganlarni tekshirmoqda. Avvalroq Ispaniyada uch kishida koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgan edi.

Foto: AP Photo

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte mamlakat shimolida tarqalgan koronavirus infeksiyasiga qarshi amalga oshirilgan chora-tadbirlar yaqin kunlarda o‘z samarasini berishiga ishonishini ma’lum qildi. Apennin yarim orolida 25-fevral holatiga ko‘ra, koronavirusga yo‘liqqan bemorlar soni 280 nafardan oshib ketib, yetti nafar fuqaro vafot etgani qayd qilingan.

Avstriyaning Tirol federal shtatida koronavirus bilan zararlanish bo‘yicha dastlabki ikkita holat qayd etildi. Avstriyaning Insbruk shahrida istiqomat qiluvchi Lombardiyadan kelgan 24 yoshli ikki nafar italiyalik koronavirus bilan kasallangan. Avvalroq Italiya poyezdlarining yo‘lovchilari koronavirusga tekshirilgandan keyingina Avstriya chegarasidan o‘tishga ruxsat berilayotgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi 25-fevral kuni bergan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatga kirib kelgan barcha yo‘lovchilar termometriyadan o‘tkazilgan hamda infeksiyasiga tekshirilgan jami 1225 ta namunada koronavirus aniqlanmagan.

Foto: SSV matbuot xizmati

Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonda koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Turkmanboshi yig‘ilish o‘tkazib, unda mamlakat fuqarolarining sayyohlik, madaniy, sport va boshqa maqsadlar uchun chet elga tashriflarini nazorat qilishni, shuningdek, mamlakatga kiruvchi fuqarolarni tekshirish vazifasini topshirdi. Avvalroq Turkmanistonda koronavirusdan bir kishi vafot etgani, marhum haqidagi ma’lumotlar qat’iy sir saqlanayotgani haqida xabar berilgandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiysi Bryus Eylvord Xitoydan tashqarida avj olayotgan koronavirusning tarqalishiga hech kim tayyor bo‘lmaganini ma’lum qildi. “Virusning yanada keng ko‘lamda tarqalishini nazorat qilishga tayyor bo‘lishingiz kerak va bu tezda amalga oshirilishi lozim”, — deydi Eylvord.

UEFA vitse-prezidenti Mishel Uva futbol bo‘yicha Yevro—2020 musobaqasi koronavirus sabab bekor qilinishi yoki boshqa muddatga ko‘chirilishi mumkinligi haqida o‘z fikrlarini bildirgan. “Hozirda vaziyat qanday tus olishini kuzatyapmiz. Futbol mamlakatdagi vaziyatga mos bo‘lishi kerak. Biz musobaqani to‘xtatmaslikka harakat qilamiz. Biroq vaziyat yomonlashadigan bo‘lsa, musobaqa to‘xtatiladi”, — deydi Uva.

Foto: “Scoopnest.com”

Avvalroq koronavirus sabab “Inter” Yevropa Ligasi 1/16 finali javob o‘yinini tomoshabinlarsiz o‘tkazishi haqida xabar berilgandi.

Jahonning 500 nafar eng boy kishisi 24-fevral, dushanba kuni, 139 milliard dollar yo‘qotdi. Bunga koronavirusning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siri haqidagi yangi xavotirlar tufayli fond bozorlarining pasayishi sabab bo‘lgan.

Foto: EPA

Xalqaro valyuta jamg‘armasining boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva Xitoy koronavirusi dunyo bo‘ylab tarqalishni davom ettirsa, iqtisodiy o‘sish uchun uzoq davom etadigan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ma’lum qildi. “Sog‘liqni saqlash tizimi kam rivojlangan davlatlar uchun xavf-xatarni anglab yetish vaqti keldi”, — dedi jamg‘arma direktori.

Oxford Economics tahliliy markazining ma’lumotlariga ko‘rakoronavirusning tarqalishi jahon YaIMning yo‘qotishlari 2020-yilda 1,1 trillion dollarga yetishi mumkin. Agar koronavirus sabab kelib chiqqan pnevmoniya global pandemiyaga aylansa, taxmin qilingan yo‘qotish miqdori amalda yuz berishi mumkin. Mazkur yo‘qotish jahon YaIMning 1,3 foizga pasayishini anglatadi.

Foto: “RBK”

Forbes koronavirus sababli Xitoyda millionlab o‘rta va kichik kompaniyalar yopilishi mumkinligi haqida taxmin qildi. Qayd etilishicha, mamlakatdagi bizneslar o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda va kompaniyalar jiddiy yo‘qotishlarga duch kelgan. Banklar esa kreditlarni to‘lash muddati va shartlarini istar-istamas qayta ko‘rib chiqmoqda.

От qwert.uz