Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Ruslarga “do‘zax chuquri” nega kerak bo‘lib qoldi?

Yer markaziga olib boruvchi darvoza Rossiyaning Norvegiya bilan chegarasi yaqinidagi Murmansk viloyatida joylashgan. Odam qazigan bu quduq bir boqishda ahamiyatsizdek tuyuladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Mahalliy aholining bildirishicha, quduqqa quloq tutilsa, uning qa’ridan odam faryodi eshitilar ekan. Mahalliy aholi bu quduqni “do‘zaxga yo‘l” deb atab olgan, deb yozadi The Scientific American nashri.

Foto: Wikipedia

Bu quduqning diametri bor-yo‘g‘i 23 santimetr. Unga odam tushib keta olmaydi. Koladagi bu chuqur quduq 20 yil davomida qazilgan. Uning chuqurligi — 12 ming 262 metr. Olimlar uning chuqurligini 14 ming metrga yetkazishni mo‘ljallagan edi. Lekin kutilmaganda ular yuqori darajadagi issiqlikka duch kelib, qazish ishlaridan voz kechdi. 12,2 ming kilometr chuqurlik tubida 2,7 milliard yoshdagi jinslar joylashgan, ularning temperaturasi esa Selsiy bo‘yicha 180 darajaga yetadi. Bu olimlarning taxminidan ikki barobar kuchli bo‘lib chiqdi. Bunday haroratda quvurlar va uskunalar deformatsiyaga uchray boshlaydi. Bu yerda ishlagan olimlarning fikricha, jinslar bu yerda toshdan ko‘ra plastikka o‘xshab qolgan.

1992-yilda bu yerda qazish ishlari butunlay to‘xtatilgan va o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ammo u dunyodagi eng chuqur quduq bo‘lib qolmoqda. Shundan beri quduqlar qazib kelinadi. Qatarda, Saxalinda quduqlar qazildi. Ammo Kola qudug‘i mashhurlik borasida baribir yetakchi.

Bunday chuqurlar nega kerak bo‘lib qoldi?

Buning bir qator sabablari bor. Avvalo, yonuvchi qazilmalar va metallar olish. Yuta shtatidagi Solt Leyk Siti shahri yaqinidagi tog‘larda joylashgan mis koni 100 yil mobaynida 1 200 metrga yetgan; kengligi — 400 metr. Hozirda ishlamaydigan Janubiy Afrikadagi Kimberli olmos konining chuqurligi 215 metr bo‘lib, odam tomonidan o‘yib olingan eng chuqur o‘ralardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ikkinchidan, insonlar bunday chuqurlarni fan tufayli qaziydi. Kichik massali atom zarralari bo‘lmish neytrinoni topish uchun olimlar uskunalarini chuqur yer ostiga joylashtiradi. Neytrinoning zaif signallarini yer ustida aniqlash imkoni yo‘q. Misol uchun, Viskonsin universiteti olimlari Janubiy qutbdagi Neytron rasadxonasida tajribalarini 4 kilometr chuqurlikdagi o‘ta issiq suv tufayli hosil qilingan muz ostida olib borgan.

Koladagi chuqur quduq ham ilm-fan yo‘lida qazilgan. Sovet olimlari sayyoraning yer qobig‘i qanday hosil bo‘lgan kabi savollarga yechim topish istagida bo‘lgan. Albatta, bunda kim ko‘proq yer ostiga kirib borish poygasi ham o‘ziga xos turtki bergan.

1958-yilda amerikaliklar Meksikaning Tinch okeani qirg‘oqlarida Yer mantiyasiga yetib borish uchun quduq qaziy boshlagan edi. Ammo AQSh Kongressi 1966-yilda bu loyihani moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘ygan. Amerikalik olimlar 183 metrli chuqur qaziy olgan xolos.

90-yillarda nemis olimlari ham Bavariyada 9,5 kilometrli chuqur qazigan. Ular seysmik plitalar va 315 darajadagi issiq haroratni aniqlagan. Ularning ishlari ham moliyaviy masala tufayli to‘xtab qolgan.

Yaponiya kompaniyasi tomonidan ham okean tubida qazilgan eng chuqur quduqlardan biri 2010-yili portlash natijasida loyiha barbod bo‘lgan.

Quduq qazish poygasi esa to‘xtagani yo‘q. Kimdir Kola qudug‘idan-da chuqurroq quduq qazishga muvaffaq bo‘larmikan?

Koronavirusni to‘xtatib bo‘lmaydimi?

Covid-19 virusining “muvaffaqiyatli” yurishi davom etmoqda va uni to‘xtatish mumkin emasdek tuyulmoqda, deb yozadi The Science nashri.

Foto: Google Photos

O‘tgan hafta virus Eronda ommaviy tus oldi, qo‘shimchasiga Ummon, Bahrayn va Iroqda ham yuqish holatlari aniqlandi. Italiya shimolida o‘nlab shaharlarda virus tufayli karantin e’lon qilindi. Bir italyan shifokori skandinavlar dam olishni xush ko‘radigan Ispaniyaning Tenerife oroliga virus olib keldi. Avstriya va Xorvatiyada kasallik holatlari aniqlangani haqida xabar tarqaldi. Bu orada virus Janubiy Koreyada avj olib ketdi. Sayohat kemasi karantinga olinganidan so‘ng virus borasida Yaponiya matbuoti xabar bera boshladi.

Ehtimol, virus sezdirmasdan boshqa ko‘p joylarda ham tarqalmoqda. Londondagi Imperiya kolleji modellashtirish guruhining xulosalariga ko‘ra, “Xitoydan eksport qilingan virus”ning uchdan ikki qismi aniqlanmagan.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti pandemiya atamasidan qochib, bu inqirozni dunyoning turli burchaklarida epidemiyaning takrorlanishi deb aytmoqda. Lekin ko‘p olimlar bu qanday atalmasin, virus tarqalishining oldini olish imkoniyati qolmaganini aytmoqda. Oksford universiteti epidemiologi Kristofer Day “virus Xitoydan chiqib ketgani bois uni to‘xtatib qolish borasida pessimist bo‘lib qolayotganligini” ta’kidladi. Nensi Messon “Amerika jamoatchiligi bilan hamkorlik qilishini va vaziyat yomonlashuviga tayyor bo‘lish”ga chaqirdi.

Shu paytga qadar virusni bir hududda ushlab turishga ahamiyat berildi. Xitoyda virusning yoyilishini sekinlashtirish borasida chegaradan o‘tganlar, ular bilan aloqa qilganlar ikki haftagacha karantinda ushlab turildi. Agar SARS — Cov-2 deb nomlangan virus dunyoviy tus olgan ekan sayohat-u safarlarni vaqtincha bekor qilish, maktablarni berkitish, shifoxonalarni tayyorlash millionchi shaharlarni karantinga olishdan-da samaraliroq.

AQSh Xavfsizlik kengashining biologik himoya bo‘yicha eksperti Luchano Boria chegaraviy tadbirlar virusga qarshi kurashishda kam naf berishi, asosiy e’tibor virus oqibatlarini kamaytirishga qaratilishi borasida fikr bildirdi.

Hafta boshida virus bilan kasallanganlar soni 80 ming kishidan oshib ketdi. O‘lim holati 2 705 marta qayd etildi. Buning 97 foizi Xitoyda sodir bo‘ldi. Ayrim mamlakatlar Xitoyga parvozlarni bekor qildi. AQSh keyingi paytda Xitoyga borgan barcha amerikaliklarni karantinga olmoqda. Bir qator mamlakatlar Janubiy Koreya va Eronga nisbatan ham parvozlarni taqiqladi. Ayrim olimlar ushbu choralar ma’lum darajada foyda berganini, aks holda virus yana ko‘plab insonlarga yuqishi mumkinligi haqida ma’lum qildi.

Aksar epidemiologlar sayohatlarni taqiqlash bilan vaqtdan yutib bo‘lmaydi, degan fikrda. Taqiqlar ko‘pincha yoqimsiz oqibatlarga olib keladi. Zarur dori-darmonlarni yetkazib berish va jamoatchilik ishonchiga ziyon keltiradi. Virus tarqalgan mamlakatlar soni ko‘payar ekan, virusni chegarada ushlab turish natijasi kamayib boraveradi. Xitoy iqtisodiyoti Covid-19 sabab ulkan zarar ko‘rdi. Xitoy dori-darmonlardan tortib mobil telefonlargacha mahsulotlarni eksport qiladi. Ishlab chiqarishdagi to‘xtashlar yetkazib berish zanjirini uzib qo‘yadi.

Xitoydagi xalqaro missiya rahbari Bryus Eylvard mahalliy choralar yordam berishiga ishonmoqda. Uning fikricha, Xubeydagi karantin holati Xitoyda kasallanganlar soni 100 mingdan ko‘payishining oldini oldi.

Jorjtaun universiteti sog‘liqni saqlash huquqiy markazi eksperti Lourens Gostin ichki cheklovlar odamiylik nuqtayi nazaridan Xitoyga qimmatga tushdi degan fikrda. U Xubey viloyati aholisining ruhiy salomatligidan xavotirda.

Xitoy strategiyasining ayrim jihatlaridan boshqa mamlakatlar foydalanishi mumkin. Xitoy ko‘rgan choralardan samara berganlari jamoat transportini to‘xtatish, ko‘ngilochar muassasalarni yopish, yig‘inlarni taqiqlash bo‘ldi. Bu virus tarqalishining kamayishiga olib keldi.

Bo‘lg‘usi kasallik bilan bog‘liq voqealarga yaxshiroq tayyorlanish uchun shifoxonalarda oldindan niqoblarni tayyorlab qo‘yish, qo‘shimcha koykalar sonini oshirish, gripp kabi kasalliklarga qarshi vaksinalar miqdorini ko‘paytirib qo‘yish, aholi o‘rtasida qo‘llarni tozalab yuvish, tashqariga chiqmaslik haqida ogohlantirish lozim. Barcha gap tezkor choralar ko‘ra bilishda.

Putin rus iqtisodiyotini boshqarayotganlarni siltab qo‘yishi kerakmi?

O‘tgan oy Putin sust o‘sayotgan Rossiya yalpi ichki mahsulotini tezlatish maqsadida bir necha siyosatchilarni ishdan bo‘shatdi va 1,6  trillion dollarlik iqtisodiyotni boshqarayotganlar safini o‘zgartirdi, deb yozadi The Financial Times nashri.

Foto: Google Photos

Eski yordamchisi, amaldagi o‘rinbosari Medvedev bosh vazirlikdan ketdi, moliya vaziri esa qo‘shimcha bosh vazir o‘rinbosari mansabidan mahrum bo‘ldi.

Qat’iyatli byurokrat, yaqindagina mamlakat soliq tizimini isloh qilgan shaxs bosh vazirlik lavozimiga tayinlandi. Bundan tashqari, davlat xarajatlarini ko‘paytirishga moyil ikki yordamchi tayinlandi.

Kadrlar o‘zgarishi ortidan, koronavirus ta’sir qilgan bo‘lsa-da, mamlakatning fond bozori o‘sdi. Ammo vazirlar va maslahatchilar Kreml iqtisodiy hokimiyatining yagona pishanglari emas. Davlatning eng yirik kompaniyalariga rahbarlik qilayotgan, qulay o‘rnashib olgan elitani kuchliroq siltab qo‘yish samarali signal bo‘lishi mumkin.

Markaziy bank va to‘rt davlat fondi orqali Rossiya hukumati mamlakat kompaniyalarining beshtadan to‘rttasini — o‘nlab ish beruvchi, sarmoyador va kreditorlarni nazorat qiladi. Rossiyada yashab, iqtisodiyotning asosiy sohalariga xo‘jayinlik qiladigan davlat gigantlarining kreditori yoki mijozi bo‘lmaslikning iloji yo‘q.

Bu ulkan korporativ gigantlarni boshqaradigan shaxs vazirliklarning koridorlarida yuradiganlardan ko‘ra Kremlga yaqinroqdir.

Ulkan mablag‘ga ega bu kompaniyalarni boshqarayotganlarning rahbarlik muddatini hattoki vazirlar bilan emas, Rim Papalari bilan qiyos qilish mumkin.

Aleksey Miller — “Gazprom” direktori. 19 yildan beri shu mansabda. 58 yoshli Miller bu mansabga Putin prezident bo‘lgach bir yil o‘tib tayinlangan. Uning ishdan bo‘shatilishi haqida mish-mishlar yuradi, ammo u hamon rahbarlik kursisida.

Igor Sechin 2012-yildan beri “Rosneft” rahbari. Bu kompaniya neft xomashyosini ishlab chiqarish borasida dunyoda Saudi Aramco’dan keyin ikkinchi o‘rinda.

Vitaliy Savelyev 2009-yildan beri “Aeroflot” kompaniyasi tizginlarini saqlab kelmoqda.

Eng yirik Rossiya banklari “Sberbank”, VTB rahbariyati 31 yildan beri o‘zgargani yo‘q. German Gref “Sberbank”ni 13 yil, Andrey Kostin VTBni 2002-yildan buyon boshqarib kelmoqda.

Tabiiyki, bu shaxslarning barchasi bir umumiy xususiyat — Kremlning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi birlashtiradi. Shuning uchun ham ularning almashtirilishi faqatgina janob Putinga bog‘liq.

Putin barqaror o‘sishni ta’minlash niyatida ekan, bu davlat gigantlari rahbariyatini o‘zgartirishga intilishi katta ogohlantirish bo‘ladi.

Bu kompaniyalarning aksari fond bozori ro‘yxatidan o‘tgan va xususiy sarmoyadorlar e’tirof etganidek, strategik o‘zgarishlardan ko‘ra bozorlarga foydaliroq erishish daromadi afzalroq ekanini so‘zsiz tan oladi.

Guruhlar ortida qudratli iqtisodiy kuchlar turadi. “Sberbank” — mamlakatning eng yirik chakana savdo banki, VTB eng yirik korporativ moliya beruvchi — bu kapital taqsimotida ulkan vazifani bajaradi. O‘tgan yili “Rosneft” va “Gazprom”ning birgalikdagi kapital xarajatlari 37 milliard dollarni tashkil qildi. Bu esa budjet xarajatlarining yettidan bir qismidir. Kadrlarni o‘zgartirish, ayniqsa kompaniyaning yuqori bosqichlarida kamdan kam holatdagina yangi strategiyalarni olib kelavermaydi. Boshqa tarafdan, eski rahbarlar aksar holatlarda konservatizm, qotib qolish va turg‘unlik qopqoniga tushib qoladi. Ustiga ustak, ko‘pincha ularning atrofida foydasiz, rahbarni madhlovchi maslahatchilar ham paydo bo‘lishiga olib keladi.

Nikolay Tokarev davlatga qarashli monopoliya — “Transneft”ni 2007-yildan beri boshqarib kelmoqda. 18 milliardlik kompaniyani, uning qiymati 2016-yildan beri 18 foizga pasayib ketgan bo‘lsa-da, boshqarib kelmoqda. O‘tgan yilda Yevropaga sotilgan ifloz neft ortidan kelib chiqqan nizo sababli ham u ishdan olinmadi.

Yanvardagi “tozalov” davrida ham Putin “an’anaviy” kuch ishlatar tizimlar — Mudofaa, Tashqi va Ichki ishlar vazirliklarida ham o‘zgarishlar qilmadi. Ularning rahbariyati birga qo‘shilganda 32 yildan beri vazirliklarni boshqarib kelmoqda.

Bu sohalarda o‘zgarish qilmay turib hukumatni to‘liq silkitish, mamlakatni yangi yo‘lga solish mumkin emas. Vazirlarni almashtirish boshqa narsa, ammo gigant kompaniyalarning rahbariyatini o‘zgartirish mamlakatni turg‘unlikdan chiqarishi mumkin.

Idlibda urush tarafdori bo‘lgan Sergey Lavrov

Erdo‘g‘on e’lon qilgan muddat tugashiga uch kun ham qolmadi. Asosiy jangga yaqin qoldi, deb yozadi The Rai Al Youm nashri.

Foto: Google Photos

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriya armiyasining Idlib viloyatidan olib chiqib ketilishi uchun bergan muddat tugab bormoqda. Aftidan, Bashar Asadning qurolli kuchlari bu po‘pisa va Turkiya harbiy kuchlarining safarbar qilinganiga yetarlicha e’tibor bermayotganidan darak. Boz ustiga, ular Idlib taraf ilgarilab borishda davom etmoqda.

Shu kungacha Rossiya va Turkiya o‘rtasida Moskva va Anqarada besh marotaba uchrashuv bo‘lib o‘tdi, ko‘rinib turibdiki, tomonlar harbiy to‘qnashuvning oldini olish borasida biror kelishuvga erisha olmadi. Buning ustiga, Erdo‘g‘on 5-mart kuni Istanbulda Fransiya, Germaniya ishtirokida o‘tkaziladigan uchrashuvga Putinning roziligini ololgani yo‘q. Kreml matbuot kotibi Peskovning aytishicha, Putin barcha qurolli terrorchi guruhlarning “qurolsizlantirilishini” talab qilmoqda.

Sobiq Suriya generali Ahmad Rihalning ta’kidlashicha, Moskvadagi muzokaralarda Turkiya kamsitilgan va g‘azablantirilgan. General tafsilotlarga to‘xtalmagan bo‘lsa-da, rus tarafi 2018-yilda Sochi bitimi doirasida imzolangan shartnomalarga Turkiya amal qilmayotganini tanqid qilgan. Bitimga muvofiq, Turkiya muxolifotchilarni terrorchilardan ajratishi kerak edi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Jenevada BMTning inson huquqlari kengashidagi chiqishida diplomatik ohangda gapirmadi. U Moskvaning Idlibda Suriya armiyasini qo‘llamaslik taklifini rad etdi, uning fikricha, bunday harakatlar inson huquqlariga zid hamda terrorchilarga mag‘lublikdir. Turkiyaga yon berishni istamasdan, bu qadar agressiv chiqish qilishdan maqsad nima bo‘lishi mumkin? Erdo‘g‘on oldida ikki yo‘l bor:

— turk armiyasiga Idlibga hujum qilib, “Hay’at Tahrir ash-Shom” terrorchi tashkiloti boshchiligidagi guruhlarni yo‘q qilish. Shunda Sochi bitimlarini bajargan bo‘ladi;

— Suriya armiyasiga hujum qilish va bu bilan Idlib atrofidagi 18 tadan kam bo‘lmagan turk nazorat punktlaridagi askarlar hayotini xavf ostida qoldirish. Bu esa jamoatchilikda Suriya va Liviyadagi jang maydonlarida turk askarlarining halok bo‘lishi ortidan norozilik kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Erdo‘g‘on sobiq prezident, do‘sti Abdulloh Gulning maslahatiga quloq ham solib o‘tirmasa kerak. Abdulloh Gul nazarida, siyosiy Islom mag‘lubiyatga uchradi, Turkiya esa Suriya nizosiga aralashmagani ma’qul. Lekin Erdo‘g‘on to‘qnashuv tarafdori ko‘rinadi.

Rossiya Suriyada yuzlab askar va milliardlab dollarlaridan mahrum bo‘ldi. Kreml Suriyada qo‘lga kiritgan g‘alabalaridan osonlikcha voz kechmasligi aniq. Voqealar qanday rivojlanadi, kuzatamiz.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

От qwert.uz